AsosiySport

Ravshan Ermatov: “Rossiyada o`tkaziladigan JCh-2022da ishtirok etish biz uchun orzu edi”

'Ravshan Ermatov: “Rossiyada o`tkaziladigan JCh-2022da ishtirok etish biz uchun orzu edi”'ning rasmi

Xalqaro futbol assosiasiyalar federasiyasi (FIFA) o`tgan haftada, joriy yilning 14-iyunidan 15-iyuliga qadar Rossiyada bo`lib o`tadigan jahon chempionida ishlaydigan hakamlar ro`yxatini haftada e`lon qildi. Quvonarlisi, ushbu ro`yxatdan hamyurtimiz Ravshan Ermatov va uning brigadasi ham joy olgan. Ushbu quvonchli xabar e`lon qilinganidan so`ng O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati Ravshan Ermatov bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.

— Ravshan, jahon chempionatida ishlaydigan hakamlar ro`yxatidan uchinchi marotaba joy olganingiz bilan Milliy olimpiya qo`mitasi nomidan tabriklaymiz. Bu albatta har bir hakam orzu qilsa bo`ladigan natija. Yana bir muhim jihati, siz shu paytgacha jahon chempionati final bosqichlarida eng ko`p uchrashuv boshqargan hakam sifatida ham rekord o`rnatgansiz. Shaxsan o`zingiz uchinchi marotaba jahon chempionatida ishtirok etishni kutganmidingiz? To`g`ri, bungacha ma`lum bosqichlarni bosib o`tdingiz. Mashg`ulotlar, yig`inlar, musobaqalar, to`plangan ballar... Ammo, o`zingizda yakuniy ro`yxatdan joy olishga ishonch bormidi?

— Albatta, Rossiyada o`tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etish biz uchun orzu edi. Chunki, Mundialda qatnashish nafaqat futbolchi va murabbiylar uchun, balki, hakamlar uchun ham orzu, maqsad hisoblanadi. Ular o`z oldiga mana shunday maqsadni qo`ymasa ishlashdan naf yo`q. "Rossiya-2018" loyihasi yo`lida 3,5 yil davomida FIFA bilan birga ishladik. Bu vaqt oralig`ida 100dan ortiq testlar, 50dan ortiq normativlar, FIFA, OFK, O`zbekiston chempionatlari doirasida ishlagan uchrashuvlarimizni FIFA monitoring qilib bordi.Shu orzuga erishish uchun nimalar qilish kerakligini, ishga bo`lgan munosabat qanday bo`lish lozimligini yaxshi bilardik. Hakam eng avvalo o`zini ayamay mehnat qilishi kerak. Buning uchun ba`zi narsalardan voz kechishga to`g`ri keladi. Faqat va faqat o`rganish, olg`a yurish ham talab qilinadi.

Bugungi kunda futbolimizda bo`layotgan ijobiy islohotlar, avvalambor muhtaram Prezidentimiz futbolimizni o`z nazoratlariga olganlaridan so`ng, o`zbek futboliga o`zgacha fayz, baraka kirib keldi. Mutaxassislarning ishga bulgan munosabati ijobiy tomonga o`zgardi. Bu albatta natijalarni yaxshilanishiga olib kelishi aniq. 23 yoshli futbolchilarimiz tarixda ilk marotaba Osiyo chempioniga aylanishdi. Umid Ahmadjonov boshchiligidagi O`zbekiston futbol assosiasiyasi faoliyati tubdan o`zgarib, har bir mutaxassis o`z ishini sidqidildan, yurakdan bajarmoqda. Ko`plab ijobiy o`zgarishlar guvohi bo`layapmiz. Kishini quvontiradigani shuki, futbolimizning sifati yaxshilanmoqda. Oldinlari o`yinlarning translyasiyalari ham ko`p emasdi, shuningdek, sifat borasida ham muammolar ko`zga tashlanardi. Muxlislarimiz ham o`zbek futbolini emas, chet el futbolini tomosha qilishardi. Bu albatta bizga og`ir botardi.

