Ilk bor O`zbekiston respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Tanzila Norboeva bugungi demokratik islohotlarning amaldagi namoyishini ko`rsatgan holda xorij OAVga intervyu berdi. Tanzila Norboeva O`zbekistonda majburiy mehnat, bolalar mehnati, erkak va ayollar teng huquqligi haqida gapirdi.
— BMTda so`zlaganingizda O`zbekistonda xotin-qizlarning bugungi maqomini qanday tasvirlab berdingiz?
— Judayam yaxshi savol… Mamlakatimizda xotin-qizlarga bo`lgan munosabat o`zgacha. Negaki, hech qaysi bir mamlakatda xotin-qizlar bilan shug`ullanadigan tashkilot rahbariga bosh vazir o`rinbosari maqomi berilmagan. Yoki bo`lmasa eng quyi bo`g`ingacha xotin-qizlar bo`yicha ishlayotgan mutasaddilarga hokim o`rinbosari degan maqom berilmagan. Mana shu bizning mamlakatimizda azaldan ayolga juda katta e`tibor, katta ishonch bildirilganidan dalolat...
Davlatimiz rivojlanishining beshta asosiy yo`nalishlariga bag`ishlangan strategiya e`lon qilingan. Mana shu strategiyaning ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo`limida xotin-qizlar maqomini ko`tarish, ularning davlat va jamiyat qurilishida ishtirokini ko`paytirish, bandligini, ijtimoiy himoyasini ta`minlash masalalalari judayam chiroyli aks ettirilgan.
Bu strategiya faqatgina qog`ozda qolib ketgani yo`q. 2018 yilda 2 fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan chiqarilgan maxsus farmonni tarixiy farmon degan bo`lardim, chunki mamalakatimizning mustaqillik yillaridagi tarixida xotin-qizlarga alohida g`amxo`rlik ko`rsatishga qaratilgan bunday farmon hali bo`lmagandi.
Shuning uchun biz o`zimizning ma`ruzamizda mana shu farmonga bo`lgan e`tiborni ham, amaliyotini ham tasvirlab berdik. Vaqt juda qisqa bo`ldi, ma`ruza uchun. Hamma narsani gapirib bo`lmaydi, lekin BMTning katta anjumani doirasida o`tkazilayotgan boshqa yig`ilishlar ham bor, shularda ham qatnashib shu masalalarni keng yoritishga harakat qildik.
Birinchi navbatda, ayollarimizni farmon doirasida xotin-qizlarga katta imkoniyatlar berilganini, oila institutini rivojlantirishga katta urg`u berilganini alohida qayd etib o`tdik. Xotin-qizlarimizning bugun jamiyatimizdagi barcha sohalardagi rivojlanish jarayonida faol ishtiroki muhim. Bugungi kunda mamlakatimizda hamma mehnat qilayotgan insonlarning sal kam yarmini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ular bugun nafaqat oldingi an`anaviy sohalar, ya`ni ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyatda, balki huquq, tadbirkorlik singari sohalarda ham faoliyat olib boradi. Ular nafaqat qaror qabul qilish jarayonida, parlament, balki eng quyi bo`g`inlardagi korxonalarda ham rahbarlik qilish, tadbirkorlik sub`ektlariga rahbarlik qilishi, ularga berilayotgan erkinlik, imtiyozlardan foydalangan holda salohiyatini chiroyli namoyon qilmoqda.
Farmonda aniq vazifalar qo`yib berilgan. Birinchi vazifa — xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, hamma sohalardagi faolligini ta`minlash. Ikkinchidan, og`ir sharoitdagi ayollarni qo`llab quvvatlash, ularning muammolarini joyiga chiqqan holda hal qilish. Uchinchidan, xotin-qizlarimizni huquqbuzarlik, turli jinoiy yo`llarga kirishlarining oldini olish bo`yicha profilaktika chora-tadbirlari ko`rish. To`rtinchidan esa ayollarning bandligini ta`minlash.
Biz BMTdagi chiqishimizda xotin-qizlarning hayotga integrasiyasi, ishtirokini ta`minlash yo`lida olib borilayotgan ishlar, yangi yo`nalishlar haqida gapirib berdik.
Xotin-qizlar o`rtasida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish masalasi… Bu borada, ayniqsa, qizlarning faolligi oshyapti. Bunda 2010-yilda San-Fransiskoda joriy qilingan loyiha to`g`risida qisqa axborot berdik. Qizlarimiz hozir mobil telefonlarda ilovalar qilib, ular o`zlarini qiynayotgan muammolar haqida maslahat oladi. Bu loyiha BMT Taraqqiyot Dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Axborot kommunikasiya texnologiyalari hozir hayotimizda juda muhim.
— Mana shu sammitda asosan jinsiy tengsizlik va qishloq xotin-qizlarining hayotini yaxshilash haqida gap ketyapti. Mana siz rasmiy pozisiyani tushuntirib berdingiz, ko`rilayotgan siyosiy chora-tadbirlar haqida gapirdingiz. Lekin real olib qaraydigan bo`lsak, siz mamlakatda yurasiz, real hayotni bilasiz... Xotin-qizlarni sizning nazaringizda nima ko`proq qiynaydi? Ulardan biz so`raganimizda “yondashuv” deyishadi. Qo`shilasizmi, shu fikrga?
— Nimaga yondashuv?
— Ularga nisbatan yondashuv, ya`ni ko`plab xotin-qizlar o`zlarini jinsiy kamsitilgan deb bilishadi.
