1

Talaba qiz yangi quvvatlantiruvchi uskuna ixtiro qildi

Jamiyat 13.02.2018, 09:59
Talaba qiz yangi quvvatlantiruvchi uskuna ixtiro qildi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali Telekommunikasiya texnologiyalari yo`nalishi talabasi Ulbosin Saparova kichik kuchlanishli qurilmalar uchun quvvatlantiruvchi uskuna ixtiro qildi.

Mazkur uskuna (blok pitaniya) elektr toki manbaidan kelib turgan 220 voltli kuchlanishni 0 voltdan 12 voltgacha o`zgarmas kuchlanishga aylantirib beradi. Xorijiy davlatlardan keltirilgan amaliy texnologik laboratoriyalar kichik kuchlanishni talab qiladigan bo`lsa, ushbu qurilmadan foydalanish mumkin. U birgalashib bitta vazifani bajaradigan transformator, o`zgaruvchan rezistor, diod, plata, kondensator, TT-905 markali tranzistorlardan iborat.

Oddiy qilib aytganda, qurilma qo`l telefoni batareyasini quvvatlantirib beruvchi “toshbaqa” deb nomlanadigan uskunaga o`xshab ketadi. Lekin Ulbosin yaratgan qurilmada quvvatlanish darajasini qo`l bilan belgilab olish imkoniyati mavjud va uskuna yordamida soat yoki pult uchun maxsus batareyalarni ham quvvatlantirsa bo`ladi. Sababi, bu kabi kichik batareyalar kam kuchlanishda (1,5 - 2 volt) quvvatlanadi. Qurilmaning yana bir qulay tomoni u orqali berilgan kuchlanish o`zgarmas, ya`ni tok kuchayib-kamayib turgan bo`lsa ham kuchlanish belgilab olingan darajadan o`zgarmaydi.

3.jpg

– Yoshligimdan texnikaga qiziqqanim sababli, buzilib qolsa tuzatishga harakat qilardim, ichidagi qurilmalar qanday joylashganiga alohida e`tibor berardim, – deydi U.Saparova. – Ayniqsa, soch quritadigan fenning motoridan foydalanib, vertolyotga o`xshash uchish moslamasi yaratganman. Bu qiziqish TATUning Nukus filialiga o`qishga kirishimga sabab bo`ldi. Tadqiqotlarni davom ettiraman. Rejalarim ko`p. Ixtirolarim odamlarga xizmat qilsa, bu men uchun katta baxt.

Ulbosin Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya sohibi, bir necha xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar ishtirokchisi, yosh olima.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1