Bir tomondan ularni ham tushunsa bo`lardi. Chunki, futbolimiz sifati talabga javob bermasdi. Ammo, bugungi kunga kelib barchasi ijobiy tomonga o`zggaryapti. Translyasiyalar sifati ham yaxshilandi. Barcha o`yinlar jonli efirda namoyish etilmoqda. Eng avvalo futbolchilarning o`z kasbiga bo`lgan munosabati o`zgardi. Ular ishtiyoq bilan futbol o`ynayotganini ko`rib, muxlislar ham stadionlarga qaytishmoqda. Bugungi kunda futbol sohasida faoliyat olib borayotgan har bir futbolchi, murabbiy, hakam, mutaxassis, qolaversa rahbariyatning asosiy e`tibori bir narsaga qaratilgan. U ham bo`lsa futbolimiz sifatini ko`tarib, muxlislarimizni stadionlarga qaytarish. Biz ham ushbu ahil futbol oilasining a`zosi bo`lganimizdan faxrlanamiz va bor kuchimizni futbolimizning ravnaqiga bag`ishlashga harakat qilamiz.

— Futbol sohasida katta islohotlar ro`y beryapti deb aytib o`tdingiz. Fikringizga qo`shilaman. Buni nafaqat mutaxassislar, balki muxlislar ham e`tirof etishyapti. Stadionlarga ishqibozlarning qaytishidan tortib, translyasiyalarni kuchaygani, o`yinlarning sifati oshgani bor gap. Ana shu islohotlar hakamlik sohasiga qanchalik ta`sir ko`rsatdi?

— Hakamlik borasida ham juda katta o`zgarishlar bo`lyapti. Yaxshi bilasiz, sifatsiz hakamlik bilan sifatli futbolni qurib bo`lmaydi. Yoki professional futbolni noprofessional hakamlik bilan yaratish imkonsiz. Umid Ahmadjonov o`zbek futboliga rahbar bo`lib kelganidan so`ng hakamlik sifatini oshirish, sohada adolatni ta`minlash, hakamlarni nafaqat xalqaro tajribasi, balki ularning saviyasini oshirish yo`lida anchagina chora-tadbirlar ko`rildi. O`FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig`i Ma`mur Saidqosimov ham sohani rivojlantirish yulida tinmay mexnat kilyapti.

Oldinlari hakamlar bir yilda ikki marotaba yig`iladigan bo`lsa, hozirda har oy yig`ilib turibmiz. Unda vaziyatlarni ko`rib, kamchiliklarni aniqlab chiqamiz. Ilgari faqat nazariy mashg`ulotlar olib borgan bo`lsak, hozirda amaliy mashg`ulotlarda ham ishtirok etyapmiz. Hozir biz yo`lga qo`ygan amaliy mashg`ulotlar bungacha O`zbekistonda tashkil qilinmagandi. Bunday amaliy seminarlarda faqat jahon chempionatiga tayyorlanayotgan va OFK xakamlari qatnashishardi. Shu tizimni mamlakatimizda ham joriy etishni boshladik. Ikkinchi tomondan hakamlarning o`z ishiga bo`lgan munosabati o`zgardi. Avval ular professional hakam hisoblanmasdi. Biri haydovchilik, boshqasi fabrikada ishlardi. Ishidan chiqib hakamlik qilardi. Masalan siz Superliga futbolchisi kunduzi ishlab, kechki payt futbol o`ynashini tasavvur qila olasizmi? Albatta yo`q. Shuning uchun, hakamlikda ham shunday bo`lishi kerak. Biz hakamlik borasida raxbariyatga takliflar berganimizda, bizni qo`llab-quvvatlab,kanday yordam kerak bo`lsa barchasini amalga oshirmoqdalar. Yana bir tomoni, hakamlarning o`zini futbolga bo`lgan munosabatini o`zgartirishga harakat qilyapmiz. Ba`zida referi hushtak chalaverib o`yinni zerikarli qilib yuborardiki, stadionga kelgan ishqiboz bundan faqat afsuslanardi. Biz bugunga kelib yondoshuvni tubdan o`zgartirdik. O`z vaqtida 90 daqiqa ichida 100 marotaba hushtak chalingan o`yinlar guvohi bo`lganmiz. Tasavvur qilyapsizmi, 90 daqiqada 100 marta hushtak chalinishini?

Hozirgi kunda bu boradagi statistika bitta o`yinga o`rtacha 30-35 tani tashkil qilmoqda. Bu orqali maydonda kurashuvchan o`yinga imkon yaratib berilmoqda. To`g`ri, futbolchilarni ham tezda o`zgartirib bo`lmaydi.

