1

Etti maktubdan iborat sevgi qissasi

Mutolaa 08.06.2018, 07:19
Etti maktubdan iborat sevgi qissasi

Birinchi maktub

Eh, uning dilbarligini aytmaysanmi, Jorj, qanday dilbar-a! Imonim komilki, agar ko`rgan ko`zni kuydiradigan Adelni hatto qishda ham chamanzor, bezaklari ko`zni quvnatadigan va tasavvurni-da o`ynatib yuboradigan hujrasida ko`rganingdami; uni harir ko`ylakda, muattar atirga burkanib yurganini ko`rganingdami; sen uni gullar iforida uchib yurmish Parizod deb atagan bo`larding; har bir so`zi dilkash, boqishlari ma`noli. Hazilni bir chetga surib aytishim kerakki, aziz do`stim, sening bashorating amalga oshmadi, ya`ni men chinakamiga sevgi dardiga mubtalo bo`lmadimmi, deb qo`rqaman. Ilk bor egnimdagi mundir ko`ksimga torlik qilyapti, bu esa yurak qurg`ur uchun yaxshilik alomati emas. Garchi u tushlarimga tez-tez kirib tursa-da, shunday miriqib uxlaymanki, bugun yana sayrga kech qolibman. O`tgan safargi balda kechlik dasturxoni atrofida Adelga qarama-qarshi o`tirib qoldim va ishtaham xippa bo`g`ildi. Bilib turibman, bu xuddi farang kadrili[1] zabtiga olganda olovlanadigan hamda bir yoki ikki kotilon[2] harakatidan so`nib qoladigan har kungi zobitlar ehtirosiga oid ishtiyoq deya, miyig`ida kulgancha, hukm chiqaryapsan. Tan olishim lozimki, birgina esnoq tufayli ko`rinishidan oftobdek porlaydigan (ushlab qololmaysiz, ohudek hurkak; bir nigoh tashlasa, erib ketasiz; bir og`iz gapidan mum tishlab qolasiz) bir qancha mohporalardan, eh-he, necha marta ko`nglim qolgan... Lekin Adelga kelganda, bunaqasi ketmaydi – u bilan butun Er sharini aylanib chiqish mumkin, shunday aqqli, shunday nazokatliki! “Bu gaplar juda go`zal va maroqli, – dersan balki, – ammo bu oyimqiz o`zingni unga baxshida qilishingni yoqlaydimi o`zi?..” Marhamat qilib, bunaqa savollar bilan bezor qilaverma; bular qanday ro`y berganiga o`zim ham hayronman. Uning menda ko`ngli borligiga ko`p ham ishonavermayman. Bu erdagi sovuq muomalalarni, suhbatlar qanchalik zerikarli ekanini o`zing yaxshi bilasan; ustiga ustak, ustingdan mag`zava ag`darish uchun minglab ko`zlar lo`q bo`lib turadi, yana shuncha quloqlar bir og`iz so`zingni ilib olib, pashshadan fil yasashadi; shu bois barcha oshiqlar kabi “Umid qilamanki...” yoki “Menimcha...”dan u yog`iga o`tolmayman. Shubhasiz, nafsoniyatimiz ko`pincha bizni aldaydi va bu achchiq haqiqat. Lekin... yo u hammaga nisbatan jonkuyar, yo men g`irt ahmoqman, agar adashmagan bo`lsam.

S.

Ikkinchi maktub

(Bir oydan so`ng)

