1

Davlat mukofotlarini berish sohasida qanday yangiliklar joriy etiladi?

Siyosat 29.03.2018, 12:39
Davlat mukofotlarini berish sohasida qanday yangiliklar joriy etiladi?

Oliy Majlis Senatining ayni paytda o`z ishini davom ettirayotgan o`n to`rtinchi yalpi majlisida senatorlar yangi tahrirdagi “Davlat mukofotlari to`g`risida”gi qonunni ma`qulladi. Ba haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

Jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo`shayotgan shaxslarni har tomonlama rag`bantlantirish va qo`llab-quvvatlash maqsadida “Davlat mukofotlari to`g`risida” va “O`zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini joriy qilish to`g`risida”gi qonunlar qabul qilingan.

Shu asosda 50 dan ortiq davlat mukofoti, jumladan “O`zbekiston Qahramoni” unvoni, 34 faxriy unvon, 10 dan ortiq orden va medal hamda O`zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig`i ta`sis etilgan.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil iyul oyidagi qarori bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O`zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari va geraldika bo`yicha Komissiyasi tashkil etildi. Mazkur Komissiya doimiy ishlaydigan maslahat va kengash organi bo`lib, Prezidentning O`zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlash va faxriy unvonlarni berish masalalarini hal etish bo`yicha konstitusiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini ta`minlaydi. Geraldika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Yangi tahrirdagi qonun bilan mazkur komissiyaning huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda.

Qonunning muhim jihatlaridan biri shuki, unda xorijiy tajriba hamda amaliyotda O`zbekiston fuqarolarining chet el mukofotlari bilan taqdirlanish hollari mavjudligi inobatga olingan holda O`zbekiston fuqarolar chet el davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkinligi aks etdi.

Prezidentga davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma kiritishi mumkin bo`lgan sub`ektlar doirasi kengaytirildi. Endilikda Sudyalar oliy kengashi, Markaziy bank, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, shuningdek xo`jalik boshqaruvi organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari respublika organlarining rahbarlari ham davlat mukofotlariga taqdim etish huquqiga ega bo`lmoqda.

Fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni davlat mukofoti bilan taqdirlashga doir taqdimnoma kiritish tartibi chet el fuqarolariga nisbatan qo`llaniladigan tartib bilan bir xil tarzda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mukofotlari bilan taqdirlash tashabbusi bilan mustaqil ravishda chiqish huquqi qonunda o`z ifodasini topdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash parlament palatalari tashabbusi bilan amalga oshirilishi belgilandi.

Davlat mukofotlarini topshirishi mumkin bo`lgan sub`ektlar doirasi davlat mukofotlariga taqdim etishi mumkin bo`lgan sub`ektlar doirasiga mos ravishda kengaymoqda.

Davlat mukofotlari to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik masalasi ham takomillashtirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1