Jahonga mashhur biznesmen hamyurtlarimiz
Davomi. (Birinchi va ikkinchi qismlarga keltirilgan havoladan o`ting)
Blumberg nashriyoti 2012 yilning mart oyida Alisher Usmonovni Rossiyaning eng badavlat kishisi, deb e`lon qildi. Shu paytda uning 20 milliard AQSh dollarlik mol-dunyosi bor edi. “Blumberg markets” jurnali 2013 yili Alisher Usmonovni dunyoning besh nafar eng mashhur biznes kishilari qatoriga qo`shdi.
Alisher Usmonov ko`p joylarda ishladi, turli vazifalarni bajardi, tinmadi. 1997 yili yirik investisiya loyihalarini joriy etish bo`yicha maxsus tuzilgan PAO “Gazprom”ning sho``ba (dochernyaya) kompaniyasida 15 yil bosh direktor bo`lib xizmat qildi. Va nihoyat, tarkibida “Metalloinvest” xoldingi, “MegaFon” va “Skartel” aloqa operatorlari, internet-bozoridagi rus segmentining lideri bo`lgan Mail.Ru Group, Disney Russia (Disney Rasha), “MUZ-TV” va “Yu” telekanallarini birlashtirib o`zining nomidagi “USM Holdings” kompaniyasiga asos soldi.
Alisher Usmonov Rossiyadagi bag`ri keng, qo`li ham ko`ngli ham ochiq xomiylardan biri hisoblanadi. 2007 yili Londondagi mashhur Sotbis auksionida sotilish arafasida turgan mashhur sozanda Mstislav Rostropovich bilan uning rafiqasi, opera qo`shiqchisi Galina Vishnevskayaning umumiy bahosi 111 mln 750 ming dollar qiymatga ega bo`lgan 450 lotli kolleksiyasini xarid qilib olib Rossiya davlatiga hadya etdi. 2007 yili Amerikaning Oleg Vidovga qarashli “Films by Jove, Inc” kompaniyasidan sobiq Ittifoq davrida qandaydir yo`llar bilan xorijga ketib qolgan sovet multfilmlariga bo`lgan huquqini to`laligicha sotib oladi va Rossiyaning “Bibigon” bolalar telekanaliga hadya qiladi.
Alisher Usmonovning “San`at, fan va sport” Fondi Frans Xals Starshiy chizgan “Mark evangelist” kartinasini sotib olib bir vaqtlar chet elga olib ketilgan bu mashhur tasviriy san`at asarini Moskvadagi Pushkin nomli tasviriy san`at davlat muzeyiga qaytarib berdi.
Alisher Usmonov Rossiya futboli va futbol o`yinchilarining ham katta ishqibozi, shinavandasi, xomiysi. 2015 yil u Rossiya futbol uyushmasiga 1 millard rubllik beg`araz homiylik yordami ko`rsatdi. Undan biroz ilgari Rossiya futbol uyushmasiga 400 million rubl o`tkazib, terma komandaning avvalgi treneri Fabio Kapelloga qarz bo`lib qolgan 8 oylik ish haqini to`lab bergan edi.
Alisher Usmonov 10 yildan buyon (2008 y.) qilichbozlik bo`yicha Xalqaro federasiya prezidenti. 2014 yil Sochida o`tgan XXII qishki Olimpiya o`yinlari va XI Parolimpiya o`yinlarini tashkil etish va o`tkazish Kengashining a`zosi, Rossiya olimpiadachilarini qo`llab-quvvatlash vasiylik Kengashining ham a`zosidir.
Toshkentda qilichbozlik seksiyasiga qatnashib yurgan kezlari Alisher badiiy gimnastika bo`yicha olimpiya chempioni Irina Vinner bilan tanishib qoladi. Keyin ko`pchilikka ma`lum bo`lishicha, sud, qamoq, ayriliq... Qamoqda o`tirgan paytida Alisher Irinaga bo`lgan qalbidagi hissiyot oddiy bir havas emas haqiqiy muhabbat ekanligini anglaydi. O`zi shaxsan uchrashib mehr-muhabbatini izhor qilishga imkoni bo`lmagan Alisher 1980 yili qamoqda turib yaxshi ko`rgan mahbubasi Irina Vinnerga chiroyli gulli ro`molcha jo`natadi. Bu qadimgi urf-odatga ko`ra yigit ko`nglidagi ayol bilan turmush qurish niyati borligidan dalolat berar edi. Irina buni qalban his etadi va o`zi kutayotgan voqea sodir bo`layotganini sezib rozi bo`ladi. Bu mashaqqatli og`ir ayriliq yillari ko`ngli o`ksik Alisherning yagona tayanchi Irina Vinner bo`ldi. Ular doimo maktub yozishib, arzu dodlarini aytib bir birini yupatishar edi. Alisher bilan Irina qamoqdan chiqqandan keyin nikohdan o`tishdi. Shunday qilib 1992 yili qilichbozlik ustasi Alisher bilan Olimpiya chempioni Irina Vinnerning to`yi bo`lib o`tadi.
