1

Urush qatnashchilarining janggohlardan yozgan maktublari

Mutolaa 27.04.2018, 16:05
Urush qatnashchilarining janggohlardan yozgan maktublari

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hujjatlari, ularning janggohlardan yozgan maktublari O`zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida qirqdan ortiq yig`ma jildda saqlanmoqda. Yig`ma jildlarning har birida 200 dan ortiq ma`lumot mavjud.

O`zA ushbu maktublardan ayrimlarini e`lon qildi.

Uchburchak, sarg`aygan, rangi uchgan maktublar... yo`l-yo`lakay, shoshib, turli o`lchamdagi oddiy qog`ozlarga yozilib, buklangan-u bir tomoniga borar manzili, boshqa tomoniga «Polevoy pochta» nomerlari yozilgan. Ularni qo`lga olganingizda janggohlar hidi, urush davri odamlari, ularning qalb kechinmalari ko`z o`ngingizda birdam namoyon bo`ladi.

Ularni o`qiganingizda maktub yozganlarning o`y-xayollari, sog`inchlarini siz ham his qilasiz.

“SEN, ALBATTA, TIRIK QAYTIShING ShART!”

Buxoroda yashovchi Muhiddinovlar oilasiga 266 "Polevoy pochta"dan tabriknoma keldi.

U akaning singilga yangi yil tabrigi ekan:

Salom mehribon singiljonim. Men sizlarga yangi yil salomini yuboryapman. Men sog` va salomatman. Nasib bo`lsa, fashistlar tor-mor bo`ladi. O`lmasam boraman. Mendan otamga va onamga salom ayt. Xat yozib yuboringlar. 1943 yil. 28 fevral"

***

Mana shu qisqagina yozilgan jumlalar xavotirdan qaltirab turgan yuraklarga qanchalar quvvat bergani Ollohga ayon. Eng muhimi, front ortidagilar “Sen, albatta, tirik qaytishing shart”, deya da`vat qilgan bo`lsa, janggohdagilar g`alabaga ishonchi mustahkamligini, biroq diydor qiyomatga qolsa sabrli bo`lish kerakligini ham eslatib turishgan. Zero, urush dahshatlari, fojialari ular bilan yonma-yon yashayotgan edi-da...

***

SOG`INCh KABUTARLARI...

...Beomon janggohda tutdek to`kilayotgan odamlarni ko`rib, ona yurting, qadrdonlaring yoniga eson-omon qaytish umidi xomxayoldek tuyuladi. Axir har daqiqa o`limni bo`yningga olib, bugun bo`lmasa ertaga deb yashash azob...

Bu xotiralarni eslaganda bugungi kunlarimizga takror-takror shukrona keltiramiz. Osuda hayotning qadri qanchalik ulug`ligini, tinchlikning naqadar muqaddas ne`mat ekanini yana bir bor his etamiz.

«Xayrli kun onajon. Kechiring. Uzoq vaqt xat yozolmadim. Suratingizni avaylab yuribman. Biz qurshovda qolgan edik. Boshimdan yaralanib, xotiramni yo`qotgan ekanman. Gospitalda ikki oydan buyon davolanyapman. O`zimga kelib qoldim, shunday bo`lsa-da uyga yuborishmoqchi. G`alaba kunlari yaqinday. Do`stlarim faistlarning dodini bermoqda, surib chiqarishyapti. O`zbekistonda ko`rishguncha, onajon. Zinaga va do`stlarga salom. O`g`lingiz Gennadiiy Shiyanin. 1945 yil. 8 yanvar».

Skanirovat10007.JPG

Toshkentda yashayotgan onaizor Tatyana Ivanovnaga yuborilgan bu xat balki uni quvontirgandir, axir o`g`li qaytadi yoki farzandining sog`lig`ini yo`qotganidan xavotirga tushgan bo`lsa-da, tirik qolganiga shukur qilgandir. Bunisi endi bizga qorong`u.

Turli tuman dil izhorlari bitilgan, sog`inchdan sarg`aygan bu uchburchak maktublar janggohdan uchirilgan sog`inch kabutarlariga o`xshaydi. Urushdan qaytmagan o`g`lonlar: «Urushning nomi o`chsin, tinchlikning qadriga eting, uni ko`z qorachig`idek asrang, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik hamma narsadan qadrli», deya xitob qilayotgandek, go`yo.

JANGChILAR HAYoTINI SAQLAGAN O`ZBEK

Tarixdan ma`lumki, Ikkinchi jahon urushiga O`zbekistonning bir yarim million farzandi safarbar etilgan. Ularning besh yuz ming nafari Vataniga qayta olmay janggohlarda qolib ketdi. 120 ming o`zbekistonlik jangchi sadoqati va jasorati uchun orden va medallar bilan mukofotlangan.

