1

AQShda O`zbekiston Prezidentining islohotlari va tashabbuslari haqida kitob nashr etiladi

Siyosat 26.03.2018, 09:51
AQShda O`zbekiston Prezidentining islohotlari va tashabbuslari haqida kitob nashr etiladi

AQShda O`zbekiston Prezidentining islohotlari va tashabbuslari haqida kitob nashr etiladi. Bu haqda Vashingtondagi Jon Xopkins nomidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari Frederik Starr UzReport uchun bergan intervyusida ma`lum qildi, deya xabar beradi «Xalq so`zi».

— Shavkat Mirziyoev amalga oshirayotgan o`zgarishlar, islohotlar, yangi tashabbuslar nafaqat mintaqa, balki dunyo sahnasida muhim va katta qiziqish uyg`otmoqda, — deydi Frederik Starr. — Eng jur`atli, mardonavor, ijobiy islohotlar, hech kutilmaganda, O`zbekistonda sodir bo`lyapti. Endilikda bu haqida kitob yozmoqdamiz. Uch oydan keyin nashr etiladi. Bu nafaqat xorijlik o`quvchilar, balki sizlar uchun ham juda qiziq bo`ladi. Nega bunday qilyapmiz? Birinchidan, yangi Prezidentning qadamlari bunday bo`lgandi deb ko`rsatish. Ikkinchidan, savol tug`iladi: «Mazkur islohotlar kelajakda qanday imkoniyatlar beradi?»

Frederik Starr suhbatda Afg`oniston bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasiga ham to`xtalib o`tdi va Shavkat Mirziyoevning mazkur tashabbusini shunday baholadi.

«Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bugun dunyo maydonidagi eng asosiy qadamlardan biridir. Bu Janub tomon yuzlanish. Oddiygina suv masalasini olib ko`raylik. Suv sizlar va barcha uchun favqulodda muhim. Demak, Afg`oniston suv bo`yicha barcha muhokamalarda ishtirok etishi muqarrar. Shunday bo`ladi ham. Transport jabhasi. Sizning yangi temir yo`lingiz Afg`oniston hukumati uchun juda muhim. Gap shundaki, O`zbekiston Afg`oniston iqtisodiy taraqqiyotida eng asosiy rol o`ynash imkoniyatiga ega. Bunday imkoniyat allaqachon yaratilgan.

Eng asosiysi, Markaziy Osiyoning o`zi bu konferensiyani yig`di. Binobarin, bu sizning Prezidentingiz tashabbusi bilan sodir bo`layotgani favqulodda ahamiyatlidir. Bu butun dunyoga "Biz mintaqaviy muammolarni o`zimiz hal eta olamiz" degan qarashni namoyon etishdir», dedi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari.

Afg`oniston Markaziy Osiyoning iqtisodiyoti, madaniyatining bir qismiga aylanishi muqarrar. Bu shubhasiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1