Sportdan chiqqan Usmonovlar oilasi mana hozir ham katta sport ishlari bilan mashg`ul. Alisher Usmonov qilichbozlik bo`yicha Xalqaro Federasiya Prezidenti bo`lsa, turmush o`rtog`i Irina Vinner badiiy gimnastika bo`yicha Xalqaro Federasiya Prezidenti va Badiiy gimnastika bo`yicha Xalqaro Federasiyasi texnika qo`mitasining vise-Prezidentidir.
2016 yili 12,5 milliardlik mol-mulki bo`lgan Alisher Usmonov Rossiyaning 200 nafar eng boy biznesmenlari qatoridan 3 o`rinni oldi. 2017 yili uning mablag`i 15,2 millard AQSh dollari bo`lib 5 o`rinni egalladi. Bir biznesmen mol-mulkiga tegishli turli raqamlarni keltirishimizdan hayron bo`lmang, ochiq, rasmiy, oq biznes ana shunaqa bo`ladi. Jahondagi iqtisodiy silsilalar, inqirozlar tufayli bir gal 20 millard bo`lib turgan kapitalingiz shu kungi neft, gaz yoki oltinning bahosiga qarab 15 milliardga tushib qolishi yoki ko`tarilib ketishi mumkin.
Endi eng so`nggi yangiliklardan bittasiga to`xtalib o`tmoqchimiz. 2018 yili bahorda Toshkentdagi “O`zbekiston” xalqaro forumlar saroyida buyuk kinoaktyor, rejissyor, jahon "so`zsiz kino"sining “qiroli” deb nom olgan mashhur Charli Chaplinning “Katta shahar chiroqlari” filmining namoyishi bo`lib o`tdi. 1930 yillar jahon kinematografiyasining shedevri deb e`tirof etilgan bu film Rossiya Milliy filarmoniyasi orkestrining badiiy rahbari, buyuk dirijyor Vladimir Spivak rahbarligida yangragan jonli musiqa sadolari ostida namoyish etildi. Mazkur konsert dasturi O`zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi bilan Alisher Usmonovning “San`at, fan va sport” Rossiya fondi tomonidan hamkorlikda tashkil etildi. Mazkur film-konsent kino san`ati endi paydo bo`layotgan XX asr boshlaridagi madaniy muhitni, u paytda endi namoyish etila boshlagan dastlabki kino-filmlarni, o`sha davr va muhitni eslatdi.
Sarmoyador vatandoshlarimizning insonparvarlik faoliyatini ko`rib xursand bo`lasan kishi. Bir erdan, bir eldan bo`lganingga, ularning ishbilarmonligi, uddaburonligi, maqsadni aniq qilib qo`yishi va unga albatta erishishini, ayni bir paytda qo`lining ochiqligiyu bag`rining kengligiga havas qilasan, faxrlanasan. Gap shundaki, bugun o`z vatani O`zbekistonga investisiya kiritishni xohlayotgan xorijdagi o`zbeklar bitta emas: Iskandar Mahmudov, Fattoh Shodiev, Alisher Usmonov ana shular qatoridan o`rin olgan. Ular o`z vatanidagi so`nggi olamshumul o`zgarishlarni ko`rib bir emas bir nechta loyihalarda qatnashishga, ezgu ishlar qilib o`zlari haqida yaxshi nom qoldirishga oshiqishmoqda.
