O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o`rinbosari, "BMT-ayollar" tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
BMT delegasiyasi shu kunlarda Samarqand shahrida bo`lib o`tgan Osiyo xotin-qizlar forumi doirasida mamlakatimizda bo`lib turibdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining gender tenglik masalalari bo`yicha etakchi instituti rahbari Prezidentimizga Bosh kotib Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
O`zbekistonda xotin-qizlarning mavqeini tubdan yaxshilash va jamiyatdagi maqomini oshirishga qaratilgan samarali islohotlarga yuksak baho berildi.
Uchrashuvda mamlakatimizning "BMT-ayollar" tuzilmasi bilan konstruktiv hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko`rib chiqildi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va manfaatlarini ilgari surish sohasidagi barcha asosiy xalqaro konvensiyalarga qo`shilgan, BMTning tegishli komissiyasi ishida faol ishtirok etmoqda.
Osiyo xotin-qizlari forumining samarali yakunlari yuqori baholandi. Ushbu forumni Osiyo mintaqasida ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari bo`yicha doimiy muloqot platformasiga aylantirish muhimligi ta`kidlandi.
O`zaro hamkorlik bo`yicha, shu jumladan mintaqaviy darajadagi aniq loyiha va dasturlarni o`z ichiga olgan o`rta muddatli istiqbolga mo`ljallangan dasturni qabul qilish zarurligi qayd etildi.
"BMT-ayollar" tuzilmasining mamlakatimizda vakolatxonasini ochish masalasi qo`llab-quvvatlandi.






