1

O`zbekiston BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashiga a`zo bo`lish taraddudida

Siyosat 28.02.2018, 11:30
O`zbekiston BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashiga a`zo bo`lish taraddudida

Jenevada BMTning Inson xuquqlari bo`yicha kengashi 37-sessiyasi ish boshladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Inson huquqlari bo`yicha umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligini nishonlash doirasida tashkil etilgan sessiyada Inson xuquqlarini ta`minlash va himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilinayotir. Oliy darajadagi tadbir Segmentida 180 dan ziyod mamlakatdan 3 mingdan ortiq vakil, jumladan, davlat va hukumat, vazirliklar, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Yig`ilishning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar Zeyd Raad al Husayn va BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi raisi Miroslav Laychak so`zga chiqib, butun dunyoda inson xuquqlariga rioya qilish va ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish zarurligini qayd etgan.

Tadbirda O`zbekiston nomidan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.

Oliy darajadagi Segmentda so`zga chiqqan Adliya vaziri R.Davletov tadbir ishtirokchilarini O`zbekistonda fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi. O`zbekistonning ushbu sohada BMT bilan hamkorligining joriy holati va istiqbollari, shuningdek, 2017-2021 yillarga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasi amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, xalqaro auditoriyaga O`zbekistonning aholi bilan muloqotni rivojlantirish maqsadida yuritayotgan Xalq qabulxonalari orqali ularning shikoyat va murojaatlarini ko`rib chiqish, joylarda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kompleks ravishda hal etish bo`yicha o`ziga xos tajribasiga oid ma`lumot berildi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashishning butunlay yangicha, eng avvalo, jinoyatchilikning oldini olish va uni erta aniqlashga yo`naltirilgan tizimini joriy etish masalasi haqida so`z yuritildi. Sud-huquq sohasi va jinoyatni fosh etish tizimidagi islohotlar, xususan, Sudyalar oliy kengashining ta`sis etilgani, yangi iqtisodiy va ma`muriy sudlarning tuzilgani, yurtimizda ilk bor joriy etilgan fuqarolarni avf etish, jinoyatchilikda noqonuniy dalil turlarini qabul qilish, ayniqsa, jismoniy kuch ishlatish va boshqa zo`ravonlik turlarini qo`llashga yo`l qo`ymaslik bo`yicha talablarning amalga oshirilishiga doir dastlabki natijalar taqdim etildi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish va davlatimizning yangicha bo`lgan ochiq moliyaviy, savdo, soliq va investisiyaviy siyosatini joriy etish masalasi ishtirokchilar e`tiborini jalb etdi.

Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini ta`minlash sifatini yanada yaxshilash, O`zbekistonning sohaga oid xalqaro hamkorlikni faollashtirish borasida olib borayotgan izchil ishlari, xalqaro tashkilotlarning respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bergan ijobiy bahosini hisobga olgan holda, yuksak darajali Segment yig`ilishi doirasida O`zbekiston 2021-2023 yillar mobaynida Inson huquqlari bo`yicha kengash a`zosi sifatida saylanish istagini ilk bor bildirdi.

O`zbekiston delegasiyasi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar, jumladan, 2018 yilning noyabr oyida Samarqandda bo`lib o`tadigan Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi yuksak darajali Segment uchrashuvi ishtirokchilarida katta qiziqish uyg`otdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1