Tirnoqsiz ayol bilan parda ortida suhbat

Mutolaa 29.03.2018, 17:07
Tirnoqsiz ayol bilan parda ortida suhbat

— Er-xotin farzand ko`rmadik. Yaratganning tirnoq berishini kuta-kuta ancha yil birga yashab qo`ydik. Bir necha bor shifokorlar ko`rigidan o`tdik. Ular erimda «ayb» borligini aytishdi. Erkak va ayolni oilada bog`lab turgan rishta bola bo`lar ekan. Shuning uchun ko`pchilik er-xotinlar farzand ko`rishmasa ajrashib ketishadi. Ammo biz unday qilmadik.


— Nega? Agar taqdiringizni boshqa inson bilan bog`laganingizda balki farzand ko`rarmidingiz?
— Bilmadim! Ikkalamiz bir-birimizga juda bog`lanib qolgan edik. Qolaversa o`zimdan ko`ra erimni ko`proq o`yladim. Erim bola ko`rmasligini eshitgach eru ko`kka sig`may qoldi. Shunday paytda men uni tashlab ketsam, uyidagilar yana boshqasiga uylantirishadi. Agar ikkinchi xotindan ham bola ko`rmasa, bechoraning holi ne kechadi? Erimga tegishli sirni hech kimga, hatto uning yaqinlariga ham oshkor qilmadik. Ikkimiz maslahat qilib, bola asrab oladigan bo`ldik. Ajab emas, bolaning qadami qutlug` kelib, orqasidan o`zimiz ham farzandli bo`lsak, deb o`zimizni qattiq ishontirdik… Bola axtarish bilan o`zim shug`ullanib, ko`p sarson bo`ldim. Bir kuni «Bolalar uyi» darvozasi oldida tursam bir kishi bilagimdan mahkam ushladi. O`girilib qarasam yonimda rangi dokadek oqargan bir qiz turardi. U hadik ichra:
— Maboda sizga bola kerak emasmi? — dedi.
— Qaerda ekan, o`sha bola?! — dedim yuragim orziqib.
— Qiz bo`lsachi?!
— Menga baribir, tanlamayman, bola bo`lsa bas!
— Oy kunim yaqin, uzog`i bilan besh-olti kun ichida tug`ar ekanman, shifokorlar aytishdi, — dedi suhbatdoshim qornidagi homilasiga ishora qilib. — Iltimos, meni uyingizga olib keting, ko`zim yorigach, ketaman.

— Qayoqqa ketar ekan? Nega u bolasidan kechmoqchi bo`ldi?
— U hali turmushga chiqmagan ekan. Shaharga o`qigani kelib homilador bo`lib qolibdi. O`qiydigan joyidagi yotoqxonada turgan ekan, dugonalari tug`ishini bilib qolishib, sig`dirmay qo`yishibdi. Gapning qisqasi uning homiladorligini ota-onasi va yaqinlari bilishmas ekan.

— O`sha qizning kim ekani, qandayligi sizni qiziqtirmadimi?
— Yo`q, zarracha qiziqtirmas, tezroq tug`ishini kutardim, bolasini o`zimning nomimga rasmiylashtirib, uni istagan manziliga kuzatib qo`yishni ko`zlar edim xolos. Qolaversa bolaning o`zi oyoqlarim ostidan chiqqaniga quvonardim. Ayrim sabablarga ko`ra, uni bir qarindoshimiznikiga etaklab bordim. Yanglishgan ekan, oradan sakkiz kun o`tib qiz emas o`g`il tug`di. Yonida o`zim turib, nima darkor bo`lsa hammasini muhayyo qildim. Shifoxonadan chiqqach, bolaga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib uni kuzatib qo`ydim. Ammo uyimni qaerdaligini aslo bildirmadim.

— Bola asrab olganingizga yaqinlaringiz, eringizning uyidagilar qanday qarashdi?
— Chaqaloqni olib kelgan kunim uyimiz mehmonlarga to`lib ketdi. Qaynona-qaynisingillarim, ovsinlarim, barimiz jam bo`ldik. Shunda oppoq yo`rgakli bolamni — Umidjonimni ko`tarib qaynonamga peshvoz chiqib:
— Enasi, mana nevarangiz, — dedim.
— Hm, ko-o-o-tta yigit bo`lsin, — chimirildi qaynonam. Uning piching aralash gapidan «haromidan bino bo`lgan» degan ishora sezilib turardi.
— Vuy, kennoyi, muncha mushuk bolasidek, nima balo chala tug`ilganmi? — «chaqib» oldi kenja qaynisinglim. Xullas, etimchani hech kim qo`liga olmadi.

— Ularning gaplari sizga og`ir botgandir?
— Yuragim uvishib, xo`rligim kelib ketdi. Agar o`z bolam, o`z jigarporam bo`lganida edi, qaynonam «tuf-tuf»lab qo`liga olgan, qaynisingillarim bir nimalar deb mehrimni tovlagan bo`lar edi. Afsuski, bola meniki emas, uning tomirlarida o`zga bir ayolning, o`zga bir erkakning qoni oqayotgandi.

— Chaqaloqni boqish qiyin bo`lgandir-a?
— Umidjon juda yig`loqi chiqdi. Na so`rg`ichga ko`nadi, na boshqa ovunchoqqa. Tuni bilan ona-bola bedormiz. Bola chir-chir yig`layveradi, uning sari dadasining asabi buzilib so`kinadi. Boshini to`shakka burkab oladi. Men bo`lsam bolani hali beshikka, hali belanchakka solib tebrataman, qani ko`nsa.

— Eringizning nega achchig`i keldi. Axir uning roziligi bilan bola oldingiz-ku?!
— O`shanda uni tushunishga harakat qildim. Ayol kishi bir nimadan siqilsa, ranjisa alamini ko`z yoshidan oladi. Ammo erkak-chi… u barcha g`am-anduhni ichiga yutar ekan. Umidjonni ko`tarib ilk bora uyga kirib kelgan kunim erim «keldingizmi?» dedi-yu, bolaga qayrilib ham qaramadi. O`shanda bola o`ziniki bo`lganida qanday bo`lardi-ya, shoshib qo`liga olarmidi, deb unga yurak-yurakdan achinib ketgan edim…

— Bolangizni biron joyi og`rigandir-da, o`shanda?
— Negadir Umidjon yig`lashdan bo`shamay qoldi.
— Do`xtirga olib boring, padar la`natini, nimaga yig`laydi, — darg`azab bo`ldi dadasi bir kuni.
— Bu ham mitti odam, yashayman deb yig`laydi-da! — dedim men ham tutoqib.
Qorinchasini avaylab silayman, kinnalab ham ko`raman, baribir chakagi tinmaydi. Uni yupantira olmay bir gal ko`krak tutib ko`rdim, u buni fahmlay olmadi. Do`xtirga olib borsam, oshqozon-ichak yo`llari kasallangan ekan, yotib davolandik. Shu mitti odamchaga mehrim tushib qoldi. Uyqusiz tunlar, adog`i yo`q allalar, bularning hammasi mening yuragim bilan bola yuragi o`rtasiga to`g`ri chiziq tortgan edi.

— Bolali bo`lib, er-xotin ancha g`am-anduhni unutgandirsizlar?
— Qani edi shunday bo`lganida. Farzandsiz yurish qanchalar og`ir bo`lsa, uni asrab olish undan ham battar ekan. Ko`chaga chiqsam tanish-bilishlar bir-biriga xuddi meni barmoqlarining uchida ko`rsatayotgandek tuyulaverardi.
Ona-bola ikkimiz ko`p qiynaldik. Men hamma ishni yig`ishtirib qo`ydim, butun ixtiyorim bolamda. Bola ona sutini emmagani uchun nimjon bo`lib qolmasin deb, turli mevalarning sharbatini berib ko`rdim. Hech erinmay oyoq-qo`llarini uqalayman. Kechalari g`ashlik qilib uxlamaydi. Dast o`rnimdan turib sut pishiraman, kashasini tayyorlayman. Tong oqarishi bilan uning ko`ziga uyqu ilinadi.
…Kunlar shu zayl o`taverdi. Nihoyat ko`z qorachig`imiz ikki yoshga kirdi. Do`mboqqina, ko`zlari tim qora suygulik bo`ldi. Endigina onalik hissini, g`ururini tuyib, bolamning kelajagidan umidlanib yurganimda to`satdan Latofat — bolamning tuqqan onasi haqida xabar keldi. U qarindoshlarimiznikiga bolasini izlab kelganmish. Yaxshiyam ular uyimning qaerdaligini aytishmabdi. Bu xabarni eshitib yuragim dukurlab urdi, birov ko`ksimdan bir chimdim etni uzib olganday edi. «Topolmaydi baribir. Topsa ham ikki dunyoda unga bermayman, bolamni!» derdim.
Eshitishimcha, Latofat turmushga chiqmabdi. Tug`ib qo`ygani oshkor bo`lgach, o`qishidan haydalibdi, ota-onasi oq qilibdi. Oting o`chgur haliginaqangi «kasb»ni etagidan mahkam tutib olganmish. Birni qo`yib, birni kiyar, yalagani moy, xuddi boyvachchalardek yashayotganmish.

