Avval xabar qilinganidek, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 6-8 iyun kunlari “O`zbekiston madaniy merosi xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi xalqaro Kongressi bo`lib o`tmoqda. Eslatib o`tamiz, mazkur nufuzli anjuman O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi tashabbusi bilan bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida o`tkazilmoqda.
6 iyun kuni Rossiya Etnografiya muzeyida anjuman doirasidagi ilk tadbir – O`zbekiston badiiy tekstil durdonalari ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Ko`rgazmaning ochilish marosimida so`zga chiqqanlar mamlakatimizda asrlar davomida milliy hunarmandchilikning to`qimachilik, zardo`zlik, gilamchilik singari turlari taraqqiy etganini ta`kidlab ushbu muzeyda saqlanayotgan durdonalarning ahamiyati xususida so`z yuritdilar.
– O`zbekiston madaniy madaniy merosini tadqiq va targ`ib etish bugungi kundagi eng dolzarb vazifalardan biridir, – dedi marosimda so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining o`rinbosari Kamola Oqilova. – Birgina bugungi ko`rgazmaning o`ziyoq O`zbekiston ayrimlarning tasavvuridagi singari faqatgina muhojirlar mamlakati emas, san`at va madaniyatning qadimiy beshiklaridan biri ekanini yaqqol ko`rsatadi.
–Muzeyimiz Rossiyadagi eng qadimiy madaniy muassasalardan biri hisoblanadi, – deydi Rossiya etnografiya muzeyi direktori Vladimir Moiseevich Grusman. – Muzeyga O`zbekiston hududidan etnografiya materiallarining keltirilishi yuz yildan ko`proq tarixga ega. Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan O`zbekistonning bugungi kunda dunyoning turli hududlariga borib qolgan madaniy meros durdonalarini o`rganish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Bugun shahrimizda boshlangan Ikkinchi xalqaro kongress ham ana shu yo`nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga misol bo`la oladi.
O`zbekiston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan ishtirokchilar muzeyga O`zbekistondan olib kelingan tarixiy matolar, gilamlar, uy-ro`zg`or buyumlari bilan tanishdilar. Chindan ham ko`rgazmani tomosha qilish asnosida Vatanimizning bir asr avvalgi tarixiga tushib qolgandek bo`lasiz. Ko`rgazmadan o`rin olgan, milliy liboslardagi manekenlar, intererlar, uy-ro`zg`or buyumari o`sha davr muhitini tomoshabin ko`z oldida jonlantiradi.
Ko`rgazmada namoyish etilgan XIX asr oxirlarida Buxoro amirligidan imperator saroyiga sovg`a tariqasida yuborilgan ulkan zardo`zi parda, qimmatbaho taqinchoqlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi.
Tadbir davomida Rossiya Etnografiya uzeyiga daniyat maskanlariga yurtimizning me`moriy yodgorliklaridagi epigrafika san`ati haqida hikoya qiluvchi “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomlari turkumi beg`araz tuhfa etildi.