—Qandaydir holatda, ular ayrim holatlarda to`g`ri ham gapirishadi. Chunki, qishloqdagi ayollar, eng chet mahallalarda istiqomat qilayotgan ayollarga e`tibor bo`lmagan desak to`g`ri bo`ladi. Tadbirlar o`tkazsak, ayniqsa, o`zimning tashkilotimizga nisbatan tanqidiy yondashib kelganman, seminarlar, konferensiyalar, yig`ilishlar o`tkazsak, qiynalgan, chet qishloqlardagi xotin-qizlar qatnasha olmasdi, ularga umuman e`tibor bo`lmasdi, yillar davomida.
O`tgan yili, o`zingizga ma`lum, muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Xalq bilan muloqot yili” deb e`lon qilingan edi. Mana shu xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili doirasida eng chekka qishloqlardagi opa-singillarimiz hayotidan boxabar bo`lish imkoniyatiga ega bo`ldik. Men o`zim mana shu tashkilot rahbari sifatida yuragimdan quvonib suyunyapmanki, pastga tushsak, muammoni hal qilish yo`llari ko`z oldimizda shunchalik aniq namoyon bo`lar ekan. Shundan kelib chiqqan holda turli strategiya, dasturlar belgilash mumkin. Ularni qiynayotgan muammolarni hisobga olib…
Avvallari qanaqa bo`lardi? Men ko`p yillar Vazirlar Mahkamasida ham ishlaganman. Oldinlari davlat dasturlarini qiladigan bo`lsak, har yilga nom berish an`anasi bor, 1992 yildan boshlab, bu dasturlar kabinetda yozilardi. Mutaxassislar chaqirilardi-da, u yoki bu vazirlikda shakllantirilardi. Lekin hozir Prezident talablariga binoan birorta dastur bir-birini qaytarmaydi. Birorta bir tumanning dasturi boshqa bir tumanning dasturiga o`xshamaydi. Chunki har bir tumanda yashayotgan ayollar, yoshlar, bolalarimizni qiynayotgan muayyan muammolari bor. O`shalarni bartaraf qilishga qaratilgan. Individual dasturlar bo`lyapti. Bu nafaqat mening, barcha davlat rahbariyati tizimida ishlayotgan xodimlarning ko`zini ochdi desam mubolag`a bo`lmaydi. “Xalq bilan muloqot yili” bir yilda tugab qolgani yo`q. Bizga o`tgan yili Prezidentimiz shu yondashuvni o`rgatdilar. Shu yondashuv asosida ishlash, dasturlar yoki choralar kabinetlarda o`tirib emas, balki pastga tushib, aholining tub qiziqishlarini, tub manfaatlarini, ularning ehtiyojlarini o`rgangan holda qilish kerak degan gapni o`rgatdilar.
Mana shu endi amaliyotga kirib keldi. Endi biz boshqacha ishlay olmaymiz.
Masalan, o`zim Nyu-Yorkka kelishdan oldin, faqat tumanlarda yurdim. Eng og`ir tumanni olamizda, ko`rsatkichlari yaxshi bo`lmagan, ishsizlik muammolari yuqori bo`lgan yoki infrastruktura, gaz-suv muammolari bo`lgan joylarga borib, 10 kun davomida butun sohaning odamlari bilan o`sha masalalarni hal qilamiz, joyida. Dasturlar, davlat byudjetining mablag`ini yo`naltirish, kerak bo`lsa, davlat rahbariga har bir joyda bo`layotgan vaziyat etkaziladi. Davlat rahbarimiz hamma masalalarni hal qilib beryapti.
Hozirgi aytgan gapingizda jon bor. Bu oldingi qarashlar edi. Menimcha, bir yildan beri shu islohotlar menga etib kelmadi, oilam manfaat ko`rmadi deydigan ayol yoki oila qolmadi. Chunki har birining oilasida 100 martalab kirib chiqdim. Eshitayotgan bo`lsangiz kerak uzoqda bo`lsangiz ham, uyma-uy yurish tizimi, ya`ni xonadonlarga kirib aholining muammosini o`rganyapmiz.
Prezidentimiz davlat rahbarlariga xalq xizmatkor emas, xalqqa davlat rahbarlari xizmatkor degan shiorni olg`a surganlar. Shuning uchun mana shunday opa-singillarimiz mening yuragimning og`rig`i. Masalan biror ayol qiynaladigan, muhtoj bo`ladigan bo`lsa, yomon yo`lga kirib ketayotgan bo`lsa, bizning kelajagimiz, ayollarimiz sha`nigayam isnod bo`ladi.
Hozir har bir mahallada hayotda qiynalib qolgan, kamsitilgan, ishsiz yoki turmush o`rtog`i chetga chiqib ketib boquvchisiz qolgan ayollar ro`yxati bor. Ularga biriktirilgan xodim, murabbiylar bor. Ularga moddiy, psixologik yordamlar ko`rsatilishi butun respublikamizda qizg`in davom etyapti.
— O`zingiz aytganingizdek, xotin-qizlar O`zbekiston jamiyatining yarmi. Siz qilayotgan, boshlagan tashabbuslar, chora-tadbirlar ularga etib bormagan taqdirda ular o`zlari murojaat qilishlari mumkinmi?
— Ha, mumkin.
— Sizga hozir tashqi dunyo, xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh O`zbekistonda boshlangan islohotlarni amalga oshirayotgan etakchi rasmiylardan biri sifatida qaraydi. Nufuzingiz bu erda ancha baland. Siz, birinchidan, Bosh vazir o`rinbosarisiz va Xotin-qizlar qo`mitasiraisisiz. Bunday olib qaraganda, O`zbekistondagi eng qiyin vazifalardan biri sizning zimmangizda. Mehnat sharoitini yaxshilash, ish joylarida adolatni ta`minlash, mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish… Ikkinchi jihatdan esa O`zbekistondagi barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlar cheksiz ta`sir ko`rsatadigan ayollar hayotini yaxshilash vazifasi ham sizga yuklangan. Qanday eplash mumkin, shuncha murakkab vazifalarni bir paytda?
