Bugun, 4 aprel kuni Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston gimnastika federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo`lib o`tdi. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati ma`lum qildi.
Unda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, shuningdek, O`zbekiston gimnastika federasiyasi mutasaddi xodimlari ishtirok etishdi.
.jpg)
Konferensiyani O`zbekiston gimnastika federasiyasining birinchi vise-prezidenti Ruslan Mustaev ochib berdi va kun tartibi bilan tanishtirdi. Unga ko`ra, asosiy masala O`zbekiston gimnastika federasiyasiga yangi Prezident saylab olish edi. Shundan so`ng so`z O`zbekiston sport faxriylari kengashi raisi, Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti maslahatchisi Komiljon Xudoyberdievga berildi. Sport faxriysi mazkur lavozimga bungacha «Yoshlar ittifoqi sport markazi» ma`suliyati cheklangan jamiyat direktori lavozimda faoliyat olib borgan mutaxassis, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sport ustozi Abdullaeva Zarrina A`zamovna nomzodini taklif qildi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu nomzodni qo`llab-quvvatlashdi va shu tariqa Zarrina Abdullaeva O`zbekiston gimnastika federasiyasi Prezidenti lavozimiga ko`pchilik ovoz bilan saylandi.
.jpg)
O`z navbatida mas`uliyatli lavozimga saylangan Zarrina Abdullaeva mamlakatimizda gimnastikani yanada rivojlantirish uchun qo`ldan kelgan barcha ishni qilishga tayyor ekanligini ma`lum qildi.
"Barchamizga yaxshi ayon, gimnastika mamlakatimizda ma`lum darajada rivojlangan, ommaviylashgan. Ammo, shunga qaramay ayni paytda muammolar etarli. Bir qancha yo`nalishlarda oqsash ko`zga tashlanadi. Jumladan, sport gimnastikasi, trampolin va akrobatikada natijalar ko`ngildagidek emas. Birgalikda yangi tizimni yo`lga qo`yib olishimiz kerak. Malakali mutaxassislarni jalb etib, ular bilan tajriba almashishimiz lozim. Jipslashgan holda harakat qilib, kelajakda mamlakatimizda gimnastikani yanada rivojlantiramiz, O`zbekistonning dunyo sport hamjamiyatidagi o`rnini yanada yuksaltiramiz", - dedi federasiyaning yangi Prezidenti.
Yig`ilishda o`zbek gimnastikasi tarixida o`ziga xos iz qoldirgan faxriy sportchi Erkin Giyasov so`zga chiqib, yangi rahbariyatga omad tiladi. Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov gimnastika federasiyasini qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanligini aytib o`tdi.
"Mana yuqorida gimnastika bo`yicha to`planib qolgan muammolar, yuzaga kelgan kamchiliklar haqida gapirildi. Ayni paytda ishlayotgan tizim bugungi kun talabiga javob bermaydi. Bolalar va o`smirlar sport maktablaridan oliy sportgacha bo`lgan bosqichlarda uzilishlar etarli. Bu borada vazirlik ish olib bormoqda. Shuningdek, kadrlar masalasi ham bizning eng og`riqli nuqtalarimizdan biridir. Ushbu masalani ham to`g`ri yo`lga qo`yib olish vaqti keldi. Barchamiz bilamiz, O`zbekiston gimnastika bo`yicha katta salohiyatga ega. Malakali kadrlar yordamida uni yuzaga chiqarishib, mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada rivojlantirishga tayyormiz. Bu yo`lda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi gimnastika federasiyasini to`liq qo`llab-quvvatlaydi", - dedi Shoakram Isroilov.
.jpg)
Konferensiya davomida shuningdek, O`zbekiston gimnastika federasiyasining birinchi vise-prezidenti sifatida ishlab kelgan Ruslan Mustaev va federasiya Bosh kotibi sifatida faoliyat ko`rsatgan Gyozella Fillipovalar o`z lavozimlaridan ist`efoga chiqishdi. Endi federasiyaning yangi rahbari ularning o`rniga munosib mutaxassislar nomzodini ko`rib chiqishi lozim bo`ladi.
Konferensiya yakunida so`zga chiqqanlar bundan buyon O`zbekistonda gimnastikani yanada taraqqiy topdirish yo`lida birdamlik bilan ishlashga kelishib oldilar. Shu tariqa, O`zbekiston gimnastika federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o`z ishini yakunladi.