Adel meni sevadi! Agar shu erda bo`lganingda, Jorj, bundayin xursandchilik uchun shampan vinosiga erirdim. Bir tasavvur qil, u men yoqtirgan rangdagi liboslarni kiyadi, mutolaa uchun menga romanlar tanlab beradi, o`qib belgilagan sahifalarimni yodlab oladi. Albatta, balki sen: “U sen yoqtirgan rangdagi kiyimni seni emas, o`sha rangni yoqtirgani uchun kiyib yuribdi; u sening badiiy tanlovingga suyanmoqda, shuning uchun ham didlaring bir xil kelmoqda; xo`sh, nimaga tayanib, sizlarning qalblaring tutash, deya xulosa chiqarish mumkin?” deyishga haqlisan. Mayli, sen aytgancha bo`la qolsin, do`stim, biroq choparlik safaridan qaytganimdagi uning quvonchini, hayajondan qizargan ol yanoqlarini, entikib-entikib nafas olishini bir ko`rganingdaydi, hech qanday mug`ombirlik bundayin darajaga etolmasligini tan olgan bo`larding. O`sha daqiqadan boshlab u men uchun eng qadrli va eng suyukliga aylandi, hech bir ayol uningchalik mahbuba bo`lolmaydi, dedim o`zimga o`zim. O, u bilan raqs tushayotganimda ettinchi falakka ko`tarilaman, tevarak-javonib go`yo bug`lanib ketadi. Fahmlayotgan bo`lsang kerak — u bilan raqs tushishdek qulay fursatni sira qo`ldan boy bermayman va bundan baxtiyorman. Bekorga ballarni yoqtirmaysan: bunday o`yin-kulgularsiz qizlarimiz bayramlarda zerikib o`lishardi, negaki teatrlarimizda tanish-bilishlar arang bir-biriga bosh irg`ab qo`yishadi, ziyofatlarda esnab o`tirishadi. Ertaga men u bilan kotilon raqsiga tushaman, bachkanaligim uchun ma`zur tutgaysan... Allaqachon balga qanday taraddudlanishimni tasavvur qilyapman, o`zimni ko`zguga solaman, shosha-pisha qo`lqoplarimni kiyib-echaman... daqiqalar imillaydi, soatlar to`xtab qolgan go`yo! Nihoyat, soat o`nga bong uradi va: “Knyaz G.nikiga ketdim!” deya qichqiraman, faytonda keta turib tilimga ko`chmaydigan iboralarni takrorlayman. Etib boraman ham... Zinapoyani tushirishadi, faytondan sakrab tushaman, ikki odim tashlab, dahlizda paydo bo`laman, sochimni to`g`rilab, tugmalarimni ko`zdan kechiraman va yuragim dukurlab, yuzimga xotirjam tusni bergancha, musiqa yangrayotgan, keng-yorug` zalga kiraman. Xonadon bekasiga ta`zim qilib, ko`zlarimga erk beraman — yorug`lik tezligida balga kelishimga sababchi bo`lgan hurliqoni izlayman. Nigohlarim gullardan sakrab o`tib, sholro`molu mallasochlar uzra sirg`aladi — topolmayman... Ana, aftidan, uning sumbati, uning qadam olishlari... yo`q, yanglishibman, u emas.. lekin sal nariroqda... O, uning diydorini ko`raman!

S.

Uchinchi maktub

(Ikki haftadan so`ng)

Qo`limga tutqazgan albomiga nima deb yozaman? O`zi nimani yozishim mumkin? Undan: “Qaysi tilda yozishim kerak?” deb so`raganimda, “Haqiqat tilida”, – deb javob berdi. Haqiqat tilida! Aytishga oson, ehtimolki, yozish ham osondir, ammo-lekin bu yorug` dunyoda haqiqatni ko`tarisholarmikin va men yurak yutib: “Adel, men sizni sevaman!” deb baralla aytolamanmikin? Ammo men o`zgalarning his-tuyg`ulari oldida tovusdek eshilishni yomon ko`raman, havoyi xushomadlardan ko`nglim ayniydi, bularning bari insoniy haqirlikning oniy nishonalari. Boz ustiga, rus tilida kelishtirib yozishni menga o`rgatishmagan, yot-begona tilda dil izhor qilishga esa g`ururim yo`l qo`ymaydi. Adel vatanini xo`b yaxshi ko`radi va bu narsa unga yoqmasligi turgan gap. Qanday yo`l tutishni o`rgat, Jorj. Yozishdan qo`ling chiqib qolgan bo`lsa-da, har holda asarlaring chop etilgan; she`rlaring go`zallarning papilotkalariga[3] bitilgan, gusarlar[4] trubalari uzra yangragan. Qalbimdan toshib chiqayotgan tuyg`ularni ifodalash uchun o`zimizning tilimiz faqir, sovuq. O, o`tli muhabbatimni ifodalamoq-chun nechun olovli lahja yaratolmayman yoxud nega boshqalar kabi jo`ngina sevolmayman? Bunday kayfiyatda Adelning albomiga bironta bema`ni so`z yozib, bamaylixotir uyquga ketishim mumkin edi. Lekin endi hammasi o`zgacha: fikrlarim his-tuyg`ularim olovida erib bitdi, bu tuyg`ular muhabbat jilg`asiga quyildi... Butun borlig`im yurakka evrildi. Iltimos, Jorj, mening ongimga aylanib, hech qursa tafakkur uchqunimni uyg`ot. O`zgacha yozmoq qo`limdan kelmaydi, haqiqatni esa aytolmayman!!

