AsosiySiyosat

Ne`matilla Yo`ldoshev: Muammolarni qayd etmay, echimi uchun amaliy harakat qilishimiz kerak

'Ne`matilla Yo`ldoshev: Muammolarni qayd etmay, echimi uchun amaliy harakat qilishimiz kerak 'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisida ma`ruza qilgan Senat raisi Ne`matilla Yo`ldoshev mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida keyingi paytda amalga oshirilgan ishlar nafaqat xalqimiz, balki dunyo jamoatchiligi e`tibori va e`tirofiga sazovor bo`layotganini ta`kidladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Afg`onistonda tinchlik va mintaqada barqarorlik o`rnatishga oid Toshkent konferensiyasi o`z ahamiyati va ko`lami bilan jahon jamoatchiligi e`tiborini tortdi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi rivojlanish strategiyasi to`g`ri tanlanganini anglatadi. Bu jarayonda mavjud muammolarni hal etish, qonun ustuvorligi va adolatni ta`minlashga qaratilgan izchil ishlar O`zbekistonni yangi qiyofadagi demokratik davlat sifatida namoyon qildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tubdan takomillashtirildi. Ularning faoliyati xalq xizmatiga safarbar etildi.

Bu odamlarning munosib sharoitda yashashiga, huquq va manfaatlari ta`minlanishiga xizmat qilmoqda. O`z navbatida, fuqarolarning fikrlashi ham bugungi kun talabiga mos tarzda o`zgarib, ularning o`z huquqlarini talab qilib vakolatli davlat organlari murojaat qilishi keskin o`sdi.

Shiddat bilan kechayotgan islohotlar samaradorligi ortishi, mummolar echim topishiga hissa qo`shish bizning ham muhim vazifamizdir. Shu bois Senat a`zolari e`tiborini sustkash ishlashga barham berish zarurligiga qaratmoqchiman.

Davlat dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosi, xususan joylarda kichik sanoat zonalari barpo etishga oid topshiriqlar bajarilyapdimi? Afsuski, o`rganishlarda bu boradagi qo`pol kamchiliklarga yo`l qo`yilayotgani ma`lum bo`ldi. Bunga ko`proq banklar tomonidan vaqtida kredit mablag`larining ajartilmayotgani, “O`zbekenergo”, “O`ztransgaz” kabi tashkilotlarning zimmasidagi mas`uliyatni lozim darajada bajarmayotgani sabab bo`layotir.

Ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning 30 foizi bajarilmagan. Boisi bunday dasturlar uchun ajratilishi zarur bo`lgan kreditning 40-50 foizi berilgan, xolos.

Xalq hayoti, farovonligi bilan bog`liq dasturlar ijrosi borasida senatorlar va deputatlarning loqaydligini ham oqlab bo`lmaydi.

Senat raisi o`z so`zida shifokorlar, fan o`qituvchilari etishmayotgani, bu kabi muammolarga barham berish bilan bog`liq mulohazalarini ham bayon etdi.

Biz qachongacha muammolarni qayd etish bilan shug`ullanamiz? Ularning echimi yuzasida amaliy ishlar qilishimiz kerak.

Yangi maktablar qurish talab darajasida emas. Ta`lim sifatining yomonlashayotganiga, yosh avlodni kitob bilan ta`minlashdagi sustkashlikka baraham berilishi kerak.

Aholi qiynayotgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridagi ahvol ham e`tibordan chetda qolmadi. Ushbu maqsadda tashkil etilgan agentlik muammolarni uzil-kesil hal etish bo`yicha samarali ish olib bormayotgani tanqid qilindi.

Joylarda aholini elektr energiyasi bilan ta`minlashda hamon kamchiliklarga yo`l qo`yilmoqda. Bundan tadbirkorlik sub`ektlari ham aziyat chekmoqda. Aholini suyultirilgan tabiiy gaz bilan ta`minlashda oqsoqlik bor. 2017 yilda aholiga ajratilishi kerak bo`lgan suyultirilgan gazning bor-yo`g`i 50 foizi etkazib berilgan.

Joylardagi magistral yo`llar va ichki yo`llarning ahvoli ham talabga javob bermaydi.

Jinoyatchilikka qarshi kurshish umumxalq harakatiga aylandi. Jinoyatchilik 2017 yilda 16 foizga, joriy yilning o`tgan davrida 41 foizga kamaygan. Biroq, joylarda, masalan Samarqandda qotillik, Toshkent viloyatida o`g`rilik, Buxoro viloyatida bosqinchilik sezilarli darajada oshgan.

Fuqarolarning o`z joniga qasd qilishining oldini olishga qaratilgan ishlar tufayli bunday holatlar kamaygan bo`lsa-da, bunday holatlar Samarqand, Qoraqalpog`istonda oshgan.

Giyohvandlar, ruhiy kasallarni majburiy davolash to`g`ri yo`lga qo`yilmagan. Odam savdosi, axloqqa qarshi jinoyattlar sodir etganlar orasida ayollar ko`proq uchramoqda

Bunday holatlarga barham berish, xalqni oziq-ovqat bilan ta`minlash, ayniqsa g`alla mo`l bo`lishiga erishish, aholining shaxsiy tomorqa erlaridan oqilona foydalanishlarini ta`minlashga e`tibor kuchaytirilishi qayd etildi. Tomorqadan foydalanish bo`yicha paramant nazorati yo`lga qo`yiladi.

    Boshqa yangiliklar