1

Latviya parlamenti delegasiyasi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi

Siyosat 17.04.2018, 15:00
Latviya parlamenti delegasiyasi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 17 aprel kuni Latviya Respublikasi Seymi Raisi Inara Murniese rahbarligidagi delegasiya a`zolari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Suhbat chog`ida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov O`zbekiston va Latviya o`rtasida o`zaro ishonch hamda manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar parlamentarizm sohasida izchil rivojlanayotgani qayd etdi. Mamlakatlarimizni ko`p yillik hamkorlik va mustahkam do`stlik rishtalari bog`lab turishi, qonun ijodkorligi borasidagi faol aloqalar va o`zaro maslahatlashuvlar teng huquqlilikka asoslangan sheriklik munosabatlarining yana bir ifodasi ekani ta`kidlandi.

O`zbekiston bilan Latviya o`rtasidagi munosabatlar mustahkam huquqiy asosga ega. 1992 yilda mamlakatlarimiz o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganidan buyon o`zaro hamkorlikning deyarli barcha sohalariga oid davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo ko`plab hujjatlar imzolangan.

Qonun chiqaruvchi organlar o`rtasidagi hamkorlik ijobiy samaralarini bermoqda. 2010 yilda Latviya Seymida ta`sis etilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo`yicha guruh hamda 2012 yilda O`zbekiston parlamentida tashkil qilingan Latviya Seymi bilan hamkorlik bo`yicha guruh o`zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muzokaralar chog`ida ikki mamlakat o`rtasidagi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning me`yoriy-huquqiy bazasi, hamkorlikning huquqiy-kelishuv asoslarini takomillashtirishga oid masalalar muhokama qilindi. Uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo`yicha tuzilgan O`zbekiston – Latviya hamkorlik komissiyasi olib borayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, undagi qo`mitalar, fraksiyalar va deputatlik guruhlarining faoliyati to`g`risida ma`lumot berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1