S.

To`rtinchi maktub

(Bir yarim oydan so`ng)

Do`stim! Xatingni oldim, maslahatlaringni yuragimga jo qildim; maslahatlaring jo`yali, ammo shunchalik sovuqki, shamollab qolish hech gap emas. Sen sevgiga falsafa zarrabinidan qarayapsan; ayni vaqtda qalbimdan sevgi deganlarini zulukday sug`urib olishing darkor edi; do`sting uchun bu tuyg`u halokatli bo`lgan bir asnoda sen uni hazil-mutoyiba choyshabi ila yopyapsan. Eh! Hech qanday dori-darmon qalbimga sanchilgan otashin sevgiga malham bo`lolmadi!

Battol qismatga yon berganmanmi-yo`qmi, o`zing yaxshi bilasan, Jorj. Xo`sh, endi qanday qilib meni kurashmay sevgi asiriga aylandi, deyish mumkin? Aslo yo`q! men o`zimning mayllarimga qattiqqo`lman. O`zimni o`zim aybladim, tiydim, ammo mag`lub bo`lish navbati meniki edi — men bu nozik hilqatning malohati oldida tiz cho`kdim. Hayhot, doim o`zim ustilaridan kulib, quyonyurak deb ataydigan oh-voh qiluvchilarning keng so`qmog`idan qadam tashlash naqadar alamli! Mendayin bir erkak, harbiy nafasini ichiga yutib, shirin bir so`zga mushtoq bo`lib, oyimqizning har bir nigohiga titrab-qaqshab mo`ltirab, vaqtini o`ldirib, puch xayollarga berilgancha, xizmat vazifasini unutib, sevgining qo`llarida o`yinchoq bo`layotganim uchun o`zimdan o`zim uyalib ketdim! Mening jo`shqin yoshimda arazlagancha xonasiga qamalib olgan yosh boladay chirib-zanglab o`tirishim, quroldoshlarim g`alaba tojini kiyishayotgan bir paytda qo`y-qo`zilarning yungini qirqib, ismimni tarix kitobiga emas, xotinlar vekselida qoldirishim nimasi?! Bu dahshat, Jorj, befoydaligi uchun ham dahshat. Oshiq dilim shuhratparastligimga toqat qilib turibdi, binobarin, pinhona ko`z-yoshlar ila emin-erkinligimni umidsiz baxtga sotdim. Uyquda cho`kib ketayotgan dengizchining taqdiri havas qilsa arzigulik, ammo men qayoqqa qarab intilayotganimni ko`rib-bilib turibman, o`zimni to`xtatishga kuch topolmayman: Adelga bo`lgan muhabbatim hammasini eb bitirdi — biron satr ham o`qiyolmayapman, undan o`zga xayol yo`q, unga bo`lgan mubtalolikdan o`zga mashg`ulot yo`q. Kela qolsang-chi, do`stim, meni o`zimdan qutqar!

S.

Beshinchi maktub

(Bir haftadan so`ng)

