1

Erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat tarixida muhim qadam bo`ldi

Siyosat 12.03.2018, 17:26
Erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat tarixida muhim qadam bo`ldi

Avval xabar berilganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 9-10 mart kunlari davlat tashrifi bilan Dushanbe shahrida bo`ldi.

Davlatimiz rahbarining Tojikistonga davlat tashrifi kutilganidan ham samarali bo`ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta`biri bilan aytganda, hal qilinmagan masala qolmadi. Darhaqiqat, muzokaralar yakunida ikki mamlakat rahbarlari O`zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o`rtasida Do`stlik va yaxshi qo`shnilikni mustahkamlash to`g`risidagi Qo`shma bayonot, O`zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risidagi shartnomani imzoladilar. Bundan tashqari, savdo, iqtisodiyot, investisiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo`jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir 27 hujjat imzolandi.

O`zA muxbiri erishilgan kelishuvlar natijasi haqida O`zbekiston delegasiyasi a`zolarining fikrlari bilan qiziqdi:

Achilboy RAMATOV, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari, «O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi:

– Tojikiston Respublikasi hududiy joylashuviga binoan mamlakatimizga chegara davlat hisoblanadi. Shunday ekan, temir yo`l va avtomobil yo`llarimiz bir-biri bilan bog`liq. Ya`ni qo`shni davlatning asosiy yuklari O`zbekiston hududi orqali o`tadi. So`nggi yillarda Tojikiston tomonining yuklari O`zbekiston hududidan aylanib o`tar edi. Davlatimiz rahbarining topshirig`iga ko`ra, yangi qatnovlar yo`lga qo`yildi. Bu borada qo`shni mamlakatga o`ziga xos chegirmalar taqdim qildik va bir to`xtamga keldik. Bu ikki mamlakat iqtisodiyotiga katta foyda keltiradi, deb hisoblaymiz.

Mamlakatlarimiz o`rtasida temir yo`l qatnovini yo`lga qo`yish bo`yicha kelishuvga erishilgan edi. Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida «G`alaba – Amuzang – Xoshadi» temir yo`l liniyasi ochildi. Tahlillarga ko`ra, bu yo`ldan millionlab aholi foydalanishi mumkin. Shunday ekan, bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Jamshid XO`JAEV, O`zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri:

– O`zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi doirasida tashkil qilingan uchrashuvlar, muloqotlar samimiy va o`zaro ishonch ruhida o`tdi. Misol uchun, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko`rgazmasi va biznes-forum natijasiga ko`ra, 200 million dollardan ortiq shartnomalar imzolandi. Ko`rgazmada yurtimizning 100 dan ortiq korxonasi o`zining mingdan ortiq mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Davlat rahbarlarining uchrashuvida mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo aylanmasini bir milliard dollarga etkazish bo`yicha aniq vazifalar belgilandi. Eng muhim jihati, O`zbekiston va Tojikiston viloyatlari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri savdo aloqalarini yo`lga qo`yish bo`yicha kelishib olindi. Bu mamlakatlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim qadam bo`lib xizmat qiladi.

Shavkat HAMROEV, O`zbekiston Respublikasi suv xo`jaligi vaziri:

– Tojikiston bilan Amudaryo hamda Sirdaryo suvlaridan foydalanib kelmoqdamiz. Suv resurslaridan foydalanishda xalqaro me`yorlarga amal qilish talab etiladi. Bundan tashqari, tabiatning bu ne`matidan samarali foydalanish kerak. 9-10 mart kunlari ikki davlat tarixida muhim kun bo`lib qoldi. Chunki suv va energetika resurslaridan samarali foydalanish bo`yicha O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, gidroelektr stansiyalari qurish bo`yicha ham nufuzli komissiya tuzishga kelishib olindi. Bu qaror nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa iqtisodining rivojiga salmoqli hissa qo`shadi. Yangi qurilayotgan gidroelektr stansiyasi mintaqaning energetikaga bo`lgan talabini qondiradi.

Turob JO`RAEV, Samarqand viloyati hokimi:

– Davlatimiz rahbarining Tojikistonga tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etdi. Bu ikki xalq o`rtasidagi aloqalarning takomillashishida muhim qadam bo`ldi. Muzokaralar yakuniga ko`ra, Tojikiston Respublikasining So`g`d va O`zbekistonning Samarqand viloyatlari hokimlariga keng imkoniyatlar yaratib berildi. Endi munosabatlarda ortiqcha rasmiyatchiliksiz, to`g`ridan-to`g`ri telefon orqali bog`lanish, o`zlariga ma`qul bo`lgan vaqtda ikki tomon ishbilarmonlari o`rtasida uchrashuvlar o`tkazishga kelishib olindi. Buning amaliy natijasi sifatida joriy yilning aprel oyida Tojikiston tadbirkorlari bilan uchrashuv bo`lib o`tadi.

Tashrif doirasida juda ko`p samarali kelishuvlarga erishildi. Birgina misol: erishilgan kelishuvga ko`ra, endi fuqarolar mamlakatlarda o`ttiz kungacha vizasiz yurish imkoniyatiga ega bo`ladi. Bu ikki xalq vakillarining azaldan yo`lga qo`yilgan qarindoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, qolaversa, turizmni rivojlantirishda muhim asos bo`lib xizmat qiladi.

Erkin TURDIMOV, Surxondaryo viloyati hokimi:

– Davlatimiz rahbarining Tojikistonga oliy darajadagi davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo`ldi. Bu nafaqat ikki davlat o`rtasida, balki Markaziy Osiyo miqyosida ham e`tirof etilmoqda.

Savdo-iqtisodiy sohalarda ikki davlat imkoniyatlari etarli darajada rivojlanmay qolgan edi. Mamlakatlar endi bu borada ham o`zining haqiqiy ko`rsatkichlarini namoyon qiladi. Men tashrif davomida turli sohalarda imkoniyatlar bo`laturib, aloqalar uzilib qolganining guvohi bo`ldim. Bu tarixiy tashrifni ikki xalq vakillari ham intiqlik bilan kutgan edi. Tashrif doirasida ikki xalq manfatlariga to`la javob beradigan kelishuvlarga erishildi. «G`alaba – Amuzang – Xoshadi» temir yo`lining ochilishi muhim voqea bo`ldi. Surxondaryo viloyati Tojikiston bilan chegara hudud bo`lganligi uchun bugundan boshlab barcha sohalarda aloqalarni keng miqyosda rivojlantiramiz.

Botir ZARIPOV, “O`zqurilishmateriallari” AJ boshqaruvi raisi:

– Ma`lumki, mamlakatimizda mineral xom ashyo resurslaridan samarali foydalangan holda yuzdan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida bo`lib o`tayotgan O`zbekiston sanoat mahsulotlari ko`rgazmasida 50 dan ortiq turdagi qurilish materiallari bilan ishtirok etmoqdamiz. Noyob qurilish materiallari hisoblangan granit, marmar, gabbro, travertin toshlari, devorbop, tomyopqich materiallar, bazalt toshidan olingan armaturalar, qamish o`simligidan ishlangan DSP kabi mahsulotlarimiz tojikistonliklarda katta qiziqish uyg`otdi. Tojikistonning o`nlab kompaniya va firmalari bizning qurilish materiallarimizni olish bo`yicha shartnomalar imzoladi.

O`zA muxbiri Abu Bakr O`rozov yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1