O`zbekistonda ko`proq tanish bo`lgan, xalq orasida ham yuqori doiralarda ham katta obro`-e`tiborga ega Alisher Usmonov Toshkentdagi Islom madaniyati markazi qurilishiga mablag` ajratish niyatini borligini bildirdi. Shunday qilib, boshqa davlatda, o`zga tamaddun hukmron bo`lgan muhit-sharoitda ko`p yillardan buyon yashayotgan bo`lsa ham hamyurtlarimiz qalbida Vataniga, o`zlari uchun muqaddas bo`lgan ota makon, ona tuprog`iga sodiqligi, hurmati, mehru muhabbati saqlanib qolgan.
Rossiyalik vatandoshlarimiz Buxoroi sharifdagi turistlar saylgohi qurilishiga O`zbekiston hukumati va boshqa investorlar bilan hamkorlikda mablag` kiritish istagini bildirdilar. Alisher Usmonovning mablag`i hisobiga yaqin kunlarda Buxoro shahri va uning atrofida 10 gektardan kattaroq bo`lgan maydonda butun bir zamonaviy turistik kompleks - sayilgoh paydo bo`ladi.
Yangi turistik saylgoh G`ijduvon ko`chasi va "Ko`xna va boqiy Buxoro" madaniy majmuasi oralig`ida joylashgan joyda barpo etiladi. Saylgoh maydonida pastqavatli zamonaviy mehmonxonalar, madaniy-sog`lomlashtirish va savdo-ko`ngilochar markazlarini barpo etish rejalashtirilgan. Ularda kunu-tun chet ellik sayyohlarga xizmat ko`rsatish va maroqli hordiq chiqarish ta`minlanishi ko`zda tutilgan.
Turistik zonada turli shoular, o`tmish voqealari aks ettirilgan teatrlashtirilgan konsert tomoshalari namoyish etiladi va folklor ansambllari bilan bir qatorda zamonaviy estrada xonandalari chiqishlari, milliy modalar namoyishi va boshqa tomoshabop tadbirlar tashkillashtiriladi.
Yangi turistik hudud Internetga to`liq bepul ulanish imkoniyatini beradigan Wi-Fi - "vay-fay” bilan qamrab olinadi
Yaxshi niyatli, bag`ri keng, ko`ngli ham qo`li ham ochiq odamlar topilsa jumlai jahon yordam ko`rsatayotgandek bo`lar ekan. Saylgoh – majmuada katta mulkdorlar uchun alohida, o`rta va kichik tadbirkorlar uchun alohida va fuqarolar uchun ham alohida shinam, narhi ham arzonroq bo`lgan turli toifadagi mehmonxonalar, restoranlar, milliy sovg`a-salom suvenir do`konlari, butun bir dam olish, hordiq chiqarish markazi qurilishi rejalashtirilgan.
Uzoq yillar davomida boshqa yurtda, boshqa muhitda faoliyat ko`rsatgan mashhur vatandoshlarimiz O`zbekiston uchun nihoyatda muhim bo`lgan bugungi kunda o`z vatanining quvonchu tashvishlariga sherik bo`lish niyatini bildirmoqdalar. Buni tushinsa bo`ladi, vatandoshlarimiz qaerda, u Belgiya bo`ladi-mi, Rossiya-mi, Qozog`iston-mi va qanday sharoitlarda bo`lmasin, bugun ular uchun kindik qoni to`kilgan ota-bobolari makoniga, oltin tuprog`iga teng jannat bo`lmasa kerak dunyoda. Bobo va momolarining mozorlari bo`lgan bu mo``tabar-muqaddas erda ularni avlod-ajdodlarining ruhi qo`llab quvvatlaydi. Boz ustiga, belgiyaliklar juda xush ko`radigan "kartofel chipsi"si yoki "belgiya vaflisi" bo`ladimi, ruslarning pelmeni, borshchi-mi yoki qozoqlarning beshbarmog`i-mi, bari-bir suv bo`yidagi salqin-soyada joylashgan o`zbek choyxonasida, qozonda, ochiq havoyu ochiq olovda tayyorlanayotgan choyxona paloviga, bug`i chiqib turgan samovar choyiga, bu erdagi do`stlarining hazilu askiyalariga, shirin suhbatiga nima etsin. O`zbek qaerda bo`lmasin bu muhitni sog`inadi, qo`msaydi, unuta olmaydi, borgan joyidan albatta qaytib keladi.
