Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida oliy ta`lim tizimi bo`yicha bo`lgan taqdimotda aytib o`tildi.
Ta`lim doim rivojlanib, yangilanib boradigan jarayon. Bu yo`nalishdagi islohotlarni jadallashtirish maqsadida, davlatimiz rahbarining shu yil 2 fevraldagi qaroriga asosan, “Ta`lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi tuzilgan edi. O`tgan vaqt mobaynida ushbu ofis tomonidan vazirliklar bilan birga o`quv jarayonlarini yangi tamoyillar asosida tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish, ta`lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko`tarish bo`yicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqildi.
6 may kuni Prezident huzurida oliy ta`lim yo`nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo`yicha takliflar muhokama qilindi.
Bugungi kunda bakalavriatda 306 ta yo`nalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik bor. Lekin ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda to`liq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tug`dirmoqda.
Shu bois ta`limning xalqaro tasnifi, ilg`or xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yo`nalishlarini qayta ko`rib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori bo`lgan sohalarda yangi yo`nalishlar ochish bo`yicha takliflar bildirildi.
Oliy o`quv yurtlarida ta`lim jarayonlarini raqamlashtirgan holda dekanatlar va boshqa ma`muriy tuzilmalarni optimallashtirish masalasi ham muhokama etildi. Shu nuqtai nazardan, 1 sentyabrga qadar o`quv jarayonlarini to`liq qayta ko`rib chiqib, yangi tizimni joriy etish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Keyingi asosiy masala bu – oliy ta`limga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yo`naltirish. Hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni to`liq ta`minlamayapti. Ayrim abiturientlar yuqori ball to`plasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, o`qishga kirolmay qolishi mumkin.
Yangi tartibga ko`ra, muayyan bir yo`nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to`plagan abiturient, tanlagan oliy ta`lim muassasasidan qat`i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya`ni, yuqori ball olgan yoshlar o`qishga kirmay qolmaydi.
Yana bir yangilik: endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.
Davlatimiz rahbari bu tizimni adolatli yo`lga qo`yish, yoshlarga va ota-onalarga etkazish zarurligini ta`kidladi.
Malaka talablari bo`yicha ham dolzarb masalalar ko`p. Yurtimizdagi ayrim mezonlar xalqaro standartlarga va ish beruvchi talablariga to`liq mos kelmaydi. Mehnat bozorida mavjud 8 mingga yaqin ishchi kasbdan 5 mingdan ortig`i bo`yicha malaka standartlari ishlab chiqilmagan. Borlari ham aniq va sifatli emas.
Shuningdek, malakani baholash markazlarida sertifikatlash yo`lga qo`yilmagan. Milliy malaka tizimiga doir jarayon va hujjatlar Elektron platformada yuritilmaydi.
Shu bois Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil qilib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablarini to`liq ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
– Bu aholi bandligiga bevosita daxldor dolzarb masala. Shuning uchun bu borada qonunlar ishlab chiqib, vazirlik va idoralar mas`uliyatini belgilash, ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Taqdimotda muhandislik sohasidagi ta`lim sifati ham tahlil qilindi.
Mamlakatimizda yiliga 3 mingdan ziyod sanoat korxonalari tashkil etilib, 146 ming ish o`rni yaratilayapti. Ularda yiliga 25 mingdan ziyod muhandis va texnologlarga ehtiyoj bor.
Bu yo`nalishda 33 ta davlat oliygohida kadrlar tayyorlansa-da, ta`lim sifati talab darajasida emas. Ilg`or xorijiy universitetlarda allaqachon to`xtatilgan ayrim fan va mutaxassisliklar hali ham o`qitilmoqda. O`quv reja va dasturlarining qariyb yarmi mehnat bozori va xalqaro standartlarga javob bermaydi.
Mutasaddilarga ushbu ta`lim yo`nalishida keskin o`zgarish yasash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.