AsosiySport

O`zbekiston va Tojikiston Milliy olimpiya qo`mitalari kelishuvga erishdi

'O`zbekiston va Tojikiston Milliy olimpiya qo`mitalari kelishuvga erishdi'ning rasmi

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, mamlakat futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Tojikistonga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, mamlakat futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Tojikiston sport vaziri va shu vaqtning o`zida MOQ birinchi vise-prezidenti hisoblangan Abdullozoda Ahtam Rustam taklifiga ko`ra Dushanbega tashrif buyurdi.

Bungacha O`zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlari har ikki mamlakat o`rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishgandi. Endi esa har ikki mamlakat sport sohasida ham o`zaro hamkorlikda ish olib boradigan bo`ldi. Olimpiada va Osiyo O`yinlari kabi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan O`zbekiston, qo`shni mamlakat sportchilarining yirik turnirlarga tayyorgarligi, mahoratli sportchilarni etkazib berish kabi masalalarda hamfikr bo`lishga intiladi.


Uchrashuv davomida Tojikiston va O`zbekiston sportchilari qo`shma yig`inlarda ishtirok etishi borasida kelishuvga erishildi. Shuningdek, Osiyo O`yinlari oldidan Tojikiston delegasiyasi tayyorgarlikning bir qismini O`zbekistonda o`tkazishi borasida kelishib olindi.

“Tojikiston sportchilari bilan hamkorlik nafaqat ular uchun, balki biz uchun ham juda foydalidir. Umid qilamanki, bo`lajak yirik turnirlarda qo`shnilarimiz ham munosib ishtirok etishadi. Ana shunda bu muvaffaqiyatlarning bir qismida bizning ham hissamiz bor ekanidan faxrlanishimiz mumkin bo`ladi. Qolaversa, qo`shnilarimiz bilan iliq munosabatlarni yo`lga qo`yishning o`zi chiroyli ish. Har qanday musobaqa davomida biz ularga, ular bizga muxlislik qilib, bir-birimizni qo`llab-quvvatlab, bir-birimizga suyanib turishimiz o`zaro hamkorligimiz qadrini yana bir karra oshirib beradi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev ilk qadamlarni aynan qo`shni respublikalar bilan aloqalarni mustahkamlashdan boshladilarmi, demak biz ham ularning ortlaridan shu yo`ldan yurishga harakat qilamiz”, — dedi Umid Ahmadjonov.


Bir vaqtning o`zida O`FA birinchi vise-prezidenti bo`lgan Umid Ahmadjonov ertaga — 11 aprel kuni Dushanbe shahrida Tojikiston futbol federasiyasi rahbariyati bilan ham uchrashuv o`tkazadi.

    Boshqa yangiliklar