1

Dushanbeda O`zbekiston mahsulotlarining navbatdagi ko`rgazma-savdosi tashkil etiladi

Iqtisodiyot 13.02.2018, 15:03
Dushanbeda O`zbekiston mahsulotlarining navbatdagi ko`rgazma-savdosi tashkil etiladi

Tojikiston O`zbekistonga o`zining eksport mahsulotlari kiritilgan ro`yxatni taklif qildi. Undan asosan xom ashyo tovarlari joy olgan. Bu haqida “news.tj” axborot manbasi xabar berdi.

“Ayni paytda ikki davlat vakillaridan iborat ishchi guruh sanoat hamkorligi bo`yicha ish olib borayapti. Mazkur ishlar doirasida hamkorlarimizga o`zimizning eksportga yo`naltirilgan sanoat mahsulotlari ro`yxatini tayyorladik va taklif etdik”, — deydi ushbu davlat sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Shavkat Bobozoda.

Uning so`zlariga qaraganda, undan birlamchi alyuminiy, ruda, paxta tolasi, elektr energiyasi, sement, qayta ishlanmagan teri, pilla, ipak, turli matolar, meva hamda quruq mevalar, ichimliklar, gilamlar va boshqalar joy olgan.

Vazirning aytishicha, o`tgan yilda tojik mahsulotlarining O`zbekistonga eksporti o`zbek mahsulotlarining Tojikistonga importi bilan deyarli teng miqdorda bo`lgan.

Rasmiy statistik ma`lumotlarga ko`ra, 2017 yilda ikki davlat o`rtasidagi tovar aylanmasi 82 foiz o`sib, 126 million AQSh dollariga etgan.

Shundan 69 million dollari O`zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ushbu davlatga eksporti, 57 million dollari Tojikistonda tayyorlangan mahsulotlarning mamlakatimizga eksporti hissasiga to`g`ri kelgan.

Ma`lumot uchun, joriy yil mart oyida Dushanbe shahrida O`zbekiston mahsulotlarining navbatdagi ko`rgazma-savdosi tashkil etiladi.

Eslatib o`tamiz, “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi birinchi yarmarka o`tgan yil aprel oyida Tojikiston poytaxtida o`tkazilgan edi. O`shanda to`rt kun davom etgan tadbirda yurtimizda faoliyat yuritadigan 160dan ortiq kompaniya 1,5 ming turdan ziyod mahsulotlari bilan ishtirok etgan va yakunda umumiy qiymati 35 million dollardan ziyod yigirmaga yaqin shartnoma imzolangan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1