****
Endi milliarderlarning dam olishi, ishqivozligi yoki “xobbi”si deymiz-mi, ana shular to`g`risida ham ikki og`izgina to`xtalib o`tamiz. Agar biznesmen boy yoki juda ham boy bo`lsa, mol-mulki, puli-mablag`i qancha ekanligini hatto o`zi ham bilmasa, unda milliarderlarning badavlatligini uni limuzinining uzunligiga yoki ko`l va dengizlarda suzayotgan shaxsiy yaxtasining o`lchovlari: suv sig`imi, machtasining balandligi, kema bortining kengligi, yaxta kayutalarining soniyu yaxtasining uzunligi necha o`n metr ekanligiga qarab o`lchanadi. Hozir o`nlab rossiyaliklar uzunligi 100 metrdan oshgan yaxtalarga ega. Bular qatoriga Dmitriy Pumpyanskiyning Blade yaxtasi, Alisher Usmanovning Dilbar nomli yaxtasi, Andrey Melnichenkoning “Sailing Yacht” yaxtasi kiradi. Ular qatorida Roman Abramovichning 113-metr uzunlikdagi, bir paytlar jahonda eng uzun va katta deb hisoblangan, Le Grand Bleu yaxtasi ham bor. Yaqin-yaqingacha eng zo`r deb yuritilgan Eclipse yaxtasi bugun ikkinchi o`ringa tushib qoldi. Hozir Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti - Abu-Dabi amiri ixtiyorida bo`lgan 180 metr uzunlikdagi Azzam yaxtasi birinchi o`ringa chiqib olgan.
Bir qonuniyat sezilmoqda. Rossiyaliklar ixtiyoridagi yaxtalarning soni keyingi paytda jahon bozoridagi neftning bahosi bilan chambarchas bog`liqligi ma`lum bo`lib qoldi. 2000-2008 yillari bir barrel neft 30 dollardan 140 dollarga qadar ko`tarilganida yaxtalik rossiyaliklar soni ayniqsa ko`paydi. USM Holding kompaniyasining egasi Alisher Usmanov ekstra klass mavqeidagi bir yo`la uchta yaxtaning egasi bo`ldi. 66 metrli Natita yaxtasi 2005 yilda Niderlandiyaning okean qirg`og`idagi mashhur Oceanco yaxta qurish verfida yig`ilgan. Uzunligi 110 metr. Hisob bo`yicha ikkinchi raqamga ega bo`lgan bu yaxtaning nomi “Ona” bo`lib u Usmonovga 200 million dollarga tushgan. Usmonovning yaxtalari orasida eng yaxshi yasatilgani, go`zal, ko`rkam, zo`ri “Dilbar” nomi bilan yuritiladigan yaxta bo`lib u Alisher Usmonovning onasi nomiga qo`yilgan. “Dilbar” yaxtasining uzunligi 156 metr bo`lib, u 600 million dollar qiymatga ega. Bu barcha qulayliklarga ega bo`lgan nihoyatda go`zal yaxta Barselonaning (Ispaniya) 160 metr uzunlikka ega bo`lgan OneOceam Port Vell porti bandargohida turadi.
Sailing Yacht yaxtasi machtasining uzunligi hatto Londondagi Big Ben kuranti balandligidan ham yuqoriroqdir. Rossiyalik Andrey Melnichenkoning yaxtasi nafaqat uch o`lchovdagi hajmi bilan balki kema kayutalarining bezagi - nodir, nafis, go`zal dizayni bilan ham ajralib turadi. Ikkala: 142 metrli A Sailing Yacht va 119 metrli A Motor Yacht yaxtasi ham mashhur fransuz dizayneri Filipp Starka loyihasi asosida qurilgan. Bittasi suv osti kemasi – submarinaning naq o`zi qilib yaratilgan bo`lsa, ikkinchisi elkanli kemani eslatadi. Ikkala yaxta kema qurish san`atining nafaqat bugungi zamonaviy balki kelajakda, keyingi asrda paydo bo`lishi taxmin qilinayotgan yaxtalar ko`rinishga egaligi bilan alohida diqqatga sazovordir. Yaxtada vertolyot qo`nadigan maydoncha, dengiz suvi to`ldirilgan basseynlar, okean osti dunyosini tomosho qiladigan maxsus kameralar bo`lib, u ochiq okeanda quyosh botishini turli nuqtalardan turib - rakurslarda ko`rish, bu tabiat mo`jizasidan rohatlanish imkoniyatini beradigan aylanma kreslo-krovatlar bilan jihozlangan.
