AsosiyJamiyat

Samarqandda 12,2 kilometrlik tramvay yo`li qurib bitkazildi

'Samarqandda 12,2 kilometrlik tramvay yo`li qurib bitkazildi'ning rasmi

Samarqand shahrida umumiy uzunligi 34,8 kilometrni tashkil etuvchi tramvay yo`llari qurilishining birinchi bosqich ikkinchi yo`nalishi ham nihoyasiga etkazildi. Bu haqda “Xalq so`zi” yozmoqda.

O`tgan yilning 15 aprel kuni uzunligi 7,2 kilometrdan iborat birinchi bosqichning ilk yo`nalishi Temir yo`l vokzali — Sattepa oralig`idagi liniya ishga tushgan edi. Kuni kecha birinchi bosqichning ikkinchi yo`nalishi bo`lgan Temir yo`l vokzali — Siyob bozori oralig`idagi uzunligi 5 kilometrdan iborat tramvay liniyasida ham qurilish ishlari yakunlandi.

Yangi yo`nalish 18 ta bekatdan iborat bo`lib, unda 8 ta tramvay aniq jadval asosida tonggi soat 06:00 dan tungi 23:00 ga qadar harakatlanishi rejalashtirilgan. Qatnov oralig`i 7 daqiqani tashkil etadi.

Ma`lumot o`rnida aytish mumkinki, Samarqandda 1948–1973 yillarda tramvay qatnovi mavjud bo`lgan. Eski tramvaylar qatnovi atigi bitta yo`nalishdan iborat bo`lib, aynan Temir yo`l vokzali — Siyob bozori bekati bo`ylab yo`lovchilarga xizmat ko`rsatgan.

Keyingi yillarda shaharning Rudakiy va Beruniy ko`chalarida rekonstruktsiya ishlari olib borilishi natijasida yo`llar sezilarli darajada kengaytirildi va tramvay harakatlanishi uchun sharoit yaratildi. Endilikda ushbu qurilgan tramvay liniyasi aholi zich joylashgan massivlarni birlashtirib, ularning transportga bo`lgan ehtiyojini qondiradi.

Tramvaylarga uzluksiz elektr energiyasi etkazib berish maqsadida loyiha doirasida 6 ta maxsus elektr tortish stansiyalari qurildi. Harakat xavfsizligini ta`minlash uchun yo`nalish bo`ylab lozim bo`lgan yo`l belgilari va svetoforlar talab doirasida o`rnatildi. Rudakiy hamda Gagarin ko`chalari kesishmasida tramvaylarga texnik xizmat ko`rsatish deposi ham bunyod etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar