1

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Siyosat 18.04.2018, 21:16
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 18 aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo`lib turgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva xonimni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston va Janubiy Koreya o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik rishtalari mustahkamlanib, strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan ta`kidladi.

Suhbatda 2017 yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga oliy darajadagi tarixiy tashrif hamda uning yakunida erishilgan muhim kelishuvlar O`zbekiston – Janubiy Koreya o`zaro manfaatli hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish va aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani alohida qayd etildi.

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo ko`rsatkichlari izchil o`sib bormoqda. Janubiy Koreya O`zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investisiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi. “Posko-DEU”, “DjiES”, “Evergrin”, “Yanguan” va boshqa ko`plab kompaniyalar bilan birgalikda qiymati 5 milliard dollardan ortiq yangi investisiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Joriy yilning fevral oyida Toshkentda yangi formatda savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari bo`yicha birinchi qo`shma hukumatlararo uchrashuv muvaffaqiyatli o`tkazildi.

Sog`liqni saqlash, maktabgacha ta`lim, shahar boshqaruvi, energetika, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishda Janubiy Koreyaning ilg`or tajribasi, ilmiy yutuqlari va texnologiyalaridan foydalanishga qaratilgan qo`shma dasturlar faol amalga oshirilmoqda.

Koreya Respublikasining etakchi mutaxassislari mamlakatimiz vazirliklari, idora va hokimliklari tomonidan maslahatchi sifatida jalb etilmoqda. Gumanitar, ta`lim va turizm sohalarida almashinuvlar kengaymoqda.

Uchrashuvda davlatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O`zbekiston Respublikasi Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In tomonidan Koreya yarimoroli va butun mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan siyosatni to`liq qo`llab-quvvatlashi ta`kidlandi.

Prezidentimiz rejalashtirilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etishi va yangi istiqbolli kelishuvlarga erishishni ta`minlashiga ishonch bildirdi.

Tashqi ishlar vaziri Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Mehmon Janubiy Koreya O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo`lib o`tgan Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya yakunlarini yuksak baholashini, ushbu anjuman, shubhasiz, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlashga muhim hissa bo`lib qo`shilishini ta`kidladi.

Vazir O`zbekiston Prezidentiga Janubiy Koreya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish to`g`risida qabul qilingan qaror uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, bu sayyohlar oqimini salmoqli darajada oshirish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Uchrashuv so`nggida Kan Gyon Xva Janubiy Koreya ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlari va keng ko`lamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1