1

Nonning uvog`i ham non, biroq...

Salomatlik 14.06.2014, 10:25
Nonning uvog`i ham non, biroq...

Qadim zamonlardan beri non insoniyatning asosiy rizq-ro`zi, xususan xalqimiz uchun dasturxlon ko`rki  bo`lib kelayotir. Tandir taftini olib pishgan so`lqildoq nondan ham xushbo`y, lazatliroq ne`mat topilmasa kerak.

Ming afsuski, dasturxonimizga etib kelayotgan nonning sifati har doim ham bizni quvontiravermaydi. Bu noxush holatning sababini aniqlash uchun “Toshkent-non” assosiasiyasi raisi Maqsud Qosimovni suhbatga tortdik.  

Foydasi nimada?

Non uglevod manbalaridan biri bo`lib, tarkibida ko`p miqdorda V guruhi vitaminlari mavjud. U oqsilga bo`lgan ehtiyojimizning uchdan bir qismini, kaliy ehtiyojining chorak qismini, temir ehtiyojining teng yarmini qondira oladi. Jismoniy mehnat bilan shug`ullanmaydigan katta yoshdagi odamning non iste`mol qilish me`yori kuniga taxminan 300-350 grammni tashkil etadi. Biroq insonning yoshi, faoliyat turi, tana vazni, vujudining o`ziga xosliklari, ovqatlanish rasioniga kiruvchi boshqa oziq-ovqatlarning miqdori va tarkibiga bog`liq holda bu miqdor o`zgarishi mumkin.

Kafolatlangan sifatni talab qiling

Bizning korxonalarimizda asosan 1 navli vazni 600 gramm (±3%) va qat`iy narxi 600 so`m deb belgilangan qolipda pishirilgan nonlar ishlab chiqariladi. Bu non O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan texnologik qo`llanmalar asosida tayyorlanadi.  Non ishlab chiqaruvchi nonning tandirdan chiqarilganidan keyingi 24 soatdan oshiq bo`lmagan vaqt mobaynida sifatli bo`lishini kafolatlaydi, bu korxonaning savdo tarmoqlarida realizasiya qilish schet-fakturalarida ko`rsatilgan. 

Tarkibi qanday?

Ishlab chiqariluvchi mahsulotning quyidagi tarkibi tasdiqlangan:

● 1 navli un — 100 kg;

● yodlangan tuz — 1,3 kg;

● presslangan xamirturush — 1,0 kg;

● suv unning namliligiga bog`liq holda olinadi.

Yozgi qo`shimcha

Issiq davrda non yopish uchun  non tayoqchalarining ko`payishidan saqlanish kerak bo`ladi. Buning uchun  oshiqcha kislotalilikka ega bo`lgan achitqidan foydalaniladi. Xamir oshishini tezlashtirish va shu bilan zararli tayoqchalarni yo`qotish uchun bir oz sirka kislotasi ham solinadi.

Bilasizmi?

Kartoshka tayoqchasi — yozda eng keng tarqaladigan non “kasallari”ning biridir. Uning sporalari 100°Sdan yuqori haroratga ham bardosh beradi va issiq va nam joyda tez ko`payadi. Dastavval nondan valeriana tomchilari yoki mevalar essensiyasining hidini eslatuvchi engil hid taraladi.  Bora-bora bu hid kuchayib, badbo`ylashadi. Bu jarayon davomida non mag`zi qorayib, nam va yopishqoq bo`lib boradi, nonning tarangligi yo`qolib, sindirganda  cho`ziluvchan iplar ko`rinadi.  Bunday non iste`mol uchun yaroqsizdir.

Bu tayoqchalar qanday paydo bo`ladi?

Bakteriyalar un ichiga asosan yig`im-terim paytida “zararlangan” bug`doyni maydalash paytida tushib qoladi. Shu sababli un doimo qaysidir darajada ushbu tayoqchalar bilan “kasallangan” bo`ladi. Bug`doy tegirmonlarga olib kelingan vaqtda tayoqchalarni yo`qotish choralari amalga oshiriladi, ammo ularni yuz foiz yo`qotishning iloji yo`q. Har safar un olib kelinganida, uning sifati texnologlarimiz tomonidan tekshiriladi. Barcha korxonalarimizda mavjud bo`lgan maxsus laboratoriyalarda har kuni nonning ushbu tayoqchalar bilan zararlanganligi tekshirib turiladi.

Darakchi ma`lumotnomasi

Bugungi kunda “Toshkent-non” non ishlab chiqaruvchilari assosiasiyasi non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 50 ta korxonani birlashtirgan. Ular avtomat tarzda boshqariladigan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo`lib, buning sharofati ila yildan-yilga ishlab chiqarish ko`lami oshmoqda. Ayni vaqtda kuniga 400 tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Korxonalarda 40 turdan ortiq non va non mahsulotlari tayyorlanmoqda.

“Kasallik”dan qanday himoya qilish kerak?

Bu borada nonni realizasiya qiluvchi korxonaga ko`p narsa bog`liq. Ular nonni saqlash, havo harorati va boshqa shartlarga amal qilishlari lozim. Non kasallanmasligi uchun polietilen yoki sellofan bilan uning ustini yopmaslik kerak. Non nafas olishi kerak, shuning uchun uni tokchalarga uyub taxlab tashlamaslik lozim. Xonadagi havoning nisbiy namligi 75 foizdan oshmasligi kerak. Non taxlanadigan tokchalar taxtadan yasalgan bo`lishi kerak, chunki taxta namlikni shimib oladi.

Nonni avaylang!

Uyda ham nonni saqlash qoidalariga amal qilish kerak. Hozir ko`pchilik nonni sellofan xaltalarda saqlaydi, bu aslo mumkin emas. Ayniqsa, issiq paytda…

Non nafas olishini unutmang, shu tufayli ham uni plastik yoki shisha nondonlarga solib qo`ymang. Nonni yog`ochdan yasalgan non idishlarida saqlash maqsadga muvofiq.

Nonning kartoshka tayoqchasi bilan zararlanishi yuz bergudek bo`lsa, uni saqlash joylari dezinfeksiyalanishi shart. Non idishini yaxshilab yuving, artib quriting va sirka kislotasining suvdagi eritmasi bilan ishlov bering.

Sifati qanday aniqlanadi

Yaxshi non tashqi ko`rinishi, mag`zining holati, ta`mi, hidi, namligi, kislotaliligi, g`ovakdorligiga qarab yomon sifatli nondan farqlanadi.  Sifatli non to`g`ri shaklga ega, sirtida yoriq va siniqlar yo`q, sirti mag`ziga zich yopishgan bo`ladi. Nonning mag`zi esa yaxshi pishgan, tarang, bo`shliqlari yo`q, uvalanmaydigan, qo`lga yopishmaydigan, bir me`yorda g`ovakli, engil bosilganidan keyin yana o`z shakliga qaytadigan bo`ladi.

Xavfdan holi emas!

Ba`zi vijdonsiz ishlab chiqaruvchilar sifatli non tayyorlash uchun yaroqsiz bo`lgan kleykovinasi past undan non yopib, o`z qilmishlarini yashirish va saqlanish muddatini oshirish uchun unga non ko`rinishini yaxshilovchi maxsus modda qo`shadilar.

Ba`zan, xamir oshishini tezlashtirish maqsadida unga pirofosfatlar, ammoniy karbonati, glyukonat kislota kabi  kabonat kislota ajralib chiqishini kuchaytiruvchi kimyoviy yumshatgichlar qo`shadilar (bu tarkibiy qismlar yorliqda ko`rsatiladi ham). Yumshatgichlar qo`shilganida, xamirni oshirmasdan ham foydalanish mumkin. Turgan gapki, bunday non chiroyli bo`ladi, ammo ta`mi va hidi bo`lmaydi.  Bunaqangi qo`shimchalar qo`shilganini aniqlash uchun non hidlansa kifoya,  uning tabiiy hidi bo`lmaydi.

Nonning saqlanish muddatini uzaytirish uchun xamirga konservantlar ham qo`shiladi. Agar non va non mahsulotlari 24 soatdan oshiqroq aynimay tursa, ularga konservantlar qo`shilganligi ehtimoli bor. 

Mutahassis sharhi

Omonqul Boyqulov, Respublika Sanepidnazorati ovqatlanish gigienasi bo`limi mudiri:

● non ishlab chiqaruvchilar va realizasiya qiluvchilar nonni tashish, saqlash va realizasiya qilishga oid barcha qoida va me`yorlarga amal qilishlari lozim;

● nonni sotish va realizasiya qilish ishlari non bilan savdo qilish qoidalari va me`yorlariga muvofiq jihozlangan joylarda amalga oshirilishi, ya`ni non yog`ochdan yasalgan tokchalarga taxlanishi kerak. Non taxlanadigan tokchalarga boshqa mollarning qo`yilishi mumkin emas.

● har kuni non mahsulotlari sotilganidan so`ng do`kon xodimlari tozalash ishlarini bajarishlari lozim.  Aprel oyidan to oktyabrgacha bo`lgan vaqtlarda tokchalar (juda bo`lmaganda haftada bir marta) kuchsiz uksus eritmasi yoki boshqa dezinfeksiyalovchi eritma bilan artilishi lozim.

● nonlarni avtomobil kuzovida yoki yukxonasida tashish mumkin emas. Non sotuv joyiga faqat maxsus jihozlangan transportda etkazilishi shart.

● iste`molchi qonunga muvofiq o`zi sotib olayotgan non qaysi korxonada tayyorlanganini, tayyorlanish sanasini, mahsulot tarkibi va boshqa ma`lumotlarni bilishga haqli.

Iste`molchilar fikri

Alena Evstafeva, uy bekasi, 35 yosh, Toshkent:

— Men ayni vaqtda 600 so`mdan sotilayotgan 1-navli nonlarning sifatidan noroziman. Bir necha marta sotib olgan “buxanka” nonlarimning ichidan oq guvalachalar chiqdi. Ba`zan ertalab non sotib olsam, u kechgacha aynib, yopishqoq bo`lib qoladi, badbo`y hidini-ku, asti gapirmay! Shu sababli,  keyingi paytda yopgan non va chetdan keltirilgan oq nonlarni sotib olyapman. Ular ancha qimmat bo`lsa-da, har holda nonni mazza qilib eyman.

Rasul Mahsudov, pensioner, 68 yosh, Toshkent shahri:

— Doim bir do`kondan kulrang non sotib olaman, uning sifati va arzonligi menga yoqadi. Faqat bu do`konda non tez sotilib ketadi, kechga tomon umuman qolmaydi. Bir safar boshqa do`kondan xuddi shunaqangi non sotib olgandim, ammo ta`midan qoniqmadim. Yana o`sha o`zim bilgan do`kondan non sotib ola boshladim. Duch kelgan nonni egandan ko`ra, sal vaqtliroq do`konga chiqqanim ma`qul, degan qarorga keldim.

Agar iste`molchining nonni ishlab chiqarish, tashish, saqlash yoki sotish borasida e`tirozlari bo`lsa, u Iste`molchilar huquqlarini himoyalash jamiyatlari federasiyasining quyidagi  “ishonch telefoni”ga qo`ng`iroq qilishga haqli: 259-22-12

SAODAT tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1