Davlat byudjetining ijrosi to`g`risidagi hisobotlar ko`rib chiqildi

Iqtisodiyot 01.06.2018, 10:23
Davlat byudjetining ijrosi to`g`risidagi hisobotlar ko`rib chiqildi

Joriy yilning 31 may kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berdi.

Deputatlar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yilgi hamda 2018 yilning birinchi choragidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotlarni ko`rib chiqdilar.

Majlisda valyuta siyosatini liberallashtirish va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo`yicha ko`rilgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investisiyalarni keng jalb qilish, uning eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni yaratish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganligi ta`kidlanib, bularning natijasida 2017 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 5,3 foiz, sanoat ishlab chiqarish hajmi – 7,0 foiz, qishloq, o`rmon va baliq xo`jaligi – 2,0 foiz, xizmatlar – 8,9 foiz hamda qurilish – 5,6 foizga o`sishi ta`minlanganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, tushumlar barqarorligiga erishilganligi hamda byudjet mablag`laridan samarali foydalanishni ta`minlash orqali Davlat byudjeti 337,3 mlrd. so`m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profisit bilan ijro etilgan.

Chunonchi, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti xarajatlarining 55,2 foizi miqdorida mablag` sarflandi. Ijtimoiy xarajatlarning 58,7 foizi ta`lim tizimini saqlash va rivojlantirishga hamda 26,9 foizi sog`liqni saqlash sohasi xarajatlariga sarflanganligi mamlakatda inson kapitalini o`stirishga va aholi salomatligini ta`minlashga bo`lgan e`tibordan dalolat ekanligi alohida ta`kidlandi.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2018 yil birinchi choragidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqish davomida deputatlar Davlat byudjeti daromadlarining shakllanishi va harajatlarining sarflanishi holatini tahlil qildilar.

Deputatlar Parlament a`zolari tomonidan joylardagi haqiqiy holatni o`rganish hamda nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirish jarayonlarida Davlat byudjeti mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanish, xududlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasida hali echimini kutayotgan masalalar borligiga e`tibor qaratib, joriy yilning birinchi choragida mahalliy byudjetlar daromadiga 874,0 mlrd. so`m qo`shimcha tushgan mablag`larni aynan shu masalalarni hal etishga yo`naltirish maqsadga muvofiqligi to`g`risidagi taklifni ilgari surdilar.

Majlis yakunlariga ko`ra Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yildagi hamda 2018 yil birinchi choragidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1