Bazi futbolchilar sun`iy ravishda vaqt cho`zishga, maydonga yotib olib, hakamdan jarima to`plari so`rashga ham o`rganib qolganlar. Ammo, biz bu amaliyotdan qaytib, Arab futboliga emas Evropa futboliga asoslangan yo`nalishni tanladik. Albatta bu xolat kurashuvchan futbolni yoqtirmaydigan, oson o`yinlar o`tkazishni istaydigan futbolchilarga yoqmasligi aniq. Lekin, futbolni chidaganga chiqargan. Ishlasa ishtiyoq bilan ishlash kerak. Bo`lmasa, o`z o`rnini yoshlarga bo`shatish lozim. Bugungi kunda xakamlik sifatini oshirish masalasini ustuvor vazifa sifatida ko`ryapmiz. Iqtidorli hakamlarga o`zini ko`rsatish uchun albatta imkoniyat berilmoqda. Osiyo yoki Evropa davlatlarida yosh-yosh hakamlar etishib chiqmoqda. Bizda ham yoshlar etarlicha. Ularga imkoniyat berish kerak. Mayli, u ham xato qilar, ammo, tajribasini oshirib, yana kup yillar uzbek futboli ravnakiga xizmat qiladi.

— O`tgan yili Rossiyada o`tgan Konfederasiyalar kubogida videoassisent sifatida ishladingiz. Futbolga ana shu tizimning joriy etilishiga sizning munosabatingiz qanday? Bu o`yin tempini tushurib yubormaydimi?

— FIFA ushbu tizimni joriy etganidan so`ng jahon miqyosidagi tajribali hakamlarni saralab oldi va ushbu loyihaga jalb etdi. O`sha hakamlar ro`yxati ichida men ham bor edim. Bu loyiha boshlanganiga ikki yil bo`ldi. Ochig`ini aytsam, boshida bu menga yoqmagandi. Chunki, o`yinni 2-3 daqiqaga to`xtatib qo`yish muxlislarning zerikishiga, o`yinning sovub qolishiga sabab bo`lishi mumkin. Natijada futbol jozibasini yo`qotadi. Ammo, shu ikki yil davomida ushbu jarayonni tezlashtirib, mutaxasislar bilan ishladik. Eng muhimi operatorlarning futbol haqidagi tushunchasi yaxshi bo`lishi kerak. Bu borada ular bilan yaqindan hamkorlik qildik. O`sha jarayon 2-3 daqiqadan 30-35 soniyagacha tushirildi. Buning futbolga ta`siri ijobiy. Agar hakam vaziyatni ko`ra olmay qolsa, bu sabab jamoa musobaqani tark etishi ham mumkin. Chunki inson faktori kabi jihatni ham unutmasligimiz lozim. Hato qilmaydigan hakamning o`zi yo`q. Videotakrorlar 30 soniya ichida samara bersa bu futbol jozibasiga ta`sir qilmasligi aniq. O`sha xato joyida to`g`irlanadi. Adolat mezoni ham buzilmaydi.Bundan fakat futbol va muxlislar yutadi.

— Ya`ni referi uchrashuvda biror-bir qarorni qabul qilgan bo`lsa, keyinchalik unga videoassisent kerakli ma`lumotni etkazib, qarorini o`zgartirishga haqli bo`ladi. Shundaymi?

— Aytaylik referi bir vaziyatni ko`rmay qoldi va o`yin davom etyapti. Videoassisent jarayonni ko`rib chiqadi va radio aloqa orqali hakamga ma`lumot etkazadi. O`sha pallada hakam o`yinni to`xtatadi va vaziyatni tezda ko`rib chiqib, tugri karorni o`zi qabul kiladi.

— Demak o`tgan yili bu tizim Rossiyada sinov tariqasida qo`llanilgandi. Bu yilgi JChda esa ana u rasman ishlaydi. Siz musobaqada qaysi vazifada faoliyat olib borasiz?

— Jahon chempionatida videotakrorlarda ma`lum tajribasi bor hakamlar ham referi, ham videoassisent sifatida ishlaydi. Shuningdek, alohida videoassisentlar bor. Ular maydonda hakamlik qilmaydi. Germaniya, Italiya, Fransiya, AQSh mamlakatlaridan maxsus videoreferilar tanlab olingan. Chunki, u erda bunday tizim milliy chempionat o`yinlarida ham qo`llaniladi va bu borada tajribalari bor. Bizning brigadamizning musobaqadagi vazifasi esa maydonda hakamlik qilish.