Yo`q! Kamina jazolanmay turib ustidan kuladiganlar toifasidan emasman. Agar shubha-gumonlarim to`g`ri chiqsa, Adel menga qonli ko`z yoshlari bilan tovon to`laydi... Raqibim esa halokatga eltuvchi o`qqa duchor bo`ladi. Ammo-lekin nima uchun Adel o`zining his-tuyg`ulari borasida senga hisobot topshirishi kerak ekan, deb so`rashing mumkin. Qaysi burch-majburiyati uchun menga sadoqatli bo`lishi kerak?.. O`, yo`q, albatta, agar gap tashqi tomondagi xulq-atvor haqida ketayotgan bo`lsa. Lekin ulug`vor, oliyhimmat qalblar uchun muqaddas qonun yagona. Men uni sodda mug`ombirlik bilan yo`ldan urmadim, jo`shqinligimni yashirmadim, qanday bo`lsam, shundayligimcha o`zimni namoyon etdim. Ehtimol, bu bevafolik rashkim tufaylidir... O, mening zaif yuragim! Adelning yuragidagi yolg`onni ko`rmaslik uchun aldanishga orzumandsan. O`zimni o`zim ancha fursatgacha aldab yurdim, biroq meni aldash oson emas!! Yo`q, mening qismatim naqd. Erast ikkalamiz ro`parama-ro`para kelib qolganimizda, Adelning sarosimalanib qolganini ko`rmadimmi? Adelning javoblarida yotsirayotganini, zo`rama-zo`rakilikni sezmadimmi? Erast otdan yiqilganini xabar qilishganda, uning uzun kipriklaridan dumalagan yoshni payqamadimmi?.. Avvalboshda Adel yigitlarning salomiga sovuqqonlik bilan alik olib, buni men uchun qilayotganini bildirib turdi; endi esa Erast bilan o`rin almashdik. To`g`ri, Erast oliyjanob, iltifotli yigit... Biroq mendan chiroyliroq, iltifotliroq odam Adelning diqqatiga sazovor bo`laverishi kerakmi? Nechun yuragim uning uchun urib turadi, ko`zim nechun faqat uni ko`radi? Faqat uni deb, uning uchun yashayman!

Raqibim, aftidan, men bilan do`stlashishni istayapti, qolaversa, menga achingandek tuyulyapti!.. Dilni ranjitadigan dadilligini qarang! Basharti g`animlarim rahm-shafqatiga zor bo`lganimda, o`zim uchun nochoru notavonga aylanardim. Suyukli bo`lamanmi yoki nafratga duchor bo`lamanmi, u do`stlikni emas, mening ajalimni qidirishi darkor! Alamlidir, shafqatsizdir rashk azobi: quyosh isitmaydi, tunda uyqu qochadi, chor atrof do`zaxga aylangan go`yo.

Biroq Adel uni chindan ham sevsa-chi? Unda battar bo`lishsin: men sevgan qizni mehrobga olib borishiga jimgina qarab turarkanmanmi? Adelni suyib-erkalab meni tahqirlasinmi, butun shaharda omadsiz qalliq degan nom orttirib, g`ururimni erga ursinmi? E, yo`q, bunaqasi ketmaydi! Nima bo`lsa, bo`lar, rashk azobidan adoyi tamom bo`lgandan ko`ra, qasos huzurini eslab yashagan afzal.

S.

Oltinchi maktub

(Bir haftadan so`ng)

Tamom. Yarim soatdan so`ng Erast bilan otishaman — jonni ayamay: bunga vaj-karson izlash ahmoqlik. Afsus, Jorj, yonimda emassan-da, senga aytadiganlarim bir dunyo; biroq xohish-istak uchar gilam emas. Bu erda bo`lmasang-da, chin do`stliging uchun qalbimning tubidan senga minnatdorchilik bildiraman. Senga o`xshaganlar kamdan-kam topiladi, qolaversa, do`st yagona bo`ladi; senga doimo mehrim baland bo`lgan!.. Aftidan, xatga tomgan ko`z yoshlarim bilan do`stligimiz uchun so`nggi qurbonlik keltiryotgandirman... Senga bir muqaddas tuyg`uni, ya`ni vatanga bo`lgan muhabbatni vasiyat qilib qoldiryapman; vatan uchun yasha! Vatan uchun halok bo`lmayotganimdan afsus-nadomatdaman. O`laman, deb aytyapman, sababki, birinchi bo`lib o`q otmaslikka ahd qildim... raqibimni ranjitdim. Tug`ishgan jigarlarimga noma yubordim — ularga tasalli ber; senga Ivanimni ishonib topshiraman — unga panoh bo`l. Agar Adelni ko`rib-netib qolsang, aytginki, men uni sevardim va hech kimga nisbatan nafrat hissini tuymaganman. Sekundantlar shu erda, o`qlar joylandi, to`pponchalar shay; men ketdim. Kechir, do`stim!