— Haqiqatdan ham Bosh vazir o`rinbosari degan maqom bekordan bekor berilmagan. Menda ikkita yo`nalish bor. Xotin-qizlar qo`mitasi raisi sifatida oddiy ayollarni, oddiy o`zbek ayoli sifatida himoya qilishim kerak. Muammolarini aniqlab, Bosh vazir o`rinbosari sifatida boshqalarning e`tiborini qaratishim kerak.
— Sizda shunday vakolatlar bor, demak?
— Bunga menda vakolat bor. Huddi shunday vakolat pastdagi quyi tizimlarimizda ham bor, ya`ni hokim o`rinbosari, Bosh vazir o`rinbosari sifatida har qanday vazirlikka topshiriq berish mumkin, xotin-qizlar masalalari bo`yicha… Men o`zim tushunamanki, bu judayam katta mas`uliyatli yuk, eng og`ir vazifalardan biri. O`zbekchasiga aytganda, aravamiz juda og`ir. Mana shu aravamizni tortish uchun uning g`ildiraklari soz bo`lishi kerak-da. Shuning uchun tizimimizdagi xodimlarimizning malakasini oshirish kerak. Ayollarimiz, yigitlar ham kelayapti hozir, ularni malakali qilib tayyorlash masalasi eng asosiy vazifalardan biri.
Davlatimiz Markaziy Osiyoda eng katta davlat - 32 milliondan ortib ketdik hozir. Haqiqatda shtatlarga 100-200 nafar odam berganda ham buni eplab bo`lmaydi. Shuning uchun ham hammani ishlatish uchun joylardagi boshlang`ich tashkilotlarimizni kuchaytirayapmiz. Ya`ni, har bir tashkilot, korxona, muassasalarda o`zimizning quyi bo`g`indagi boshlang`ich tashkilotlarimiz har bir jamoadagi ayollarning ahvoli, salomatligi, mehnat sharoitlari, madaniy dam olishlari, sport bilan shug`ullanishi, ular o`rtasida tadbirlar, turizm rivojiga e`tibor berilyapti. Ayollarni, kerak bo`lsa, tashqi davlatlarga olib chiqib, aylantirish bo`yicha katta rejalar qilib, ularni amalga oshiryapti.
Bizda 48 foiz mehnat resurslarini ayollar tashkil qiladi. Ishlayotganlarning ham sal kam yarmi ayollar. Shuning uchun mehnat jamoalarida kasaba uyushmalarining yordamiga tayanamiz. Bilasiz, bosh kelishuv bor hukumat o`rtasida. Ish beruvchilar, ya`ni savdo-sanoat palatasi va kasaba uyushmalari o`rtasida. Bundan oldingi lavozimda ishlaganimda ko`rganman, kasaba uyushmalarida shunday bir bosh kelishuv degan hujjat bo`lmagan ekan. Xodimlar nomidan kasaba uyushmasi hukumatga talablar qo`ygan. Mana shu bosh kelishuvda aks ettirilgan. Hukumat buni tan olib, imzo chekib bergan, qilib beraman deb. Ya`ni unda mehnatga haq to`lash, mehnat sharoitlari xavfsiz bo`lishi, xodimlarning ijtimoiy himoyasi va ko`p majburiyatlar yozilgan. Shular qatorida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ta`minlanishi va himoya qilish masalasini ham alohida bo`lim qilib, yozgan ekanmiz o`shanda. Va uning asosida har bir mehnat jamoasida jamoa shartnomalari qabul qilingan. Unda mana shu jamoada ishlayotgan ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ehtiyojlarini ta`minlash masalalari aks ettirilgan.
Ish beruvchilar bizning mamkalatimizda ushbu majburiyatlarni oladi. Ya`ni ayollarimiz ishlaydigan bo`lsa, erkaklarniki bilan teppa-teng oylik olishi… Bizda bu borada muammo yo`q. BMTning ayollar masalasidagi katta anjumanida eshityapmanki, ayol jinsi bo`ladigan bo`lsa, unga oylik masalasida muammo ekan.
— Dunyo bo`ylab ayollar erkaklardan 23 foiz kamroq oylik oladi. O`zbekistonda bu muammo emasmi?
— Yo`q, muammo emas. Chunki qonunlarimizda ham, amaliyotda ham ayol bo`ladimi, erkak bo`ladimi, teng.
— Demak, O`zbekistonda teng mehnat uchun teng maosh kafolatlanadi?
—Jinsga qarab cheklash degan narsa yo`q bizda. Umuman bu tushunchaning o`zi ham yo`q. Ayol erkak bilan teng oylik oladi. Kerak bo`lsa, ayollarga ko`proq to`lanadi. Turli jamoa shartnomalari orqali, qo`llab quvvatlash imtiyozlari ko`proq ayollar uchun. Ikkinchi tarafi - ayollar erkaklar bilan teng, har turli pozisiyalarni egallaydimi yo`qmi degan savolda muammo bor. Lekin bu bo`yicha ham davlat rahbarimiz, ancha oldinda qarab, harakat qilgan. Masalan, maktabgacha ta`lim vaziri ayol kishi bo`ldi. Iqtisodiyot vazirimiz bor edi, ayol kishi. U hozir Prezident ofisida ishda. Ayollarimiz mana vazir o`rinbosari. Oldinlari bo`lmasdi. Mana shunaqa katta yo`nalishlarga tayinlanayotgani istiqbolli rejalar amaliyotga tadbiq qilinayotganidan dalolat.