— Bu shaxsiy rekordingizni yangilash uchun juda yaxshi imkoniyat. Yaqin orada siz kursatgan natijani kimdir yangilash ehtimoli juda kam. So`ramoqchi bo`lganim, asosiy yordamchingiz Abduhamidullo Rasulov bilan ko`p yillardan beri birga faoliyat olib boryapsiz. U 2014 yilgi JChda ham siz bilan birga ishlagan va bu borada tajribaga ega. Qolaversa, u Osiyoning eng yaxshi laynsmenlaridan biri. Ikkinchi yordamchingiz Jahongir Saidov uchun esa bu ilk jahon chempionatidir. Unga bu borada qanday tavsiyalar beryapsiz? Buni bejizga so`ramayapman. Birinchi marotaba JChda ishtirok etganingizda yordamchingiz Rafael Ilyosovning bitta vaziyatdagi qarori sizni va brigadangizni butun dunyoga mashhur qilib yuborgandi. Siz o`sha holatda unga ishongansiz va yakunda bu o`zini oqlagan. Shundan kelib chiqadigan bo`lsak, Jahongirga hozir qanday maslahatlar beryapsiz?

— Savolingiz futbolda yordamchi hakamlarning bugungi kundagi ahamiyati qanchalik katta ekanligiga javob berib turibdi. Bittagina o`yindan tashqari holat bilan bog`liq bo`lgan vaziyatni yordamchi hakam to`g`ri baholay olmasa jamoalar taqdiriga, o`yin natijasiga ta`sir qiladi. Shuning uchun yordamchi hakamlar bilan jiddiy ishlayapmiz.Jahongir klublar o`rtasidagi jahon chempionati, Osiyo chempionati, turli musobaqa va seminarlarda ishlab, tajribasini oshirdi. Test sinovlarida yuqori natijalarni qayd etdi. Agar u ko`ngildagidek natija ko`rsata olmaganida FIFA uni almashtirgan bo`lardi. Jahongir bilan ancha yildan buyon ishlayapmiz. O`z navbatida Abdulhamidullo ham Jahongirga o`z maslahatlari bilan katta yordam beryapti. Biz mashg`ulotlarda nafaqat jismoniy, balki nazariy va amaliy yo`nalishlarda ham ishlayapmiz.

— O`zbekiston jahon chempionatida birinchi marta to`liq brigada bilan ishtirok etadi. Avvalgi Mundiallarda qirg`izistonlik Bahodir Qo`chqorov sizga yordam bergandi. Bu safar esa jahon chempionatida to`liq O`zbekistonlik hakamlar brigadasini ko`ramiz. Shuningdek, o`zbek futboli tarixida birinchi marta komissarimiz Olim Arifov ham mundialda qatnashadi. Bu ham o`ziga xos muvaffaqiyat. O`zbek futbolida ro`y berayotgan islohotlar ana shu holatda ham yaqqol ko`zga tashlanmoqda. Shunday emasmi?

— Albatta. Futbolimizda ro`y berayotgan islohotlar o`z samarasini uzoq kuttirmayapti. Olim Arifovning ushbu muvaffaqiyati o`z-o`zidan bo`lgani yo`q. U o`z ishiga to`g`ri yondoshgani, ustida ishlagani samara bermoqda. Agar mutaxassis o`z ishiga mas`uliyat bilan, chin yurakdan yondoshadigan bo`lsa natijalar uzoq kutilmaydi. Ayni paytda qo`yilayotgan talab ham shunday. Bu yo`nalish bugungi futbolimizning shiori desa ham bo`ladi. Bizda iqtidorlar juda ko`p. Faqat ularni to`g`ri yo`naltirib, ishga bulgan yondoshuvni professionallarcha amalga oshirsa yaxshi natijalar qo`lga kiritiladi. Tokiodagi Olimpiya o`yinlariga chiqish uchun O`zbekistonda juda yaxshi imkoniyat bor. Undan tashqari 2019 yilgi Osiyo Kubogi va Qatardagi jahon chempionati bizni kutib turibdi.

— Ma`lumotlarga qaraganda, ertaga yordamchilaringiz bilan birga Shimoliy Amerikaga yo`l olayotgan ekansiz. Ushbu safar haqida nimalar deya olasiz?