Yaqinda bir xushxabar ko`pchilikning diqqatini o`ziga qaratdi. Unda aytilishi bo`yicha, Rossiya Fanlar akademiyasi sodir bo`lgan nohaqlikda adolatni tiklagan ekan. Voqea esa bunday bo`lgan edi. Sotuvga qo`yilgan dunyodagi eng oliy mukofot - Nobel tasviri tushirilgan oltin medal uning sovrindori Ameriklik biolog - olim Djeyms Uotsonga qaytarib berildi, deb xabar qildi Rossiya ommaviy axborot vositalari. Ayni amerikalik biolog olim Djeyms Uotson hamkasblari bilan hamkorlikda dunyoda birinchi bo`lib DNK nima ekanligini va u nimalardan tashkil topganini ochib berib dunyodagi eng nufuzli mukofotga sazovor bo`ladi. Ammo 2014 yil olim bu benazir mukofotni sotishga majbur bo`ladi. Oltin medal Londondagi “kim oshdi savdosi”ning bolg`asi birinchi bor ko`tarilishi bilan kimdir tomonidan aql bovar qilmaydigan yuksak baho taklif qilingani uchun shu zahoti sotib yuboriladi. Ikki hafta mobaynida Nobel mukofotini kim sotib olganligini hech kim bilmas edi.
Adolatning tiklanishi, noyob mukofotning egasiga qaytib kelishi alohida marosimga aylanib ketdi. Bu voqeani o`z ko`zlari bilan ko`rish, uning asl egasi, yirik biolog-olim bilan uchrashuvga yuzlab talabalar, laborantlar, akademiklar, ilmiy markazlarning direktorlari peshvoz chiqadilar. Tantanali daqiqalar... Yig`ilganlarning hammasi mukofotni egasiga qaytarib berilishini orziqib kutishar edi. 90 yoshdagi yirik olim qadrdon bo`lib qolgan o`zining Nobel oltin medalini qayta olishi bilan ko`zlaridan oqqan yoshlarini to`xtata olmay qoladi. U yarim yildan buyon bu daqiqalarni orziqib kutgan bo`lsa ham, voqeani bunday iliq yakunlanishini hayoliga ham keltirmagan ekan.
Nobel oltin medalini sotib yuborish tarixi esa bunday bo`lgan. 2014 yilning oxiriga borib uning egasi olim Djeyms Uotsenga AQShda chop etilgan darsliklari uchun gonorar berishni to`xtatib qo`yiladi. Endi u faqat ilmiy markazdan olayotgan maoshiga qarab qoladi. Ishlar shunday davom etaveradigan bo`lsa, Uotson shug`ullanayotgan saraton kasalligini davolaydigan dorini izlash, topish, yaratish bo`yicha so`nggi yillarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari to`xtab qolish havfi tug`ilgan edi.
Ta`kidlash joizki, ismi-sharifi noma`lum bo`lgan medal xaridori shu mukofotni sotib olib egasiga qaytarish uchun qariyb 5 million dollar haq to`lashga rozi bo`ladi. Bir haftadan keyin mukofotni rossiyalik biznesmen sotib olganligi ma`lum bo`ladi. Medaldan keladigan mablag`ni olim nimaga sarflashini maqsad qilib qo`yganini bilib qolganidan keyin esa biznesmen bir daqiqa ham o`ylab o`tirmaydi. Nobel medalini sotilishi haqidagi gaplardan xabardor bo`lgan tadbirkor shunday dedi: “Men hayron bo`ldim, nahotki shunday buyuk mamlakatda yashayotgan Nobel sovrindori shu mukofotining puliga zor bo`lib qolgan bo`lsa, deb o`yladim. Keyin olim nima uchun medalini sotayotganligining sababini surishtirdim, meni hayron qoldirgan narsa shu bo`ldiki, Nobel mukofoti ta`sis etilgandan buyon hayot (tiriklik) paytida hali hech kim o`zining bunday oliy darajadagi mukofotini sotmagan edi. Bu voqea meni qiziqtirib qoldi desam noto`g`ri bo`lar, bezovta qilib, tashvishga solib qo`ydi. Mening bilishimcha, Djeyms Uotson birinchi bo`lib DNKni nima ekanligini, uning sir-asrorlarini ochib berib jahonmshumul kashfiyot qilgan olim. Uotsonning kashfiyotidan keyingina insoniyat DNK haqida, uning parchalanish jarayonlaridan xabardor bo`ldi”.
