Magnit bo`ronlarining salomatlikka ta`siri haqida esa kardiolog shifokor Ramesh HAMROEV ma`lumot beradi.
E`tibor bergan bo`lsangiz, oramizda qachon qor - yomg`ir yog`ishini aniq aytib beruvchi insonlar yashashadi. Ularni yarim hazil, yarim chin ohangda tabiiy barometrlar deyishadi. Biroq boshqalar tabiatning bunday o`zgarishlarini sezishmaydi va ularga deyarli e`tibor berishmaydi. Agar magnit bo`ronlari hammaga birday ta`sir ko`rsatsa, nima uchun buni bir toifa insonlar sezishmaydi-yu, boshqa toifa kishilar og`ir qabul qilishadi? Inson ob-havoning injiqliklari yoki kutilayotgan magnit bo`ronini tanasining ma`lum a`zolaridagi o`zgarishlar, og`riq yoki sanchiqlar orqali sezadi. Butunlay sog`lom insonlarning organizmi bunday belgilarni his etolmaydi, biroq surunkali xastaliklardan aziyat chekuvchi bemorlarda esa yuqoridagi alomatlar bo`y ko`rsatishi mumkin.
Kimlar xavf ostida?
Asosan yurak-qon tomir tizimi xastaliklaridan aziyat chekuvchi kishilar magnit bo`ronlari chog`ida ehtiyot bo`lishlari darkor. Bilasiz, inson organizmida Mendeleev davriy jadvalining ko`pgina elementlari mavjud. Jumladan, temir moddasi ham. U qizil qon tanachalari (eritrositlar) tarkibida bo`lib, manfiy zaryadga ega. Fizikadagi bir xil zaryadlangan zarrachalarning o`zaro itarilish qonuniga ko`ra, tomirda qonning erkin harakati yuzaga keladi. Shu temir moddasiga magnit bo`roni ta`sir qilganida esa zaryadlar o`zgaradi. Bir-birini itarish o`rniga torta boshlagan tanachalar tomirlarda qonning erkin harakatini qiyinlashtiradi. Natijada qon bosimi ortadi. Qon bosimining oshib turishi tomirlar ichki devorining shikstlaydi. Shikastlangan devorchalarga qonning shaklli elemantlari yopishib, tomirlarda tromb xosil qiladi. Surunkali xastaliklarga, ayniqsa yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, gipertoniya va gipertenziyaga chalingan bemorlarda infarkt va insult kabi asoratlarning xavfi ortadi. Buning oldini olish uchun esa bemordan shifokor tavsiya qilgan qonni suyultiruvchi va boshqa dori vositalarni o`z vaqtida qabul qilish, faol turmush tarzini kechirish,yuqori kaloriyali taomlarni meva sabzavotlar bilan almashtirish shuningdek, kun tartibiga rioya etish talab qilinadi.
Magnit bo`ronlarining qonga qanday ta`sir ko`rsatishini bilib oldik. Bundan tashqari bu tabiat injiqligi nerv tolalarini ham chetda qoldirmaydi. Bilasiz nerv tolalari mushaklarning asosiy quvvat manbai hisoblanadi. Magnit bo`roni natijasida organizmda adrenalin va noradrenolin gormonlari ishlab chiqariladi. Bu gormonlar sog`lom insonda bosh aylanishi, mushaklarda og`rik, uyquchanlik yoki uyqusizlik, kayfiyatning o`zgaruvchanligi, asabiylik, bosh aylanishi kabi belgilarni yuzaga keltirsa, xastalikka moyilligi bor bemorlar va qariyalarda miyaga qon quyilishi xavfi orttishi mumkin.
Nima qilmoq kerak?
Tadqiqotchilar tomonidan inson umri davomida o`rtacha 3 000 marta magnit bo`ronlarini boshdan kechirishi hisoblab chiqilgan. Tabiatning ushbu injiqligi salomatligingizga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi uchun esa quyidagi tavsiyalarga amal qilib borishingiz lozim:
Qon tomirlarida tromblar xosil bo`lishining oldini olish uchun organizmda xolesterin miqdorini kamaytirishga intilish kerak. Demak, qattiq qovurilgan va yog`li taomlarni cheklash, alkogol va tamaki mahsulotlaridan butunlay voz kechasiz;
Qondagi adrenali va noradrenolin miqdorini me`yorga keltirish uchun quvvatni sayr qilishga savrflash tavsiya etiladi. Yoki limono`t, marmarak kabi o`simliklardan damlama tayyorlab kun davomida oz-ozdan ichib boring;
Kontrast dush qabul qiling. Birinchidan, suv haroratining keskin o`zgarishi qon tomirlarini kengaytirib qonning yaxshi aylanishiga xizmat qilsa, ikkinchidan, suv mushaklardagi tortishishini kamaytiradi. Shuning uchun profilaktika maqsadida ushbu amaliyotni o`tkazib turish maqsadga muvofiq;
Internet tarmog`idan magnit bo`roni yuz berishi kutilayotgan kunlarni aniqlashtirib oling-da, shu kunlarda jismoniy harakatni imkon qadar cheklang. Sport mashg`ulotlari balan shug`ullanishni ham bir necha kunga kechiktirsangiz bo`ladi;
Imkon qadar tozalangan, hech bo`lmaganda, tindirilgan suv ichishga intiling. Chunki jo`mrakdan kelayotgan ichimlik suvi tarkibida ham turli metall qoldiqlari va xlor bo`lishi mumkin.
MAFTUNA tayyorladi.