1

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy delegasiyalar rahbarlarini qabul qildi

Siyosat 27.03.2018, 21:58
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy delegasiyalar rahbarlarini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoev 27 mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg`oniston bo`yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida Evrokomissiya vise-prezidenti, Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakili Federika Mogerini, Rossiya Federasiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho`g`li, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asifni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakili Federika Mogerinini qabul qilar ekan, urli darajadagi aloqalar kuchayganini mamnuniyat bilan qayd etdi, bu esa O`zbekiston va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish yo`lida birgalikdagi sa`y-harakatlardan dalolatdir.

Suhbat chog`ida Afg`onistondagi vaziyatni tinch yo`l bilan hal qilishda zarur ko`mak ko`rsatish va mintaqani barqaror rivojlantirish, shuningdek savdo, investisiyalar, innovasiyalar, ta`lim va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi. Kelgusi yilda Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha yangi Strategiyasini qabul qilish muhimligi qayd etildi.

O`zbekiston Prezidenti Rossiya Federasiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuqori sur`at bilan rivojlanib, izchil mustahkamlanayotganini alohida ta`kidladi.

So`nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik aniq amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi. O`zaro savdo hajmi ortib bormoqda, muhim sarmoyaviy loyihalar bajarilyapti, ishbilarmon doiralar va mintaqalar o`rtasidagi kooperasiya aloqalari kuchaymoqda. Ta`lim, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar almashinuvga oid yangi dasturlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning kuzida kutilayotgan Rossiya Federasiyasi Prezidentining O`zbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik jarayonlari ko`rib chiqildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho`g`lini samimiy qutlar ekan, do`stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida o`tgan yili oktyabr oyida Turkiyaga oliy darajadagi tashrif chog`ida erishilgan kelishuv va bitimlarni to`la amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko`rish, avvalo muzokaralar kun tartibini savdo, sarmoya, yuqori texnologiyalar, transport va turizm, madaniyat sohalari va boshqa yo`nalishlardagi o`zaro manfaatli hamkorlikka oid aniq loyihalar, dasturlar bilan boyitish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif bilan uchrashuv chog`ida ikki tomonlama munosabatlarga amaliy ruh bag`ishlash zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari o`zaro savdo, qishloq xo`jaligi mashinasozligi, engil sanoat va boshqa tarmoqlardagi kooperasiya aloqalari, transport kommunikasiyalarini rivojlantirish, O`zbekistonga ziyorat turizmi uchun tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini oshirish bo`yicha foydalanilmayotgan ulkan salohiyat mavjudligini alohida qayd etdi. Aloqalarni yanada faollashtirish, turli darajadagi o`zaro tashriflar hamda qo`shma tadbirlarni tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar chog`ida xorijiy delegasiyalar rahbarlari Afg`oniston bo`yicha Toshkent konferensiyasini to`liq qo`llab-quvvatlashini bildirib, u o`z vaqtida tashkil etilgani va tadbir kun tartibiga kiritilgan masalalar dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Forum natijalari ushbu mamlakatdagi vaziyatni tinch muzokaralar yo`li bilan hal qilish jarayonini amalga oshirishga salmoqli hissa qo`shishiga ishonch bildirildi.
Mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy yangilanishlar va sosial-iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi, shuningdek, O`zbekistonning mintaqada konstruktiv, o`zaro manfaatli hamkorlikda tutgan faol ishtirokiga yuksak baho berildi.

Yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbariga Evropa Ittifoqi rahbariyati, Rossiya, Turkiya, Pokiston rahbarlarining salomi va samimiy tilaklarini etkazib, mamlakatlarining O`zbekiston Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1