1

O`zbekiston Prezidenti AQSh Davlat kotibi o`rinbosarini qabul qildi

Siyosat 26.03.2018, 20:20
O`zbekiston Prezidenti AQSh Davlat kotibi o`rinbosarini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg`oniston bo`yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQShning nufuzli delegasiyasi rahbari, AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, birgalikdagi sa`y-harakatlar O`zbekiston-AQSh munosabatlarini rivojlantirishga yangi sur`at bag`ishlaganini alohida ta`kidladi. Oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama muloqotlar O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilib, uni amaliy mazmun bilan boyitmoqda.

Mamlakatlarimiz o`rtasida yo`lga qo`yilgan muntazam siyosiy muloqotga yuksak baho berildi. Savdo, investisiya va yuqori texnologiyalar sohalarida qo`shma loyihalarni amalga oshirishda AQShning etakchi kompaniyalari va banklari bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuvda Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. O`zbekiston va AQSh afg`on mojarosini tinch siyosiy yo`l bilan hal etish bo`yicha jarayonni tez fursatda boshlash tarafdori ekanliklari ta`kidlandi.

Afg`oniston hukumatining mamlakatda tinchlik va barqarorlik o`rnatish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik jarayonlariga qo`shilish bo`yicha sa`y-harakatlarini ikki tomon ham qo`llab-quvvatlashi qayd etildi.

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Afg`oniston bo`yicha Toshkent konferensiyasini o`tkazish to`g`risidagi tashabbusni qo`llab-quvvatlagani va uning ishida AQShning nufuzli delegasiyasi ishtiroki uchun AQSh Prezidenti Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

AQSh Davlat kotibi o`rinbosari Tomas Shennon ushbu anjumanda ishtirok etish taklifi uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga samimiy minnadorlik izhor qildi. Mazkur muhim xalqaro tadbirning o`z vaqtida o`tkazilayotgani va dolzarbligi alohida ta`kidlandi.

AQShlik diplomat mamlakatimizda davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati va iqtisodiyot sohalarida yangi bosqichda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.

O`z mamlakati rahbariyati nomidan AQSh davlatlarimiz o`rtasidagi ikki tomonlama keng ko`lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1