1

Bir insonga qattiq bog`lanib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

SUG'DIYONA 23.04.2018, 12:08
Bir insonga qattiq bog`lanib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

— Atrofimda menga yaqin bo`lgan yoki yangi tanishgan insonlarga tez bog`lanib qolaman. Masalan, biror odam bilan tanishib, do`st yo dugona tutinsam, u bilan tez-tez gaplashgim kelaveradi. Xoh telefonda, xoh internet orqali bo`lsin, hol-ahvol so`rash bahonasida uni bezovta qilaveradigan odatim bor. Bu menga yoqadi. Lekin u qo`ng`iroqlarimga javob bermasa, asabiylashib ketaman, qaysarligim tutib qayta-qayta qo`ng`iroq qilaveraman. Men xohlagan vaqtda u ham menga vaqt topishini istayman. O`ylab qarasam, bu o`zimni o`zim qiynash ekan... Bu odatdan qanday qutulsam bo`ladi yoki endi kechmi?

Aygul, 23 yosh, Nukus shahri

— Biror kimga bog`lanib qolish tuyg`usi bolalikdan shakllanadi. Dastlab yosh bola onasiga, buvisiga, otasiga yoki bobosiga, ya`ni kim ko`proq mehr ko`rsatgan bo`lsa, shu insonga bog`lanib qoladi. So`ng bog`chaga borganda bog`cha opasiga, u erdagi bolalarga bog`lanib qoladi. Shu tariqa jamiyatga kirib kelib, atrofidagi ma`lum bir odamlarga bog`lanib qolish tuyg`usi davom etaveradi.

Bog`lanib qolishning me`yorlari bo`lishi kerak, ba`zida bu me`yor oshib ketadi. Bunga sabab, bolalikda etarlicha mehr ko`rmaslik, e`tiborda bo`lmaslik, o`z qobig`iga o`ralib qolishlikdan, kattalar tomonidan qo`yilgan juda qattiq cheklovlar, kuchli nazorat ostida o`sganlikdan, deyish mumkin. Ulg`ayganda esa bola o`zini erkin his qilolmay, o`sha “ramka” ichida yashaydi va bog`lanib qolgan insonlarini ham shu “ramka”ga solgisi keladi. Bolalikda to`ymagan mehrni o`sha bog`lanib qolgan insonidan qidiradi. Shu mehrni yo`qotib qo`yishdan qo`rqib, uni qo`yib yuborgisi kelmaydi.

E`tibor bersangiz, bunday insonlarning do`stu dugonalari kam bo`ladi, hamma bilan oson chiqishib ketolmaydi. Buni egoistik bog`lanish deb atash mumkin. Bunda bog`lanib qolgan insonning u bilan suhbat qilishga vaqti bormi-yo`qmi, gaplashishni istaydimi-istamaydimi — bu qiziqtirmaydi.

Avvaliga u inson yaqin dugona yoki do`st topganidan, u tez-tez hol-ahvol so`rab turishidanxursand bo`ladi. Lekin bu me`yoridan oshib boraversa, u sizdan uzoqlashishni, o`zini olib qochishni boshlaydi.

Albatta, bog`lanib qolgan insoningiz har yo`qlaganingizda sizga “labbay” deyolmasa, siz istagan vaqtingizda yoningizda bo`lolmasa va siz bundan agressiyaga tushsangiz, ortiqcha ruhiy zo`riqish bo`lsa, bu odatdan qutulishingiz shart! Aks holda jamiyatda o`z o`rningizni topishda juda qiynalasiz. Bunda munosabatlar ham uzoqqa bormaydi. Siz ortiqcha zo`riqishdan charchaysiz.

Bir odamga bog`lanib qolishdan qutulish uchun nima qilish kerak?

  • Sog`lom ko`nikmalarni hosil qiling. Hech bir inson faqat sizga tegishli emas. U ham mustaqil, uning ham o`z hayoti bor. Shuning uchun atrofingizdagi odamlarni, shu jumladan, bog`lanib qolgan insoningizni boricha qabul qiling.
  • O`zingizni turli yumushlar bilan band qiling. Bo`sh vaqtingiz bormi, uni albatta, biror qiziqqan mashg`ulot bilan o`tkazing. Bir necha faoliyat turi bilan shug`ullangan odam har bir jabhada turli muhitni, turli odamlarni ko`radi va bir odamga bog`lanib qolmaydi.

Shuningdek, bog`lanib qolish qarama-qarshi jins vakillari o`rtasida ham bo`ladi. Buni ular sevgi deb o`ylashadi. Egoistik bog`lanib qolish bilan sevgini qanday farqlash mumkin? Buni birgina misolda ko`rib chiqamiz.

Siz sevgan insoningizning yutuq va muvaffaqiyatlaridan undanam ko`p xursand bo`lasizmi? Yoki uning yutuqlari sizni quvontirmaydimi, balki umuman qiziqtirmas? O`sha yutuqlarga erishish uchun sarflagan vaqtini sizga bag`ishlaganda yaxshi bo`larmidi? Demak, endi xulosa qiling, siz uchun qay biri muhim?

Agar hamrohingizning muvaffaqiyatlari sizni ham quvontirsa, tuyg`ularingiz sevgi ekanidan, agar aksincha bo`lsa, egoistik bog`lanib qolganligingizdan darak.

Bog`lanib qolishning yana bir turi bor. Bu — ota-ona, bobo-buvi kabi insonlarga, ya`ni boshqaruvchiga bog`lanib qolishdir. Bunda hayotingizni kimdir boshqarishi kerak. O`z mas`uliyatlaringizni shu boshqaruvchiga topshirib qo`yasiz. Sizga shunday yashash oson. Shunday toifa insonlarga aytar gapimiz shuki,yashayotgan hayotingiz, g`alaba va mag`lubiyatlaringiz, g`am va shodliklaringiz faqat o`zingizniki! Bog`lanib qolgan insoningiz sizga bog`lab qo`yilmagan. Ertaga vaziyat o`zgarib, ayriliq yuz berganda, bunga chidashingiz qiyin kechadi, qattiq tushkunlikka tushib qolishingiz mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1