Hamma davlatning ham o`ziga yarasha muammosi bor. Bizning mamlakatimizda buni katta muammo deb aytmaymiz. Bizda Senatda, quyi palatada ayollarimiz juda faol. Rejamiz keyingi saylovlarda, siyosiy partiyalar bilan faol ish olib borayapmiz. Faol xotin-qizlarning rezervini shakllantirib, ayollarni saylovlarga oldinroq tayyorlab, ya`ni erkaklar bilan teng qatnashib, qonunda belgilangan haqiqiy 30 foizni ular ham egallasin, har ikki palatada. Shu bo`yicha tayyorgarlik ishlari olib boyapmiz.
Bir necha yildan keyin ayollarimizdan vazirlar, vazir o`rinbosarlari, yirik kompaniyalar rahbarlari chiqsin bemalol. Chunki o`zbek ayollarining salohiyati juda yuqori.
— Harakat qilgan ayollar hokimiyatga intilsa, deylik, qaror qilish lavozimlariga intilsa, uddasidan chiqadi, demoqchimisiz?
— Uddasidan chiqadi. Hech qanaqa to`siq yo`q. O`zim, masalan, muammo bo`lsa ochiq gapiraman, to`siq yo`q. Faqat ayollar o`zlari O`zbekistonda erkakka yo`l beradi. Erkak asosiy tayanchimiz hisoblanadi. O`zimning faoliyatimda ham aytamanki, biz ayolmiz deb ayolligimiz uchun shu lavozimda o`tirishimiz shart emas. Haqiqatdan kuchli bo`lsak, bilimimiz yaxshi bo`lsa, turmush o`rtog`imiz rozilik berib, birgalikda oilaning og`ir aravasini birga tortamiz deb kelishib olsangiz, marhamat. Lekin erkak yo`l bermadi deb oiladan voz kechish ham noto`g`ri bo`lsa kerak.
— O`zbekistondagi hozirgi murakkab jarayonlarda aravani ayollar va erkaklar birga tortishi kerak.
— Albatta, bu jarayonlarni erkaklarning o`ziga tashlab qo`yish noto`g`ri bo`ladi. Biz, ayollar, katta lavozimlarda albatta ishlashi kerak degan fikrdan yiroqmiz. Chunki bizda ko`pchilik ayollarning o`zi ham xohlamaydi. O`zi ham uyda o`tirib yoki o`ziga yaqinroq ish joyi tanlashga harakat qiladi.Men farzandlarimga qarashim kerak, oilamning tinchini ta`minlashim kerak, deydi. Biz buni ham hurmat qilamiz. Bu ham ayolning huquqi. Shuning uchun xalqaro tashkilotlarda ayollar teng emas ekan, ular bu joyda kamroq ekan, degan fikrlarga biz mutlaqo qo`shilmaymiz. Hamma davlatda o`ziga xos urf-odatlar va an`analari bor. Mamlakatimiz ayollarining qarashlarida oila birinchi o`rinda turadi.
Mana o`zimga, sizning o`zingizda ham qarab faraz qilish mumkin, oilamizda shu sharoit borki, biz shunday xizmat safariga ham boramiz, yuramiz. Lekin ba`zi ayollarning bunday sharoiti bo`lmasligi ham mumkin. Ayollar o`zi ham shu narsani xohlamaydi. Shuning uchun ularga ham chiroyli sharoit qilib berishga harakat qilyapmiz. Uyda kasanachilik mehnatlari bor. Uyda o`tirib tadbirkorlik qilishi mumkin. Yaqinroq joylarda ishga kirib, mehnat qilsin. Ularning qiziqishlariga qarab, sharoit yaratyapmiz.
— O`zbekistonga xos mentalitet haqida gapiryapsiz. Bu erda muzokara va uchrashuvlarda asosiy mavzu - O`zbekistondagi nozik masala - majburiy mehnat. Uzoq yillar davomida O`zbekiston hukumatida bu biz uchun tabiiy hol, paxtani hashar orqali teramiz, paxtani hamma terishi kerak degan yondashuv bor edi. Lekin o`tgan 1-2 yilda bu yondashuv o`zgardi. Sizni tinglaydigan bo`lsak, O`zbekistonda bolalar mehnatiga chek qo`yildi, lekin majburiy mehnatni yo`q qilishga hali uzoq mehnat qilishimiz kerak, deb kelasiz. Bu haqda qanday gaplar eshityapsiz Vashingtonda, hozirgi uchrashuvlarda? Umuman, to`siqlar nima, majburiy mehnatdan qutulish uchun?
— O`zi mamlakatimizga mana shu ikkita tamg`a… Tamg`a desak to`g`ri bo`ladi. Bolalar mehnati va majburiy mehnat degan muammo. Bu Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2008 yildan boshlab qo`yilgan tamg`a. Iyul oyida Xalqaro mehnat tashkilotining konferensiyasida qatnashganimizda esimda… 2012 yilda birinchi marta kasaba uyushmalari federasiyasi raisi sifatida ishtirok qilganman. O`shanda hech kim biz bilan gaplashishni xohlamagan.
Jeneva shahrida bo`lib o`tgan anjumanda faqat O`zbekistonda bolalar mehnati, O`zbekistonda go`yoki hamma maktab, tashkilotlar yopiladi, hamma paxta yig`im-terimiga chiqib ketadi degan tassavvur bo`lgan. Haqiqatda bu gapning qandaydir qismi to`g`ri bo`lgan, ular aytgan darajada bo`lmasa ham. Lekin bizning mamlakatimizda paxta etishtirish yakkahokimlik hisoblangan, Sovet davridan qolib ketgan og`ir merosdan biri bo`lgan. Birdaniga bozor iqtisodiyotiga o`tishda paxta etishtirish mexanizmiga o`tish ham juda qiyin bo`lgan.
U bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Lekin mexanizasiya masalalalari ortda qolgani uchun, bozor munosabatlari sohasiga yaxshi o`tolmagani uchun ham shu muammolar yuzaga kelgan.