“Axir AQShda ham kimdir olimga, "hey, sen bunday ishni qila ko`rma, medalni sotma zinhor”, - deyishi mumkin ediku, lekin ming afsuski, bunday inson u erda topilmagan. Buni rus biznesmeni qildi, "sizlar juda ma`naviy yuksak, ruhan kuchli, irodali, jasoratli xalq ekansizlar", - deb yozadi o`zlari haqida Rossiya ommaviy axborot vositalari. Nobel mukofoti sovrindori Djeyms Uotson esa: “O`zimning vatanimga qaraganda ham meni bu erdagilar ko`proq qadrlashar ekan, degan taassurot qoldi menda”,- dedi. Uotson mana bir necha yillardan buyon AQShda diplomatik til bilan aytganda “non grata”, bu demak u fuqaro sifatida davlat, jamiyat uchun nomaqbul shaxs bo`lib qolgan. Sababi u nutqlarining birida: turli irqdagi insonlar turli intellektual qobiliyatga ega bo`ladilar, degan gapidan keyin o`z vatanida shunday noma`qbul inson bo`lib qoldi. Dunyodagi yirik olim, Nobel mukofoti laureati Djeyms Uotsonni ma`ruzalar o`qishga taklif qilmay qo`yishdi. AQShdagi Biotexnologik tadqiqotlar markazini undan olib qo`yishdi. Ilgarigi qilgan xizmatlarini eslamay qo`yishdi. Uotson Nobel mukofotini 1962 yilda olgan edi.
Djeyms Uotson hamkasblari Nobel mukofoti bo`yicha hamsovrindorlar: Frensis Krik va Moris Uilkins bilan hamkorlikda ikki qatorli spiral shaklidagi temir aylanma pillapoyalarga o`xshagich DNK molekulalari tarkibi - strukturasining modeli yaratilib - ilm-fan olamida jahonshumul inqilob qilishmoqda. Bu kashfiyotlar yordamida inson genomini o`qish imkonyaiti paydo bo`ldi, ko`plab kasalliklarning esa paydo bo`lishidan avval ularni inson organizmida aniqlash, muhimi bu og`ir kasalliklarning oldini olishga muvaffaq bo`lmoqda.
- Siz uchun nihoyatda qimmatli bo`lgan bu medal yana qo`lingingizga tekkanidan keyin hozir qanday o`yu-hayollar og`ushidasiz, nimalarni his qilmoqdasiz?”, deb jurnalistlarning bergan savoliga Djeyms Uotson: “Men ojiz va yolg`iz emasligimni, qo`llab-quvvatlaydigan insonlar borligini sezyapman, ko`rib turibman. Pul juda katta yordam beryapti. Uning menga qaraganda fanga, ilmga, yordami ko`proq tegmoqda. Men bu pullarni Chikago instituti professorlariga berdim. Hozir mablag` ularga judayam kerak payti. Bu juda muhim. Aytish lozim institutlar bo`lmas ekan fanda rivojlanish bo`lmaydi. Olimning qo`lida mablag`i bo`lsa u ko`p narsalarga muxtoj, davlatga esa qaram bo`lmaydi. Shu sababli men ajoyib Rossiya biznesmeni qilgan ishdan juda mamnunman, men u kishidan behad minnatdorman, deydi Nobel mukofoti sovrindori Djeyms Uotson.
Olim bilan tadbirkor bir birlari bilan hali biron marta uchrashishgan bo`lmasa ham ularni g`oyibona do`stlik rishtalari bog`lab turibdi. Endi sirni ochishga to`g`ri keladi. Bu xotamtoy rus biznesmeni, multimillioner, millarder Chustlik o`zbek tadbirkori Alisher Usmonov bo`lib chiqdi.
Djeyms Uotson umrining yarmini saraton kasalligiga qarshi kurashga bag`ishladi, noyob ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Alisher Usmonovning otasi, Toshkent shahrining sobiq bosh prokurori Burxon Usmonov shu diagnozdan vafot etgan edi. Djeyms Uotson ham o`zining amakisini shu kasallikdan davolashga ulgura olgani yo`q. Lekin mashhur olim rahbarligida hozir ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan yosh olimlar Djeyms Uotsonning 19 yoshidan buyon orzu qilib kelayotgan niyatiga endi etishadi. Ular bu diagnozni davolaydigan dori – darmonlar yaratishadi va bu insoniyatga katta havf tug`dirayotgan og`ir kasallikning ustidan g`alaba qozonishadi, degan umid bor. Voqea ana shunday bo`lgan edi.
