1

Mashhur aktyor rafiqasi bilan Buxoroning diqqatga sazovor joylari ziyort qildi

Madaniyat 29.03.2018, 16:04
Mashhur aktyor rafiqasi bilan Buxoroning diqqatga sazovor joylari ziyort qildi

Turkiyalik mega yulduz Murat Yildirim o`zbekistonlik yosh va iqtidorli rejissyor Muxlisi Azizovaning “SCORPION” trillerida suratga tushayotgani haqida xabar bergandik. Shu munosabat bilan u o`tgan haftani Buxoro viloyatida o`tkazdi.

Ish grafigining tig`izligiga qaramay mashhur aktyor o`z turmush o`rtog`i bilan qadimiy shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishga, xalqimiz mehmondo`stligidan bahramand bo`lishga ham ulgurdi.

“Birinchi navbatda aytishni istardimki, menga quyoshli O`zbekiston juda yoqdi. Ayniqsa, Buxoroning tarixiy yodgorliklari katta taassurot qoldirdi”, - dedi ijodkor Toshkentda tashkil etilgan matbuot anjumanida.

Murat Yildirim o`zbek xalqining mehmonnavozlik fazilatlaridan yaxshi xabardorligi, Turkiyada yashayotgan o`zbeklar ichida ko`plab do`stlari borligini e`tirof etdi.

Yana “O`zbekistonda “Osiyo” teleserialini katta qiziqish bilan ko`rishgani meni hayratga soldi va bu erda kaminani hamma bilar ekan”, - deya qayd etdi u.

Ayni chog`da “Scorpion” filmida suratga tushishga bajonidil rozi bo`lganini mamnuniyat bilan ta`kidlab o`tdi.

“Menga ijodiy guruh, sheriklar va albatta, ssenariy juda yoqdi. Biz Muxlisa bilan til topishdik. Asllikni yo`qotmaslik uchun kamroq dubllar qilishga intildik”, - dedi u.

Murat Yildirim, shuningdek, Muxlisa Azizova yosh bo`lishiga qaramay o`zining suratga olish guruhini mahorat bilan boshqargani, har bir detalga alohida e`tibor qaratganiga to`xtalib o`tdi.

“Uning harakatchanligi, maqsad sari intilishi va qat`iyligi olqishga sazovor. Bunday iste`dodli rejissyorlar va professionallar bilan o`zbek kinematografiyasi katta muvaffaqiyatlarga erishadi”, - deya qayd etdi turk aktyori.

Eslatib o`tamiz, “Scorpion” trilleri Ichki ishlar vazirligi, O`zbekiston Yoshlar ittifoqi, “O`zbekkino” Milliy agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Kinematografiyani rivojlantirish markazining qo`shma qarori asosida suratga olinmoqda.

Tasvirga tushirish ishlari Toshkent va Buxoroda nihoyasiga etdi. Endi ijodiy guruh Rossiya va Marokashga jo`nab ketadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1