2008 yilda Xalqaro mehnat tashkilotining bolalar mehnatiga oid bo`lgan ikkita konvensiyasini O`zbekiston ratifikasiya qilgan. Mana shu ratifikasiyadan keyin hukumatimiz tomonidan qattiq ishlar olib borildi. O`sha paytlarda Shavkat Mirziyoev Bosh vazir edilar. O`sha paytda u bu masalani o`z bo`yniga olib, Xalqaro mehnat tashkilotini birinchi marta monitoring qilish uchun O`zbekistonga kiritishga u kishi rozilik bergan. O`shanda kasaba uyushmalari federasiyasi raisi sifatida bolalar mehnati bo`yicha tuzilgan muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, jamoatchiligi asosida, bo`lganman. Va 17 ta vazirlik, idora tashkilotlarini birlashtirib vaziyatni o`rganish, muammolarni aniqlab, qanday qilib bolalar mehnatidan qutulish kerakligini, Bosh vazir rahbarligida shu ishlarni amalga oshirganmiz.
2013 yilda dastlab ish boshlangan bo`lsa, Xalqaro mehnat tashkiloti 2013 yildayoq bolalar mehnati tizimli ravishda O`zbekistonda yo`q degan xulosani bergan. Lekin baribir xavf-xatarlar ham bor deyilgan.
Haqiqatdan ham bor edi. Ularni bartaraf qilish uchun, birinchi navbatda, masalaga loqayd bo`lgan hokimlarni o`qitish masalasi, davlat boshqaruvi akademiyasida hokimlarni o`qitish, shu o`qish tizimiga biz, xalqaro mehnat standartlarini qo`shib, ularning shu bo`yicha salohiyatini oshirishga qaratilgan ishni boshlagan edik.
Ikkinchidan, hamma xodimlar sog`liqni saqlash, mahalla tizimi va hokazo, malakalarini oshirish institutlari, o`quv kurslarida milliy va xalqaro mehnat standardlarini o`rgatish bo`yicha darslar joriy qildik.
O`zim ham treyner sifatida ularning o`qishida faollik ko`rsatdim. Kasaba uyushmalari, Mehnat vazirligi borib, u erga o`qitdik. Birinchidan, xalqimizning salohiyati oshirish kerak edi. Bu bo`yicha tushunchasi ham yo`q edi. Nima endi? Oilada bola ko`pku, teraversin paxtani, onasiga qarashayapti-da, degan tushuncha bor edi. Lekin u og`ir mehnat turlariga kiritilgani to`g`risida ota-onalar bilmas edi. Bu oilalarda bolalarni urib ishlatish emas, bilmaslik tufayli ham bo`lishi mumkin edi. Lekin bor edi - maktablarda, kollejlarda maktab o`quvchilarini olib chiqib ketish. Bor edi bu narsalar. Fermerlar masalan bemalol kollej rahbarlariga murojaat qilib, kelishib olib bolalarga terdirishi mumkin edi. Lekin 2013-yilda Bosh vazirimiz tomonidan bu narsaga chek qo`yildi. 2014, 2015-yil va hozirgi kunga qadar O`zbekistonda bolalar mehnati qayd etilmaydi, yo`q degan xulosani oldik.
— Qayd etilgan taqdirda ham chora ko`rilishi kerak, shundaymi?
— Qayd etilgan taqdirda, davlat shunday yaxshi tizim joriy qilinganki, ular birinchi navbatda, joyiga qaytariladi va ota-onalarga tushuntirish, darsdan o`z ixtiyori bilan chiqib ketgan bo`lsa, o`qituvchiga chora ko`riladi.
BMTda ham, ayniqsa, Vashingtonda bo`layotgan uchrashuvlarda, ko`p uchrashuvlar tinmasdan, hamma bizni - O`zbekistonni tabriklayapti. Aynan mana shu ikki og`riqli masalalarga O`zbekistonda chek qo`yilgani bilan tabriklayapti.
Birinchi navbatda, bularga ijobiy ta`sir qilgan narsa. Muhtaram Prezidentimizning o`tgan yili BMT yuqori minbaridan so`zlagan nutqida tan olinganidan tashqari biz Xalqaro mehnat tashkiloti bilan bu borada ish olib borayapmiz. Hamkorlikni davom ettiramiz, degan ma`noda ma`ruzada aytib o`tgan edilar. Shu ma`ruzaning o`zi bularga davlat rahbari hayrixoh bo`lganidan xursand ekanini qayd etmoqda. Majburiy mehnatni ham, BMTga kelib ketganlaridan keyin bu masalaga juda qattiq topshiriq ketgan, ya`ni davlatimizda bora-bora bu masala kun tartibidan mutlaqo chiqib ketadi.
Chunki davlatimizda paxta etishtirishda klaster metodiga o`tilyapti. Har bir viloyatlarda shu yo`nalishga o`tilyapti, ya`ni tadbirkorlar ekishdan boshlab to tayyor mahsulotga keltirganga qadar bu ish bilan o`zi shug`ullanishi joriy qilinyapti.
— Lekin o`sha tadbirkor ham majburiy mehnatga tayanishi mumkin…
— Yo`q, asosiysi majburiy mehnat mutlaqo bo`lmaydi. Bu ishlar boshlangan hozir. Navoiy viloyatida bo`ldim. Ularda yollash mehanizmlari zamonaviy, jahon standardlariga javob beradigan, yaxshi ish haqi to`lanadigan, mehnat sharoitlarlar yaxshilangan, ya`ni ijtimoiy himoyasi ta`minlangan tizim asosida odamlar yollanadi.
— Demak, paxtani terish uchun mavsumiy ishchi kuchi yollash mumkin?
