Prezident Shavkat Mirziyoev Buxoro shahrining tarixiy qismida turizm sohasini yanada rivojlantirish konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Buxoro qadimiy obidalari, asrlar osha davom etib kelayotgan milliy hunarmandlik an`analari bilan ulkan turistik salohiyatga ega. Davlatimiz rahbari viloyatga o`tgan yilgi tashrifi chog`ida bu salohiyatdan to`la foydalanish, shaharning tarixiy qismida hunarmandlar mavzesi qurish, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalarini qayta ta`mirlash kabi qator masalalarni belgilab bergan edi.
Ushbu ko`rsatmalar asosida Poyi Kalon va Mir Arab madrasalari ta`mirdan chiqarildi. Haqiqat ko`chasida birinchi qavatida do`kon va ustaxonalar bo`lgan, ikkinchi qavatida hunarmandlar oilasi yashaydigan uylar qurilib, atrof obodonlashtirildi. Natijada ko`cha va saylgoh shaharning tarixiy qismiga monand zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Bu boradagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Mehmonxonalar, savdo-ko`ngilochar maskanlar, kafe va choyxonalar qurilmoqda.
Prezidentimiz jahon tajribasi asosida sayyohlarga barcha qulayliklarni yaratish, ularning xavfsizligini ta`minlash, ko`ngilochar dasturlar yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari shaharning tarixiy qismidagi madaniy meros ob`ektlarini ta`mirlash va tiklash, hududdan o`tgan avtomobil yo`llari va muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini rekostruksiya qilish kabi loyihalar bilan tanishdi.