— Shunday ekan, bola nimaga kerak bo`lib qopti unga?
— Xuddi shu savol meni ham ezib yubordi. Bolamga qarab bir quvonsam, onasi yodimga tushsa bir ezilaman. Xayolimda bir kun boladan ayrilish g`amini tortadiganday bo`laverdim.
«Kelmas-ov, kelsayam qonun biz tomonda, axir o`zi rozi bo`lib bolasidan kechdi-ku!» deydi erim vazmin xo`rsinib. Chunki bolaga erimning ham mehri tushib qolgan edi.
Onam bo`lsalar: «Er yutgur, bolani nima qilarmish, kerak bo`lsa yana tug`ib olmaydimi?» deydilar jonsaraklik bilan.
Bu xabar qaynona-qaynisingillarimga moydek yoqdi: «Bolasini berib yuboring, xudo bersa o`zingiz tug`ib olasiz» deyishdi. Bilishmaydi-ki, akalari bilan meni farzand ko`ra olmasligimizni…
Ohu nolalarim Xudoga etib, Latofat qaytib bolasini daraklatmadi.
Umidjonning ettiga kirganiga hech ishongim kelmasdi. Kecha emasmidi bir parcha etni jonimda asraganlarim, mitti yurakchasining dukurlashiga quloq tutib yashab ketarmikin, deya qayg`urganlarim, bari o`tdi. Birinchi sinfga borishiga oz qolganida kam-ko`stlarini butlash maqsadida o`zim bilan birga bozorga olib bordim. Savdo rastalarini zerikmay aylanib, ko`ngildagidek buyumlarni xarid qildik. Bozordan chiqib, katta yo`ldan ketayotsak, qarshimizdan bir ayol chiqdi-yu, turgan erida misoli toshdek qotib qoldi. Avval tanimadim. Keyin ongimda «yarq» etib ismi chaqnadi. Yuragim badanim uzra sidirilib tushganday, ters o`girilib bolamni qo`lidan mahkam tutib, jon holatda taksiga chopdim. Mashina yo`lga tushganida Latofat ortimizdan beso`z tikilib turardi.
Ancha vaqtgacha o`zimga kelolmay yurdim. Qon bosimim oshib ketgan, ikki chakkam lo`qillardi. Buning ustiga o`g`lim savol berishdan charchamaydi:
— Oyi, nimaga o`sha xotindan qochdik, nima u dushmanimizmi?
Bolaga nima deb javob berishni bilmay karaxt bo`lib turaveraman.

— Keyin nima bo`ldi, Latofat uyingizni qaerdaligini bilmas edi, topa olmagandir?
— Bir kuni ko`cha eshikdan birov otimni aytib chaqirdi. Darvozani ochib, ko`zlarimga ishonmadim. Axir o`g`limning tuqqan onasi edi bu ayol.
— Keling, — dedim ko`nglim xushlamay.
— Keldim, — dedi bezrayganicha yuzimga tik boqib.
Shu payt ichkaridan bolajonim yugurib chiqdi. Latofat uni mahkam bag`riga bosdi. Bolam bir unga, bir menga mo`ltirab turardi. O`sha-o`sha Latofat menga bildirmay keladigan bo`ldi. Bolani sovg`a-salom bilan aqlini o`g`irlab qo`ydi. Oxir-oqibat bolamizni o`g`irlab ketdi. Shundan beri erim ikkimiz nima qilarimizni bilmaymiz. Iloji bo`lsa bizga yordam beringlar. Kim nima desa desinu, dadasi ikkimiz Umidjonni juda sog`indik. U bizning farzandimiz.

Azizaning iztirobli so`zlarini eshitar ekanman, taskin tasalli berishdan o`zga chora topa olmadim. Chunki bunday ishlar bilan tegishli idoralar shug`ullanishadi. Shug`ullanishganidayam go`dakligida o`z bolasiga mehr ulasha olmagan onani aslo himoya qilishmaydi. Bir narsaga aminmanki, qonun tomonidan Aziza va uning eri haq. Chunki ular onasi tashlab ketgan bir parcha etni boqib olishib, mashaqqat bilan ulg`aytirishdi. Bor mehrini berishdi. Umid qilamizki, Umidjon albatta o`z ota-onasining bag`riga qaytadi. Axir tuqqan emas, boqqan ona deb bejiz aytishmagan-ku!

YoRQINOY QOSIMOVA

Oilam.uz saytidan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1