— Albatta. Bizda, masalan, baribir mehnatga ehtiyoj bor, ishsizlik muammosi bor. O`zbekiston uchun ishsizlik muammosi birinchi muammo. Davlat rahbari olib borayotgan siyosat ham avvalo, aholini ish bilan ta`minlash masalasi. Shuning uchun bunday mavsumiy mehnatlar bizning davlatimiz uchun doimiy bo`ladi. Bu paxta terimi bo`ladimi, mana hozir meva-sabzavotchilikka katta urg`u berilyapti, mavsumiy ish, albatta, bo`ladi.
Bizning asosiy vazifamiz — mavsumiy ishchilarni qanday to`g`ri yollash kerak? Ularni qanday to`g`ri ishlatish kerak? Mavsumiy ishchilarning haq-huquqlarining to`liq ta`minlanayotganini belgilab berishimiz kerak. Ularning o`zlari ham talab qilishni bilishi kerak. Masalan, hududlarda yurganimda hayron qolaman. Bizda ishsiz odamning o`zi yo`q. O`zbekistonda hamma band, Navbahorxon. Lekin qandaydir bir odamga yollanadi-da ishlaverishadi. Ayniqsa, ayollarimiz. Masalan, Rishton tumanida bo`lganimda, u erda judayam chiroyli sopol mahsulotlari ishlab chiqariladi. So`radim, mehnat daftarchangiz bormi desam, yo`q, norasmiy sektorlarda ishlashadi. Norasmiy sektor degani, u ishlayapti, lekin mehnat daftarchasi ochilmagan. Shuning uchun ish beruvchini ham, xodimlarning o`zini ham ongini oshirishimiz kerak. Men kimgadir ishga kirdimmi, mehnat daftarchasi talab qilishim kerak, rasmiylashtirishim kerak. Davlatimizda bu borada ham xususiy tadbirkorlik, kichik bizneslar rivojlanyapti hozir, ayniqsa, oilaviy tadbirkorlik.
Rasmiylashtirish masalasi va shu mehnat standartlarining har birini, u oilaviy mehnat bo`ladimi yoki yirik korxona bo`ladimi, hammasida xalqaro normalarga javob beradigan standartlarni joriy qilishga to`liq erishishimiz kerak.
— Endi, tanqidiy taraflar bor, bilasiz. “Paxta kampaniyasi” degan xalqaro koalisiya bor, O`zbekistonda majburiy mehnatga qarshi targ`ibot olib borayotgan. Inson huquqlari tashkilotlari bor, “Human RightsWatch”, masalan. Ular bilan aloqadasiz, bilamiz buni. Ularga ham hamkor yoki ehtimoliy hamkor sifatida qaraysizmi? To`g`ri, mana Xalqaro mehnat tashkiloti bilan ishlayapsiz. Lekin boshqalar-chi? Shu paytgacha O`zbekiston hukumatini keskin tanqid qilib, hozirda islohotlar boshlanganini tan olib, lekin o`sha tub muammolarni hamon olg`a surayotgan tomonlar bor.
— Mana shunday xalqaro tashkilotlar oldin faqatgina salbiy masalalarni aytardi O`zbekistonga nisbatan. Biz Xalqaro menhat tashkiloti misolida ular bilan ishlash qanday bo`lishini ham ko`rdik. Masalan, Xalqaro mehnat tashkiloti 2012-yilda Jenevaga borganimizda hech kim biz bilan gaplashishni xohlamagan, xuddi biz qandaydir kasallangan mamlakatdek... Lekin keyinchalik muzokalar olib borib, davlatimizga taklif qilib, vaziyatni ko`rsatib, ular bilan birga mamlakat dasturlarini ishlab chiqib, ularni ham jalb qilib, ularning ishtirokini ta`minlaganimizda katta bir ijobiy natijalarga erishdik.
— Orada ishonch shakllana boshladimi?
— Shuning uchun o`ylaymizki, “HumanRights Watch” deymizmi yoki paxta koalisiyasi, kecha ular bilan ham uchrashuv o`tdi. Ular judayam ijobiy hozir. Prezidentimiz olib borayotgan siyosatdan ijobiy taassurotda ekanini o`sha tashkilotlar ham bildiryapti. Ular ham to`g`ri tushunchalarga ega bo`lmagani uchun, ayrim bitta yarimta odamlarning ma`lumotiga asoslangan holda butun davlat to`g`risida xulosa chiqarayotganini o`zlari ham tan olishyapti, bu narsa bor. Lekin ularning gapiniyam biz to`g`ri qabul qilishimiz kerak.
Bu tashkilotlarning ham qaysidir jihatlari to`g`ri bo`lishi mumkin. Ular noto`g`ri gapirayapti, demayman. Ularni ham to`g`ri qabul qilib, O`zbekistonda olib borilayotgan strategiyamiz, ustuvor yo`nalishlarimiz, dasturlarimiz, harakatlarimizning hammasiga biz korrektirovka kirgizib choralarni belgilashimiz kerak.
— Ular mustaqil monitoring bo`lsin degan talabni qo`yadi. O`zimiz mustaqil borib tekshira olaylik, degan talabni qo`yadi, bunga rozimisiz?
— Bizda hozir ochiqlik-oshkoralik… Ko`rib turibsiz, hamma tomonlama. O`zimiz har yili o`tkaziladigan monitoringimiz, masalan, buni hukumat o`tkazmaydi. Bu monitoring bolalar va majburiy mehnat bo`yicha tashkil qilingan muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tashkil qilinadi. Bunda kasaba uyushmalari, boshqa nodavlat tashkilotlar keng jalb qilingan. Ya`ni bu monitoringning o`zi mustaqil. Jahon banki qo`shilgan bunga. Lekin bularning gapi: boshqa odamlar ham etkazib tursin bizga. Bunga men qo`shilmayman.
