1

«Etti kunlik baxtim, etti yillik armonim...»

Mutolaa 24.02.2018, 07:00
«Etti kunlik baxtim, etti yillik armonim...»

“Har gal sizga xat yozaman-u, o`zim o`qib, o`zim yirtib tashlayveraman. Jo`natishni istamayman. Chunki ularning har biriga ko`z yoshlarim qorishiq. Siz esa yig`laganlarni yomon ko`rasiz. Bir marta «Yig`laganingni ko`rmay, yig`laganlarni yomon ko`raman», degandingiz. Bilmaysizki, ko`z yosh bilan inson qalbi bo`shab, engil tortadi. Oilada yolg`iz o`g`il bo`lganingiz uchun ham kamchilik ko`rmay o`sgansiz, yig`i nimaligidan xabaringiz yo`q, nimaga yig`lash kerakligini ham bilmassiz, balki. Biznesmen ota-onangiz hech nimadan kam qilmay o`stirishgan, sizni. «O`rtoqlarim ichida birinchi bo`lib men mashina minganman», degandingiz menga.

Ilk uchrashuvimiz esingizdami? Balki allaqachon unutgandirsiz, lekin mening yodimda.

Onamdan toshkentlik yigit bilan uchrashishim kerakligini eshitganimda hushim boshimdan uchgandi.

— Toshkentda menga nima bor? — so`ragan ilk savolim shu bo`ldi.

Aqlimga sig`dirolmasdim. Qanday qilib Farg`onadan Toshkentga kelin bo`lish mumkin?! Hamma qizlardek men ham oppoq libosda turmushga chiqishni orzu qilardim, albatta. Ammo Toshkentga emas.

Balki sevganing bo`lgandir, dersiz. Yo`q, hech kimni yonib-kuyib sevmaganman. Shunday sevishni orzu qilardim... To`g`ri, ko`nglimda bir sinfdoshimga iliqlik paydo bo`lganu uning boshqasini yaxshi ko`rishini bilgach, ko`ngil uzib qo`ya qolganman. «Suymaganga suykalma» deyishgan-ku. Bu gaplarni o`qib hayron bo`larsiz. Shunaqa, sizdan sir yashirishni istamayman. Men haqimda hamma narsani bilishingizni istayman. Onam «Er ayolning yarmi. Demak, er u haqdagi hamma narsani bilishi kerak», derdi. Bilaman, aytsam ham, aytmasam ham o`tmishim siz uchun qiziqmas...

Xullas, o`shanda uydagilar uchrashuvga chiqishga arang ko`ndirishgandi, meni.

— Kuyov bo`lmish dadangning toshkentlik amakilariga nevara ekan. Bordi-keldi yo`q bo`lmasin, deyishibdi. Otang rozi, — onamning bu gaplari meni battar qayg`uga soldi.

— Bilmagan, sinalmagan odam bo`lsa... dadamning qarindoshi ekan deb tegib ketaveramanmi? Nega, men unga turmushga chiqishim kerak, — ko`z yoshlarim yuzimni yuvgancha onamga javob qaytardim. Qolaversa, o`shanda endi o`n ettiga kirgandim. Maktabni tugatganimga ham hech qancha bo`lmagandi.

Yig`lab-yig`lab uchrashuvga chiqdim. Biroq sizni ko`rdimu (o`sha kuni atigi bir marta qaradim) yuragimda olov yongandek bo`ldi. Har qanday qizni maftun eta oladigan ko`rkam, xushsurat yigit edingiz.

Bu safar ko`nglim meni aldadi. Tashqi ko`rinishingizni ko`rib, uydagilarga roziligimni bildirdim. Uchrashuvda faqat ota-onangizning mol-dunyosini maqtaganingiz ham ko`zimga ko`rinmadi. Aql bilan emas, ko`ngil bilan xulosa qildim. «Ko`rganda yuraging jiz etdimi?» deb so`radi ammam. Sizni ko`rganimda yuragim o`zgacha urganini his qildim. Balki shuni jiz etdi, deyishar...

Otam xursand, onam shod. Dugonalarim menga havas qilayotganidan quvonaman.

Shu uchrashuvdan so`ng qayta ko`rishmadik. To to`y kunigacha. To`g`ri, Farg`ona bilan Toshkent oralig`i ancha masofa. Baribir hech bo`lmasa bir bor qo`ng`iroq qilsangiz ham bo`lardi-ku... Ta`na qilyapti deb o`ylamang, aslo unday emas. O`sha paytda hech kimga sezdirmasam-da,qo`ng`irog`ingizni intiqib kutganman.

To`y kuni hamma etib keldi. Ungacha... ming hayajon, hadikda oq libosni kiydim.

— Qizim bir kun oldin ketamiz, — dedi onam. — Chunki ertasi kuni yo`lga chiqsak etib borolmasligimiz mumkin.

— Voy, to`y bo`lmay turib kuyovnikiga kiramanmi? — savol berdim onamga.

— Yo`q, qarindoshlarinikiga boramiz. Kuyov tarafdagilarning o`zlari kelib bu erdan olib ketishadi, — dedi onam.

Sezib turardim: qizi olisga ketayotgani uchun onam sho`rlik xavotirda edi. Oyda, yilda bir ko`rishga zor bo`lib yashaydi endi. Nachora, taqdir...

Uyda otam bilan xayrlashdim, ko`z yoshlarimni to`xtolmadim. Endi bu uyga qaytib kelmaydigandekman. Ota hovlimdan chiqishim hamon yuragim to`xtab qolgandek bo`ldi. Ota-onam, opa-ukalarimdan olislab ketyapman. Taqdir hukmiga topshirdim o`zimni.

Ba`zan o`ylab qolaman, agar yaqinlarimdan uzoqda yashamaganimda bugungidek qayg`uga cho`kib qolmasmidim. Ular yordam bergan bo`lisharmidi? Harholda hozirgidek ikki og`iz daldayu bir chimdim mehrga zor bo`lmasdim-da...

Uydan yig`lab chiqqan bo`lsam, Toshkentga kelib yig`ilarim unut bo`ldi. Ertaga bo`ladigan to`yning shirin hayajoni butun xayolimni egalladi.

To`yimiz juda yaxshi o`tdi. Elning eng mashhur san`atkorlari xizmatda bo`lishdi. O`shanda o`zimni ertak qahramonidek his qilgandim. Shohninig qasriga tushib qolgan qiz! Kulgili-a!

Taqdirim nima bo`lishini avvaldan bilganimdami, otam mendan kechsa ham sizga turmushga chiqmasdim. Bu so`zlarni o`qib jahlingiz chiqayotgandir. Erkatoy o`g`illar hamisha jahldor bo`lishadi. Achchiq gaplarni ko`tarisholmaydi. Aslida, sizda ham ayb yo`q. Meni kelin qilaman degan bobongizni ham aybdor sanamang. Qismatimiz shu ekan.

Siz bilan baxtsiz bo`ldim deyolmayman. To`yimizdan keyingi bir hafta men uchun bir umrga tatiydi. Ha, o`shanda chindanam baxtiyor edim. Onangiz va singillaringiznig mehr-muhabbati, «qizimjonim», «kelinoyijon» deyishlari meni ko`klarga olib chiqib qo`ydi. Lekin ortiqcha quvonib yuborgan ekanman. Shodligimni Xudoyim ko`p ko`rdi.

Roppa-rosa bir haftadan keyin sizni olib ketishdi. Uydagilar avvaliga menga sezdirishmadi. «O`g`lim bugun kelolmaydi. Savdo ishlari bilan boshqa shaharga ketdi», degan onangizga hayron bo`lib tikildim. Axir, bir haftalik kelinchak bo`lsam. Qolaversa, o`zingiz ham kelomayman, demadingiz...

Sizni ertaga keladi deb meni o`n kuncha aldab yurishdi. Tunda yolg`iz qo`rqmang deb, singlingizni hamxona qilishdi.

Kelavermagingizdan so`ng onangiz yig`lab-yig`lab haqiqatni aytdilar.

— O`g`limni qamab qo`yishdi. Unga tuhmat qilishibdi.

Hushim boshimdan uchdi. Bu qanday ko`rgulik? Ro`paramda yig`lab turgan onangizga taskin-tasalli berishga ojiz edim. Nima ham dey?

Singillaringizning aytishicha, aybingiz... yo`q emish. Sizni nohaq qamashibdi. Hammasi oilangizni ko`rolmaydiganlarning qilmishi ekan...

Oradan ancha vaqt o`tib qo`shni kelinlardan eshitganlarim meni battar dovdiratib qo`ydi: «Bir qizni deb mashinada odam urib ketgan. O`sha kishi o`lgani uchun uning qarindoshlari eringizni sudga berishgan». Men uchun yana bir kutilmagan xabar edi, bu. Bir qizni deb?! To`g`ri, menga uylanishingizdan avval qizlar bilan ko`ngilxushlik qilgandirsiz, kimgadir oshiq ham bo`lgandirsiz, e`tirozim yo`q. Ammo nima qilay, yuragim jizg`anak bo`lib yonsa!

Oradan roppa-rosa bir oy o`tib homiladorligimni bildim. Qaynonam ham, qaynsingillarim ham «Ko`p kuyinavermang, bolaga zarar bo`ladi», deb meni ovutishardi. O`zingiz ayting, siqilmay bo`ladimi? Ota-onamga ham bu xabar etib borgan kuni kelib meni ko`rib ketishdi. Dadangiz pul bilan chiqarib olishini aytib, ularning ko`nglini xotirjam qildi. Ammo sizga pulning kuchi ham yordam berolmadi.

Oradan ikki oy o`tib uyga keldingiz. Biroq yana bir hafta turmay... Jinoiy ish yopilmagan ekan. Pulni olganlar ishni tugatishmapti... Sizni yana olib ketishdi.

Alamdan xonamga yashirinib dodladim, yig`ladim. O`shanda farzandli bo`lishingizni eshitib, quvongandingiz. Biroq quvonchimiz bu gal ham uzoqqa cho`zilmadi. Qismat yana ustimdan kuldi. Ko`p siqilganim, asabiylashganim uchun bolamdan ham ajraldim. Sizga bir kuysam, bolamga ming kuydim. Sizga... etti yil berishdi.

Ota-onamnikiga qaytib ketishga or qildim. Axir, qarindoshlar, qo`ni-qo`shni eshitsa, nima degan odam bo`laman? «Bir haftadan keyin erim qamaldi» deymanmi? Yo`q, undan ko`ra shu erda yashagan ma`qul. Ammo bu erda yashashim ham malol bo`lib qoldi.

Keyingi paytda onangiz ham, singillaringiz ham menga teskari munosabatda bo`lib qolishgan. Hech bir erkak onasini yomon deyishlarini istamaydi, ko`tarolmaydi, bilaman. Lekin aytmasam bo`lmaydi. Kimgadir yorilishim kerak-ku, men ham. Yaqinlarim olisda bo`lsa. Onangizning har ikki qadamda «Kelinning oyog`i og`ir keldi. Xayri yo`q ekan», deyishlari jonimdan o`tib ketdi. Ayting, men shunday bo`lsin deb bu xonadonga kelin bo`lganmidim? Qaysi ayol erining qamalishini istaydi? Singillaringizning piching-kesatiqlari ham butun tanimni teshib yuborgudek bo`lyapti. Faqat otangizgina menga mehribon. Faqat u kishigina meni tushunadi.

Buvim «Er pir, uning aytganini qilishing shart», derdilar. Ayting, sizning gapingizni qilaman: bu uydan ketaymi yoki...

Javob kutib R.

Sayyora Abdulaziz yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1