1

Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo`yicha maslahat kengashi tashkil etilmoqda

Siyosat 05.05.2018, 09:15
Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo`yicha maslahat kengashi tashkil etilmoqda

Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo`yicha maslahat kengashi tashkil etilmoqda.

Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib:

- davlatning va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan sa`y-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy, demokratik hamda ochiq-oshkora maydon sifatida ularning yuqori darajadagi tizimli va samarali muloqotini yo`lga qo`yish;

- o`rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning strategik yo`nalishlarini aniqlash va milliy modelini shakllantirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish;

- fuqarolik jamiyatini va keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek mazkur sektorning holati va rivojlanish tendensiyasi haqida O`zbekiston Respublikasi Prezidentini muntazam ravishda xabardor qilish;

- davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligining zamonaviy mexanizmlarini, ularning faoliyatini qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish choralarini joriy qilish bo`yicha takliflar tayyorlash;

- ilmiy va ekspertlar guruhlari ishtirokida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish yuzasidan tashabbus ko`rsatish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli ravishda o`rganish, umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etish;

- fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritish;

- fuqarolik jamiyatining rivojlanishini, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasini, shuningdek ularning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qo`shayotgan hissasini baholovchi ko`rsatkichlarni ishlab chiqish, bu ko`rsatkichlar asosida davriy va maxsus, shu jumladan muqobil ma`ruzalar tayyorlanishini tashkil etish;

- fuqarolik jamiyati institutlariga ularning xalqaro hamkorligini rivojlantirishda, ilg`or xalqaro tajribani o`rganishda va ushbu tajribani O`zbekiston sharoitida joriy etishda ko`maklashish belgilandi.

Maslahat kengashi faoliyati bevosita O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Maslahat kengashi faoliyatini tashkiliy jihatdan ta`minlash Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan amalga oshiriladi.

2018 yil 1 iyundan boshlab:

ro`yxatdan o`tkazuvchi organ bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining tadbirlarini kelishish tartibi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida xabardor qilish tartibi bilan almashtiriladi;

nodavlat notijorat tashkilotlarining hisobvaraqlariga chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig`iga binoan boshqa shaxslardan ularning ustavlarida (nizomlarida) nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun kelib tushgan pul mablag`laridan va mol-mulkdan ularni olish ro`yxatdan o`tkazuvchi organ bilan belgilangan tartibda kelishilgandan so`ng biron-bir to`siqlarsiz foydalaniladi;

O`zbekiston Respublikasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun ajratilgan grant mablag`lari mazkur tashkilotlarning mamlakatdagi istalgan bank muassasalarida ochilgan maxsus hisobvaraqlariga kelib tushadi;

mehnatga haq to`lash fondini tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan kelib tushgan mablag`lar hisobidan shakllantiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yagona ijtimoiy to`lov stavkasi 15 foizdan ko`p bo`lmagan miqdorda belgilanadi;

jamoat fondi ma`muriy xarajatlarining, shuningdek vasiylik kengashi va taftish komissiyasi a`zolariga beriladigan mukofot puli to`lovlarining va ular o`z vazifalarini bajarishi bilan bog`liq xarajatlar kompensasiyasining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 30 foizidan oshmasligi kerak;

nodavlat notijorat tashkilotlarining pensioner xodimlariga pensiya ularning mazkur tashkilotlardagi faoliyati yagona ish joyi bo`lgan taqdirda, to`liq to`lanadi.

Shuningdek Farmon bilan 2019 yil 1 yanvargacha bo`lgan muddatda:

- nodavlat notijorat tashkilotlarini va ularning ramzlarini davlat ro`yxatidan o`tkazishga, qayta ro`yxatdan o`tkazishga;

- nodavlat notijorat tashkilotlarining o`tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilishga;

- nodavlat notijorat tashkilotlarining o`z faoliyati to`g`risidagi yillik hisobotlariga;

- nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig`iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag`lari va mol-mulk olishni kelishishga doir hujjatlarni elektron tarzda taqdim etish imkoniyatini ta`minlovchi elektron tizimni ishlab chiqilib, joriy etilishi belgilandi.

Bundan tashqari, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish va o`rganish turlari, muddatlari, davriyligi va boshqa tartib-taomillarini nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ro`yxatdan o`tkazuvchi, soliq va statistika organlariga taqdim etiladigan hisobot shakllarini hamda uni taqdim etish tartibini soddalashtirish belgilandi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo`lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi bilan kelishish tartibi o`rnatilmoqda.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, bo`shab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki ob`ektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etiladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma`muriy undiruvlarni qayta ko`rib chiqiladi va sezilarli darajada qisqartirish bo`yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasida volonterlar (ko`ngillilar) harakatini rivojlantirish bo`yicha qonun hujjati loyihasi ishlab chiqiladi.

Manfaatdor vazirlik va idoralarda rahbar o`rinbosarlaridan biri nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish bo`yicha mas`ul etib belgilanadigan bo`ldi.

Mamlakatda nodavlat notijorat sektorini rivojlantirishga munosib hissa qo`shgan jamoat tuzilmalari vakillariga hamda tashabbuskor fuqarolarga fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga katta ta`sir ko`rsatgan ishlari va yutuqlari uchun topshiriladigan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo`shgan hissasi uchun” ko`krak nishoni ta`sis etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1