Monitoring o`rkazishning o`zi katta bir bilim, salohiyat. Uning o`zining baholash mezonlari bor. Uni to`g`ri kelgan odam borib olib, baholayman deydigan bo`lsa, noto`g`ri bo`ladi. Shuning uchun eng nufuzli Xalqaro mehnat tashkilotini biz mana shu sohadagi vakolatli organ hisoblaymiz. Shu tashkilotga ishonamiz. Chunki ular bizga qanday xavf-xatarlar borligini ko`rsatib beryapti. Ularni bartaraf qilish uchun tegishli choralar belgilayapti. Oxirgi 3-4 yilda majburiy mehnat xavf-xatari kamayib bormoqda. O`zbekistonda majburiy mehnat yo`q degan xulosani Xalqaro mehnat tashkiloti ham 2-3 yildan beri beryapti. Bu, birinchidan,
Prezidentimizning olib borayotgan katta qishloq xo`jaligi, iqtisodiyot sohasidagi islohotlari natijasi deb bilamiz. Ikkinchidan, nodavlat sektorlarning ham hukumatga berayotgan yordami deb hisoblaymiz. Uchinchidan, Xalqaro mehnat tashkilotining ham ishtiroki borligini biz tan olamiz.
Shuning uchun mana shu tashkilotlar agar bizga to`g`ri yo`nalish bersa, to`g`ri hamkorlik qilsa, biz qabul qilamiz. “HumanRights Watch” O`zbekistonga borib yuribdi. Ular bilan biz juda ko`p muloqot qilyapmiz. Ularning gaplari bo`yicha birga ishlash tarafdorimiz. “Cotton Campaign” (Paxta kampaniyasi) ham kelmoqchi bo`lyapti, marhamat, kelsin. O`zbekistondagi vaziyatni ko`rsatamiz. Asosli takliflar bo`ladigan bo`lsa, qabul qilamiz va birgalashib amaliyotga joriy qilamiz.
— Muhimi, hamkorlikka ochiqsiz?
— Muhimi, hamma tashkilotlarning fikrini hurmat qilish va ijobiy qarash kerak. Lekin bu fikrlar o`rinlimi yo`qmi, muzokaralar davomida aniqlash mumkin. Ular ham buni to`g`ri tushunishadi.
— “Paxta kampaniyasi” tashqi bosim edi O`zbekistonga nisbatan. Ular o`zlarining faoliyatini tahlil qilganida O`zbekistondagi jarayonlarga qarab bizning faoliyatimiz foyda berdi, biz ta`sir ko`rsata oldik deyishsa, siz nima deysiz?
— Yo`q, bu narsaga qo`shilmayman. Chunki O`zbekistonda oldinlari ham tanqid bo`lgan, lekin O`zbekistonda hayrixohlik, sa`y-harakat bo`lmasa, hech narsaga erishib bo`lmaydi. Shuning uchun buni, birinchi navbatda, davlatimizning siyosati deb bilamiz. Qadamma-qadam shu masalalarni hal qilishga qaratilgan. Bular bizning asosiy hamkorlarimiz, ishtirokchi sifatida biz bilan birgalikda erishgan muvaffaqiyati deb bilamiz. Lekin ular o`zi borib, bir narsani to`g`rilay olmaydi. O`zbekiston hukumati yoki davlat rahbarining hayrixohligisiz hech narsaga erisholmaydi. Birinchi navbatda, bu - O`zbekistonning muvaffaqiyati, davlat rahbarining katta bir erishgan natijasi. Lekin bularning ishtirokini, albatta, tan olamiz.
— 8 mart kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoevni tinglaganimizda bir narsa o`zgarganini ko`rdik. Odatda nafosat, go`zallik bayrami sifatida nishonlanib kelingan bayramda bu safar Prezident ijtimoiy-siyosiy ma`ruza qildi. Ya`ni, O`zbekiston xotin-qizlarining jamiyatdagi o`rni naqadar siyosiy-ijtimoiy ahamiyatga ega ekaniga urg`u berildi. Siz uchun ham bu o`zgarishmi? Siz mana sistemada ishlab yurgan ayolsiz, shu paytgacha hukumatning munosabati qanday bo`lgan? Ayollarning iqtisodiy hissasini tan olish… Bu o`zgarishmi?
— Albatta, chunki ayollarni iqtisodiy hissasini tan olish. Birinchidan, ayollarsiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo`lmasligini yana bir bor e`tirof etish… Muhtaram Prezidentimiz o`zi lavozimiga kirishganidan boshlab bu narsani e`tirof qilib keladilar. Har bir hududga borganimizda ma`ruzalar bo`ladi. Bilasiz, davlat rahbarining ishi ko`p. Tashqi siyosat, ichki siyosat. Lekin shularning ichidan alohida bir yo`nalish qilib, xotin-qizlarning masalasi, albatta, aytib o`tiladi. Siz tashqi dunyoda, chetda yurgan bo`lsangiz ham internet orqali tanishishingiz mumkin, bizning tashkilotga nisbatan tanqidiy fikrlarni hamma joyda aytadilar. Bu judayam o`rinli tanqidlar chunki faoliyatimizda faqat faol ayollar bilan ishlab o`rgangan edik.
Birinchidan 8 mart arafasidagi ma`ruzalari barcha ayollar yuragida g`ururni oshirdi. Faqatgina siz zo`rsiz, siz onasiz, chiroylisiz deb o`tib ketish bo`lmadi, e`tirof bilan birgalikda masala ham qo`yib ketildi. Ayollarning ishtiroki muhim ekanligi qayd etildi.