O`y-xayollar girdobida arxiv yig`ma jildlarini birma-bir varaqlab, qo`lyozmada turli tillarda yozilgan maktublarni o`qishga, mohiyatini anglashga urinamiz. Juda ham eskirib ketgan, ohori to`kilayozgan varaqlardagi xatlar ruchkada, qalamda yozilgan. Ba`zisi bir varaqqa mayda yozuvlar bilan, boshqasi yirik harflarda yozilgan, yana birida rus va o`zbek harflari aralashuvidan hosil bo`lgan so`zlar bitilgan.

1944 yilning 1 dekabrida harbiy kotibga yozilgan Kapitan Maxinning maktubidan parcha:

«Hurmatli kotib. Bizning qismimizda sizning hamyurtingiz katta serjant Sodiqov Sergey Mingazovich xizmat qilmoqda. U o`zining jasorati va ziyrakligi bilan ko`pchilikka o`rnak bo`lmoqda. Kuni kecha qismimiz muhim topshiriqni bajarish uchun ketayotganda dushmanning otryadiga duch keldik. Ana shunda Sergey juda tezlik bilan 25 dushmanni yo`q qilib, ko`plab jangchilar hayotini saqlab qoldi.

Oldingi janglardagi jasorati uchun ham unga bir necha ordenlar berilgan. Endi u avtomatchilar qismining rahbari. Ana shunday insonni tarbiyalagani uchun uning onasi Sodiqova Marg`ubaga minnatdorligimizni etkazing. Agar uning oilasiga yordam kerak bo`lsa, ko`mak berishingizni so`raymiz. Oila Denov shahri, Dochnaya ko`chasi 9/2 yashaydi».

Skanirovat10005.JPG

Eng qiyin vaziyatda ham jasurligini namoyon qila olgan bunday yigitlarning ko`plari urush qurboni bo`ldi.

“OLIS O`ZBEKISTONDAN KELAYoTGAN MAKTUBLAR...”

Maktublarni o`qir ekanmiz, nainki o`zbek yigitlari balki o`zbek xotin-qizlarining ham buyuk g`alabaga o`zining munosib hissasini qo`shganiga guvoh bo`lamiz. Axir Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida mehnat qilgan onalarimiz, opalarimizning matonati g`alaba onlarini yaqinlashtirgan.

Maktab o`quvchilarining katak daftarining ikki sahifasini to`ldirib yozilgan yana bir minnatdorlik xatini o`qishga urinamiz. U O`zbekistonda chop etiladigan «Qizil O`zbekiston» (hozirgi “O`zbekiston ovozi”) gazetasi tahririyatiga Odessadan yuborilgan. Harflarga yillar o`z hukmini o`tkazgani bois matnni to`liq o`qishning imkoni yo`q. Uning qisqacha mazmuni shunday:

«Hurmatli do`stlar, O`zbekiston xotin-qizlari!

Sizlarga o`z muhabbatimiz va salomimizni yo`llaymiz. Hozirgina portlashlar tindi. Oramizdagi masofa uzoq, lekin hammamiz bir tuyg`u — g`alaba rishtasi bilan bog`langanmiz. Albatta, bosqinchilarni yo`q qilib, dunyoda tinchlik o`rnatamiz. Bu g`alabada quyoshli O`zbekiston ayollarining, o`z turmush o`rtog`ini, o`g`lini kutib mehnat qilayotgan sizlarning ham hissangiz bor.

Biz urush to`foni ichida kun va tunning farqiga bormay qolganmiz. Qismimizdagi ko`pchilikning oilasini fashistlar halok qildi. Ba`zi oilalar O`zbekistondan panoh topdi. Ortimizda siz kabi mehribon opa-singillarimiz, onalarimiz borligi va bizning yaqinlarimizga g`amxo`rlik qilayotganidan minnatdormiz. Soldatlarimiz olis O`zbekistondan kelgan xatlarni o`qiganda, bizning ham ko`zlarimizga yosh keladi. So`nggi qonimiz va jonimiz qolguncha g`alaba uchun kurashamiz.

Hurmatli tahririyat vakillari bu maktubni, albatta, sahifalaringizda chop eting.

Kapitan Shelepmev, kapitan Mosyagin, katta leytenant Gorinskiy, leytenant Ananev. 1943 yilning 12 dekabr».

Skanirovat1.JPG

Bunday xatni o`qib beixtiyor ko`nglingiz o`sadi: o`zbek xalqining farzandlari g`ururli, jasur, mehrli va lafzi halol bo`lmaganida bugun biz istiqlol nashidasini sura olarmidik… mard yigitlar tufayli bugun osmonimiz musaffo, hayotimiz farovon. Bunday minnatdorlik maktublari front ortidagi mehnatkashlar kuchiga kuch, shijoatiga shijoat qo`shganini bor gap.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1