Xabaringiz bor, yurtimizda sog`lom va xaqqoniy sportni targ`ibot qilish hamda Butunjahon antidoping agentligining kodeks va standartlarini O`zbekistonda samarali amalga oshirish, O`zbekiston Respublikasi sportchilarining 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o`yinlariga tayyorgarligiga barcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi qarorni imzolagan edi.
Qaror bilan, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo`mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining «Milliy antidoping xizmati» negizida «Sport psixologiyasi bo`limi»ni tashkil etish ko`zda tutilgan bo`lib, Agentlik tarkibida 3 ta bo`lim va 2 ta komissiya tashkil etilishi natijasida sportchilar, murabbiylar, sport tibbiyoti xodimlari va boshqa mutaxassislarga sog`lom va xaqqoniy sportni targ`iboti hamda taqiqlangan dori vositalari yoki uslublar nazoratini ta`minlash kabi dopingga qarshi kurashish borasidagi qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan.
Ana shulardan kelib chiqqan holda, milliy chempionatimizda halol futbolni targ`ib qilish, turli qing`irliklar va g`irromliklarga barham berish maqsadida, futbolchilar o`rtasida ham doping tekshiruvi yo`lga qo`yiladi.
Futbol uchrashuvlari yakuniga etganidan keyin PFL rasmiy vakilining talabiga ko`ra jamoadagi istalgan futbolchi (hattoki u maydonga tushmay, faqat zaxirada o`tirgan bo`lsa ham) doping tekshiruvi uchun olib qolinadi.
Bundan tashqari, doping tekshiruvini amalga oshiruvchi maxsus mutaxassislar istalgan jamoaning mashg`ulotiga tashrif buyurib, istalgan futbolchini yoki butun jamoani doping tekshiruvidan o`tkazish huquqiga ega bo`ladi.
Tekshiruvlar natijasida, ta`qiqlangan moddalarni iste`mol qilgan futbolchilar aniqlansa, ularga nisbatan qat`iy jazo choralari qo`llaniladi.