Oldinlari faqat 8-martda bir kun ayolligini his qilardi. Hozir yil davomida ayollarga e`tiborni har bir ayol his qiladi. Har qaerga bormaylik, Prezident o`zlari ayollar bilan uchrashyaptilar. Oilalarga kirib, onaxonlarimiz, yosh kelinlar bilan, qizlarimiz bilan suhbatlashib, ularning ahvoliga o`zlari ham qiziqyaptilar. Bu jarayon tarixda hali bo`lmagan. Xalq ijobiy qabul qilyapti. Eng ko`p qo`llab quvvatlayotgan ayollar bo`lyapti.
“Zulfiya“ nomidagi davlat mukofoti 14 nafargina qizga berilardi. Hozir qizlarimizning jamiyatdagi ishtirokini, nufuzini oshirish uchun bu yil ikki baravarga ko`tarib berdilar. 28 nafariga o`z qo`llari bilan 8-mart bayramiga bag`ishlangan tantanada shu ko`krak nishonini taqib qo`ydilar.
O`zbekiston tarixida bo`lmagan 38 nafar ayollarimizga yuksak davlat mukofotlarini o`zlari taqdirladilar, bayram munosabati bilan. O`sha farmonda “Mo``tabar ayol” ko`krak nishoni ta`sis qilindi.
Jamiyatda faol ishtirok qilayotgan, nafaqat ishlayotgan, oilaparvar, ishlamasdan farzandlarini chiroyli qilib jamiyatga etkazib bergan ayollar ham bundan keyin taqdirlanadi.
Bog`chalar bo`yicha qarorlarni ham qarang, hamma harakatlar ayollarga. Bizda 2-3 ta tuqqandan keyin, bolalarga qarayman deydi; eng ishlaydigan, bilimli, kasb ko`nikmalari avjida paytida farzand tarbiyasi bilan bo`lib qoladi. 30-35 yoshgacha bolalariga qarab qoladi. Ko`nikmalari yo`qoladi, zamon o`zgaryapti, hammasi esidan chiqib qoladi. Bog`chalarni rivojlantirish ham ayollar uchun.
Uy-joy dasturlari ham, ipoteka kreditlari berilishi... Qiynalayotganlarga davlat byudjetlari ajratilyapti. 4-5 oila bitta tom ostida yashaydi. Xohlaymizmi yo`qmi ovsinlar o`rtasida janjallar chiqadi. Mana shu uylar oilaviy ajrimlarning oldini olishga xizmat qiladi. Har bir oila mustahkam yashasin, o`z daromadini topishni o`rgansin, ota-onasining qaramog`ida yashamasin, o`ziyam hayot kechirishga o`rgansin degan g`oyalar yotibdi buning tagida. Bundan ayollarimiz judayam minnatdor bo`lishyapti.
— Uy-joy ta`minoti haqiqatda og`ir masala. Bu sir emas. Bu qarorlar ayollar hayotini yaxshilash uchun qilinyapti deyapsiz, shu qarorlarni qabul qilishda ayollar bilan qanchalik maslahatlashilyapti?
— Bunda, albatta, kabinetga chaqirib maslahatlashish kerak emas. Biz pastga tushayapmiz, har bir hududda guruhlar ishlaydi. Ular ehtiyojlarni aniqlayapti. Qaysi hududda uy-joyga muhtojlik bor, ayniqsa, nogironlarning qanchasi uy-joy bilan ta`minlangan. Shularning asosida dasturlar shakllanadi. Maslahatlashuv, albatta bor. Xalq bilan muloqot asosida maslahatlar bo`lyapti, kabinetlarda emas.
— Siz odatda katta yig`ilishlardagi yolg`iz ayolsiz. Davlat xavfsizligi bo`yicha majlisda shuni ko`rdim. Erkaklar bilan ishlashni qanday tasvirlab bergan bo`lardingiz? O`zbekistonga hali ham erkaklar boshqaradigan davlat deb qaraymiz. Erkaklar saltanati! Sizdek ayollardan nimalarni o`rganish kerak?
— Birinchidan, O`zbekistondagi ayollar o`zi hammasi fidoyi. Lekin u yoki bu sababga ko`ra, oilaviy sababmi yoki o`zining yo`lini bilmagan, qanday qilib kesib chiqish kerak, shu sababli mening qatorimda shunday ayollar yo`q. Lekin bilamanki, salohiyatli ayollar ko`p. Mendan ham o`sib ketgan ayollar ko`p. Lekin ularda sharoit bo`lmaganki, mening safimga qo`shilishga. Qo`mitaning raisi sifatida mening eng asosiy vazifam - shu ayollarga turtki berib, tayanch bo`lib, mana shu saflarga qo`shish. Vashington, Nyu-Yorkda ham ko`ryapman, asosan ayollar bilan uchrashyapman. Bu er erkaklar saltanati emas, ayollar saltanati. Jarayonlarni ayollar boshqarayotganini ko`ryapman. Jinsga qarab emas, haqiqiy salohiyatli inson bo`lsa, shu joylarda o`tiradi.
— Siz uchun noqulay emas, demak, 20 erkak bilan ishlash, ular bilan bir majlisda o`tirish… Ularga o`z fikringizni ayta olasiz va ular sizni jiddiy qabul qilib, eshitadi?
— Qiyin emas. Chunki eshitishadi va hurmat bilan eshitishadi. Hokimlar deymizmi, opa deb e`tibor bilan hurmat qilishadi. Savollarimga javob berishganida onaga, opaga, singilga bo`lgan munosabatni his qilaman. Nafaqat men, boshqa ayollarimiz ham shu hurmatni his qilishadi. Erkaklarimiz haqiqatdan erkaklar saltanatini g`urur bilan olib ketishyapti desam mubolag`a bo`lmaydi.
— Katta rahmat, muloqot uchun!
— Sizga ham rahmat!
"Amerika ovozi" Navbahor Imomova