1

AQSh va KXDR etakchilari o`rtasidagi uchrashuv Mo`g`ilistonda tashkil etiladi

Dunyo 30.04.2018, 12:26
AQSh va KXDR etakchilari o`rtasidagi uchrashuv Mo`g`ilistonda tashkil etiladi

AQSh prezidenti Donald Tramp va KXDR etakchisi Kim Chen In o`rtasidagi shu yil may oyi oxiri — iyun oyi boshiga mo`ljallanayotgan uchrashuv katta ehtimol bilan Mo`g`ilistonda o`tkazilishi mumkin.

Bu haqda “Izvestiya” nashri Seul hamda Moskvadagi diplomatik manbalariga tayanib xabar berdi.

Uchrashuv joyi Ulan-Bator shahrida bo`lishi imkoniyati kattaligi aynan Mo`g`iliston ham AQSh, ham Shimoliy Koreya bilan teng do`stona aloqalar olib borishi bilan izohlanmoqda. O`z navbatida, masalaning yana bir texnik sababi bor. Ekspertlarning aytishicha, Pxenyan aviaparkining eskirib qolganligi ushbu davlat rahbarining Shvesiya yoki Shveysariyaga to`g`ridan-to`g`ri etib borishiga imkon bermaydi.
Eslatib o`tamiz, ikki etakchi o`rtasidagi tarixiy muzokaralarga mezbon bo`ladigan manzil haqida taxminlar bildirish Donald Tramp Kim Chen In bilan uchrashishga tayyor ekanligini ma`lum qilgandan so`ng boshlanib ketgandi.

“Bugun bu joy aynan Mo`g`iliston bo`lishi haqiqatga juda yaqin. Kim taklif etgan Pxenyanga Tramp ichki siyosat nuqtai nazaridan borishni xohlamasa, Kim esa Seulga bormaydi”, — deydi Janubiy koreyalik yuqori martabali diplomat.
Xabaringiz bor, Donald Tramp yaqinda Kim Chen Inning denuklerizasiya haqidagi so`nggi bayonoti ortida belgilangan muhokamalarda katta muvaffaqiyatga erishilishidan umid qilayotganini ta`kidlab o`tgandi.

Eslatib o`tamiz, ilgari Tramp va Kim Chen In o`rtasidagi uchrashuv Shvesiya, Shveysariya va Osiyodagi nomi e`lon qilinmagan uchta davlatda tashkil etilishi mumkinligi qayd etilgandi. Mazkur ro`yxatdan Pekin, Seul, Pxenyan va Koreya yarim orolidagi chegara hududi hisoblangan Pxanmunjom nomlari chiqarib tashlandi. AQSh prezidentining aytishicha, ayni paytga kelib nomzod mezbonlar soni 2-3 tagacha qisqartirilgan.

Ammo “Izvestiya” nashrining shu bo`yicha yo`llagan murojaatiga Mo`g`iliston tashqi ishlar vazirligi tezkor sharh taqdim eta olmadi.
AQSh va KXDR bilan teng munosabatda bo`lib kelayotgan yana bir davlat sanalgan Singapur ham nomzod mezbonlarning toraytirilgan ro`yxatiga kiritilgan. Bunda nafaqat logistika (Pxenyandan bu erga bemalol uchib kelish mumkin), balki siyosiy jihatdan ham nuqtai-nazarlar inobatga olingan. Yana bir muhim jihati, Singapur yirik va ko`p sonli xalqaro uchrashuvlarni o`tkazishda katta tajriba hamda zarur infratuzilmalarga ega. Xususan, 2015 yilda XXR va Tayvan etakchilari o`rtasidagi tarixiy muzokaralar aynan shu davlatda tashkillashtirilgandi.

Biroq Singapur ham “Izvestiya” gazetasi murojaatiga aniq javob bermay, balki o`z tashqi ishlar idorasi rahbari Vivian Balakrishnanning “Bi-bi-si” axborot manbasida qilgan chiqishini ilova qildi. O`shanda u biror davlat yuqori darajadagi uchrashuvni qabul qilish bo`yicha Singapurga hali murojaat etmaganini aytgandi hamda “mamlakat esa o`zini-o`zi mezbonlik maydoni sifatida taklif qilib, parovoz oldiga tushib yugurishni istamagan bo`lardi”, - deya ta`kidlab o`tgandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1