AsosiyHidoyat sari

“Jannat rayhonlari”ni pulga sotganlar

'“Jannat rayhonlari”ni pulga sotganlar'ning rasmi

“Darhaqiqat, sizlar (farzandlar) jannat rayhonlarisiz”

(Umar ibn Abdulaziz rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Aqro` ibn Horis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko`rib qoldi. U zot (nevarasi) Hasan yoki Husaynni o`payotgan edilar. Aqro` “Mening o`n nafar farzandim bor ulardan birortasini o`pmaganman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim rahm qilmasa, rahm qilinmaydi”, dedilar”.

Alloh taolo ato etgan ne`matlarning ichida biri borki, u bo`lmasa, insonning, xossatan, bolajon o`zbek xalqining uyida quvonch bo`lmaydi. U – farzand ne`matidir. Ana shu ne`mat xalq ifodasida “Bolali uy bozor – bolasiz uy mozor”, deb ta`riflanadi.

Biroq Alloh taolo ushbu ne`matni hammaga ham ato qilavermaydi. Ba`zilarni ko`p yillar kutdirib ko`z yoshlarini qonga aylantirib, ana undan keyin beradi. Ba`zilarni esa butkul “tirnoq”qa zor qilib qo`yadi. Boshqalari esa shunday buyuk ne`matning qadriga etmaydi.

Kuni kecha daryo.uz saytida uch nafar ayol 20 kunlik chaqaloqni sotmoqchi bo`layotganda qo`lga olingani haqida xabar berildi. Undan bir oz oldin turli saytlarda yangi tug`ilgan chaqalog`ini sotmoqchi bo`lgan ota-ona qamalgani, 24 yoshli ona 4 yoshli, 23 yoshli ona 3 yoshli qizchasini, yana bir eri tashlab ketgan 30 yoshli ayol bir necha oylik chaqalog`ini “boqa olmayman” deb sotmoqchi bo`lgani va 16 yoshli o`zi hali go`dak bo`lgan ona ham o`z farzandini sotishga uringan vaqtda qo`lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Aslida odam savdosi hamma zamonlarda eng o`tkir muammolardan biri bo`lib kelgan. Biroq bu illat bizning o`zi emay bolasiga edirgan, o`zi kiymay bolasiga kiydirgan bolajon xalqimizda hech qachon bo`lmagan. Aksincha, xalqimiz og`ir davrlarda ham boshqa millatlarning 400 mingdan ortiq farzandini bag`riga olib, mehrini berib katta qilgan. Hozir esa ba`zilarga o`zi dunyoga keltirgan farzandi ham ortiqchalik qilayotganga o`xshaydi. Nima xalqimiz o`sha vaqtlarda Alloh taoloning “Roziq” – “Rizq beruvchi” sifatiga ishongan-u, biz moddiyatga shu qadar berilib ketganimizdan ishonmay qo`ydikmi?

Alloh taolo An`om surasining 151-oyatida: “Keling, Rabbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beraman: “Unga hech narsani shirk keltirmang! Ota-onangizga yaxshilik qiling. Ochlikdan qo`rqib, bolalaringizni o`ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz... Fahsh – buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmang... “Ushbularni sizga amr qildikki, shoyad aql yuritsangiz”, – deb ayt”, deya marhamat qiladi.

Darhaqiqat, johiliyat davrida odamlar farzandlarini “boqa olmayman” deb o`ldirib yuborar edi. Endi esa ma`rifat-madaniyat cho`qqisiga chiqqan davrga kelib o`sha bahona bilan sotishga o`tib olishdimi?! Axir Alloh taolo “ularni ham rizqini O`zimiz beramiz” demoqda-ku! Bu hodisalar odamlarimizning asl milliyligidan naqadar uzoqlashgani va ularning diniy savodi ustida hali ko`p mehnat qilishimiz kerakligidan dalolat beradi.

Buning yana bir sababi esa o`ylamasdan zinoga qo`l urib, homilador bo`lib qolishdir. So`ng ular bu sharmandalikni berkitish uchun farzandini yo ko`chaga tashlab ketish yoki sotib yuborib, undan qutulishgacha etib boradi. Alloh taolo yuqoridagi oyatda “Fahsh – buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmang”, deb ularning yomon oqibatidan ogohlantirmoqda.

Nomusini boy bergan ayolning jamiyatda hech qanday qadr qiymati qolmagani kabi farzandini sotgan ayolning ham bag`rida bir o`pirilish bo`ladi va uni u keyin yuzta erga tegib chiqsa ham, mingta bola tug`sa ham to`ldira olmaydi – bag`ri bo`m-bo`sh bo`lib turaveradi.

Fiqhiy kitoblarning “Savdo-sotiq” bobida shunday masala keladi: “Hur – ozod insonni sotish qat`iyan mumkin emas. Chunki inson sotiladigan narsa emas. Ozod insonning ustidan egalik qilishga hech kimning haqqi yo`q. Zero, Alloh taolo Isro surasining 70-oyatida: “Batahqiq, Biz bani odamni azizu mukarram qilib qo`ydik”, deb marhamat qiladi. Biror kishi shunday savdo qilsa ham, uning savdosi botil bo`ladi”, deb aytiladi.

Islom dini hur odamning savdosini biror holatni mustasno qilmasdan mutlaqo harom qilgan. Zero, Alloh taolo azizu mukarram qilib qo`ygan insonni xor qilishga hech kimning haqqi yo`q. Bu ishlar esa gunohi azimdir. Har bir ish uchun ertaga javob beriladi. U kunda esa “Kim rahm qilmagan bo`lsa, rahm qilinmaydi”. Alloh taolodan ularga tavfiq berishini so`raymiz.

O`MI matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar