1

O`zbekiston – AQSh: ishbilarmonlar onlayn videomuloqot qildi

Iqtisodiyot 23.02.2018, 21:11
O`zbekiston – AQSh: ishbilarmonlar onlayn videomuloqot qildi

Toshkentda 23 fevral kuni O`zbekiston va AQSh ishbilarmon doiralarining onlayn videomuloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Amerika – O`zbekiston savdo palatasi hamkorligida tashkil etilgan videomuzokarada savdo, sarmoya, iqtisodiyot, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik, farmasevtika, kimyo va oziq-ovqat sanoati, elektron mahsulotlar va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralar, konsern va kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Cavdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, O`zbekistonning AQShdagi Favqulodda va muxtor elchisi J.Vahobov va boshqalar mamlakatlarimiz o`rtasida savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik rivojlanib borayotgani, Amerika – O`zbekiston savdo palatasi qo`shma loyihalarni qo`llab-quvvatlash va amalga oshirishning muhim mexanizmiga aylanganini ta`kidladi.

Amerika – O`zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori E.Son, shuningdek, amerikalik tadbirkorlar Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 18-20 sentyabr kunlari AQShga tashrifi chog`ida bir guruh etakchi kompaniyalar rahbarlari bilan bo`lgan uchrashuv mamlakatlarimiz tadbirkorlari o`rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, ikki tomonning imkoniyatlarini kengroq ishga solishda muhim omil bo`layotganini alohida qayd etdi.

O`zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-gumanitar, ma`naviy-ma`rifiy hayotida kechayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg`otmoqda. Ayniqsa iqtisodiy tarmoqda amalga oshirilgan keng miqyosli chora-tadbirlarga xalqaro tahlilchilar ijobiy baho bermoqda. Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada erkinlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash borasidagi yangilanishlar O`zbekistonning investisiyaviy jozibadorligi yanada ortishiga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda amerikalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 160 dan ziyod korxona faoliyat yuritayotgani O`zbekistonda investorlarga qo`shimcha qulaylik, imtiyozlar yaratish, valyuta siyosatini liberallashtirish borasidagi ishlarning samarasi, deyish mumkin.

Onlayn videomuloqotda amerikalik ishbilarmonlarga yurtimizda turli sohalar, jumladan, agrar sanoatda faoliyat ko`rsatayotgan chet ellik investor va sheriklar uchun qator soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilgani haqida ma`lumot berildi.

Tadbirda Amerikaning “WCC International” kompaniyasi mutasaddilari mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, O`zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni AQSh bozoriga olib kirish imkoniyatlari, xalqaro marketing, elektron tijorat kabi mavzulardagi taqdimotlari bilan ishtirok etdi. AQSh ishbilarmon doiralari vakillari o`zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1