S.

Ettinchi maktub

(Oradan to`rt kun o`tib)

Men uni o`ldirdim, bu oliyjanob odamni o`ldirdim! Meni qanchalik niyatimdan qaytarishga intilmasin, o`z fikrimda sobit turaverdim: soxta shuhratparastlik yuragimni muzlatgandi, so`qir taqdir meni qotillikka, yovuzlikka undadi. Nega o`zimni yozg`irayotgan ichki ovozimga quloq tutmadim-a! Ha! Tunov kuni yuragim g`ashligi kelgusi vijdon azobining aks-sadosi emasmidi? Biz yigirma qadamdan bir-birimizga qarab yaqinlashib kelaverdik, men hech narsani o`ylamay, shaxdam odim tashlayverdim. Olti qadamda, negaligini o`zim ham bimayman, tepkini bosib yubordim — o`q xuddi yuragimdan otilib chiqqanday bo`ldi!.. Erastning ilkis sapchib tushganini ko`rdim... Tutun tarqagach, Erast qonga belangancha qorda yotardi. Bu manzarani ko`zimdan yo`qoting, yo`qoting, bu haqdagi xotirani miyamdan yulib olib tashlang! Men chopib bordim... u nariroq surildi... menga hech bir nafratsiz qarab, qo`lini uzatdi, qo`liga boylangan jiyakni lablariga bosdi — bu Adelning jiyagi edi. “Adel!..” – deya oldi u arang va ko`zlaridagi nur so`ndi, ko`ksiga quloq soldik — jimjit; nafas ham olmayapti: u o`ldi!

O`zimni eng yaqin do`stimni, og`amni o`ldirgandek his qildim. Nihoyat vijdon alangasi ongimni yarq etib yoritdi: hayot va o`lim o`rtasiga tushib qozilik qilishga nima haqqim bor edi? Yurakka buyruq berib bo`larkanmi? Adel uni sevardi va albatta, u bilan baxtli bo`lardi...

Allaqachon avaxtadaman. Harbiy sud belgilandi... meni shafqatsiz va adolatli jazo kutyapti; ammo Xudoning qahri men osiy bandaga yog`ilib turganda, bu nima bo`libdi!.. Hozir tun — hamma shirin uyquda, biroq men bedorman, ich-etimni g`ashlik kemirmoqda. Vijdon azobidan qiynalib kun sanayman; tun qorong`usi vahimaga to`la... ishonasanmi, do`stim: har bir tiq etgan ovoz, soqchining har bir hayqirig`idan cho`chib tushaman. Charchoqdan ko`zim ilinay-ilinay deydi — chor atrofda arvohlar izg`ib yuribdi, shekilli, qulog`imga allanimalarni shivirlashadi. Dahshatli tushlardan yuragim po`killaydi: mash`um o`q ovozi, o`lim oldi ingroqdan qulog`im tom bitadi; goh yurakka vahm solguvchi sukunat, goh motam marsiyasi, ustimga botmonlab tuproq tashlashayotganday bo`g`ilib ketyapman, go`riston tuprog`i burun kataklarimni achishtiryapti... tobut taxtasi ko`ksimni ezmoqda... yuz-ko`zlarimda qurt-qumursqalar o`rmalamoqda... Tuyqus ingrab uyg`onib ketaman, peshanamdagi sovuq ter xuddi qon tomchilaridek tuyuladi... O, kim hayot deb atalmish ne`matning nafratiga uchragan qotilni daf etoladi?! Nima uchun urushda emasmiz-a... nima uchun meni tezroq otib tashlashmayapti-a!

Aleksandr BESTUJEV-MARLINSKIY (Rossiya) (1797-1837)

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi



[1]Kadril – juft-juft bo`lib ijro etiladigan bal raqsi va uning musiqasi.

[2]Eski raqslarning bir turi va uning musiqasi.

[3]Papilotka – sochni jingalak qilish uchun ishlatiladigan qog`oz.

[4]Gusar – Chor Rossiyasi va ba`zi xorijiy armiyalarda: venger formali engil kavaleriya askari, suvorisi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1