— Bu biz uchun yoqimli syurpriz bo`ldi. Meksikada, qolaversa o`z vaqtida 1986 yilgi jahon chempionatining final o`yini o`tgan jahonga mashhur "Asteka" stadionida shu vaqtgacha o`yin boshqarmagandik. Ikkinchi tomondan bu katta mas`uliyat hisoblanadi. Yaxshi bilasiz, boshqa qit`a, boshqacha futbol mentaliteti. U erdagi atmosferani, jamoalarning o`yin uslubini taklif olgan kunimizdan boshlab o`rgana boshladik. Jamoalar o`rtasidagi dastlabki yarim final o`yinini ham ko`rib chiqdik. "Toronto" hamda "Amerika" jamoalari o`rtasidagi bahsda kanadaliklar 3:1 hisobida g`alaba qozonishdi. Javob o`yini "Amerika" maydonida, Meksikada bo`lib o`tadi. Jamoa tarkibida janubiy amerikalik futbolchilar ko`p. Demak, hujumkor o`yin bo`ladi. Qiziqqon futbolchilar ko`p va 90 daqiqa ichida ularni to`liq nazorat qilib borish kerak bo`ladi. KONKAKAF chempionlar ligasining final yo`llanmasi hal bo`ladigan uchrashuvda mas`uliyat katta bo`ladi.

— Bu qaysidir ma`noda JChga tayyorgarlik ko`rayotgan hakamlar uchun o`ziga xos maktab. Ana shunday musobaqalarga borish uchun FIFAdan alohida ruhsat olasizlarmi?

— KONKAKAF ushbu taklifni yuborishdan oldin FIFA va OFK bilan kelishuvga erishadi. Hozircha, FIFA JChda ishtirok etadigan terma jamoalar ishtirokidagi o`rtoqlik uchrashuvlarini boshqarmay turishni tavsiya qildi. Chunki, o`rtoqlik o`yinida qandaydir holat bo`lsa bu JChda ta`sir qilishi mumkin.Shu sababdan klublar o`rtasidagi o`yinlarga xakamlik kilishga ruhsat berildi.

— Yosh jihatdan olib qaraganda 2022 yilda Qatarda bo`lib o`tadigan jahon chempionatida ham ishtirok etish imkoniyati sizda bormi?

— Ustozimiz Axbor aka Imomxo`jaev birinchi marotaba JChga ketayotganimizda "Ravshan, bu birinchisi. Lekin, yosh jihatidan men hisoblab chiqdim. To`rtta JCh uchun yoshing to`g`ri kelar ekan. Bittasi bilan to`xtab qolish yo`q. To`rttasiga borishing shart" deb bizni duo qilgandilar. Ustozimiz ham shunday niyat qilgan ekanlar. Ammo, hozirda bor e`tiborni Rossiyadagi chempionatga yaxshi tayyorgarlik ko`rish uchun karatganmiz .

— Ravshan, taklifimizni qabul qilib Milliy olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. O`z navbatida Rossiyadagi jahon chempionatida MOQ nomidan, mamlakatimizning butun olimpiya oilasi nomidan sizga va yordamchilaringizga omad tilab qolamiz. O`zbekiston xalqi jahon chempionatida sizlarga muxlislik qiladi. Sizlarni duo qiladi. Ishonchimiz komilki, Rossiyadagi JChdan ham yorug` yuz bilan qaytasizlar va o`zbek hakamlik maktabi, qolaversa jonajon diyorimizni butun dunyoga tanitishda mazkur musobaqa navbatdagi qadam bo`ladi. Bu borada omad va zafarlar tilab qolamiz.

— Katta rahmat. Taklif uchun minnatdorchilik bildiraman. O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasidek mana shunday muhtasham binoda intervyu berish men uchun sharaf. Olimpiya harakati va futbol bu katta, ahil sport oilasidir. Barchamizning maqsadimiz bir. O`zbekiston bayrog`ini doimo yuqorilarga olib chiqaylik. Xalqimizni duosini olib, ularni kayfiyatini ko`tarish sportchilarning vazifasidir. Bu qilinayotgan ishlarning barchasi xalqimiz uchun. O`z navbatida biz ham xalqimizni xursand qilish uchun bor kuchimizni beramiz va nasib qilsa jahon chempionatidan yorug` yuz bilan qaytamiz.


Zafar Imomxo`jaev suhbatlashdi

Foto: Abdullo Fayzullaev

    Boshqa yangiliklar