1

Shavkat Mirziyoev Qandim gazni qayta ishlash majmuasini ochib berdi

Siyosat 19.04.2018, 14:44
Shavkat Mirziyoev Qandim gazni qayta ishlash majmuasini ochib berdi

Shavkat Mirziyoev bundan roppa-rosa ikki yil muqaddam – 2016 yil 19 aprel kuni Buxoro viloyatidagi Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishini boshlab bergan edi. O`tgan vaqt mobaynida bu erda ulkan sanoat kompleksi va shaharcha bunyod etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

2018 yil 19 aprel kuni ushbu majmuaning ochilish marosimi bo`ldi. Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi va nutq so`zladi.

Davlatimiz rahbari Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar sanoatning etakchi yo`nalishlarini izchil rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta`kidladi. Yoqilg`i-energetika tarmog`iga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar faol jalb etilayotgani, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi O`zbekiston bilan Rossiya hamkorligining yorqin namunasi ekanini qayd etdi. Muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirib, korxona jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tabrigini energetika vaziri Aleksandr Novak o`qib eshittirdi.

“Lukoyl” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muhandisi Shahzod Qurbonov, neft-gaz sohasi faxriysi Komil Fozilov so`zga chiqdi.

Majmua faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.


Ushbu sanoat kompleksida yiliga 8,1 milliard kub metr gaz qayta ishlanadi. Bu orqali tozalangan tabiiy gaz, gaz kondensati, oltingugurt kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta`minlanadi.

Umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod bo`lgan mazkur yirik loyiha “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi hamkorligida ro`yobga chiqdi. 114 ta quduq kovlanib, gazni yig`ish va qayta ishlash tizimlari qurildi. Bu jarayonda murakkab texnik echimlar, ilg`or texnologiyalar qo`llanildi. Yo`llar, terminallar, magistral gaz quvuri, elektr, suv tarmoqlari va boshqa infratuzilma ob`ektlari barpo qilindi.

Qorako`l tumanining olis cho`l hududida 1 ming 150 kishiga mo`ljallangan shaharcha bunyod etildi. U erda ishchilarning yashashi va dam olishi uchun zarur sharoit yaratildi.

Shavkat Mirziyoev majmuaning texnologik jarayonini ko`zdan kechirdi. Laboratoriya va operatorlik boshqaruvi xonalarida bo`ldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1