***
Yana bir yangilik. Rossiya Federasiyasining Davlat dumasi qabul qilayotgan yangi qonunga ko`ra, Rossiyadagi badavlat fuqarolar o`z nomlari bilan ataluvchi fondlar va mukofotlar ta`sis qilishlari va ularga o`z boyliklarini vasiyat qilishlari mumkin bo`ladi. Yangi joriy etilayotgan mexanizm, badavlat ishbilarmonlarning mol-mulklaridan ulardan keyin ham, qoldirilgan vasiyatnomaga muvofiq – davlat va hukumat tashkilotlari bu mablag`larni samarali boshqarish, ko`paytirish va xayriya maqsadlarida foydalanish imkonini yaratadi.
Ekspertlar fikriga ko`ra, boy-badavlat ishbilarmonlarning to`g`ridan-to`g`ri vorislari har doim ham eng mos keladigan boshqaruvchi bo`la olmaydi.
Ikkinchidan, ayrim badavlat biznesmenlar o`z vorislarining xavfsizligini o`ylab ham ana shunday qarorga kelishgan. Xususan, 2017 yilda boyligi 14,4 milliard dollar baholangan “Alfa grupp” egasi milliarder Mixail Fridman ana shunday fikr bildirgan edi.
Undan tashqari, mol-mulki 15,2 milliard dollar etib baholangan Alisher Usmonov, daromadi 14,3 mlrd. dollar bo`lgan “Nornikel” kompaniyasi prezidenti Vladimir Potanin ham o`z boyliklarining katta qismini meros fondlariga o`tkazish va kelajakda ulardan jamoatchilik manfaatlari uchun foydalanish niyatlari borligini bildirishgan edi.
Xabarda aytilishiga ko`ra, Rossiyada ana shunday meros fondlariga ehtiyoj ancha vaqtdan beri bor edi, lekin tegishli qonun bo`lmagani tufayli oldin bunday amaliyotlar Buyuk Britaniya yoki boshqa mamlakatlar orqali amalga oshirilar edi. Yangi qonun kuchga kirsa, Rossiyaning o`zida 2018 yilning 1 sentyabridan boshlab meros fondlari tashkil qilish mumkin bo`ladi.
Konvertasiya qilingandan keyin O`zbekistonga qo`shni respublikalar investorlarining ham qiziqishi keskin ortdi. Ayniqsa qozoq sarmoyadorlarining biz haqimizda: “Biz qo`shni qondosh-qardosh xalqlarmiz, mintaqadagi aholisi eng ko`p bo`lgan (aytish lozim, son jihatidan butun Markaziy Osiyo xalqlarining qariyb teng yarmi O`zbekistonda istiqomat qiladi) davlatga yo`llar ochildi marhamat: “Is open for business!” deyishmoqda. “Faqat kech qolmaylik, g`aflatda qolmaylik, oldin yugurgan foydaning qaymog`ini olib manzilga ham, maqsadga ham birinchi bo`lib etib boradi. Agar shoshilmasak, bozordagi biz oladigan rastalarning barchasi egallanib bo`ladi: “Is open for business! Ey, uzoq-yaqindagi qo`shnilar!”, deyishmoqda. Bizga esa ochiq chehra bilan qulochni keng yoyib kutib olishimiz darkor.
Ismini aytishdan bosh tortgan xomiy. Televidenieda bosh muharrir bo`lib ishlayotgan paytim edi. Xodimlarimizdan biri to`ydan bir voqeani tasvirga tushirib qaytdi. Ko`rdik, unda qishloqdagi chiroyli bir o`zbek to`yi suratga olingan. Kelin bilan kuyovga, ularni chehralarining ochiqligiga, baxtiyorligiga, xursandligiga qarab to`ymaysan. Havas qiladigan darajadagi kelishgan, chiroyli yosh kelin bilan kuyov. Bir mahal kuyov jo`ralaridan biri kelin-kuyov oldiga kelib osmonga qarab mushak otadi. Qiyqiriq. Hamma xursand. Lekin negadir shu zahoti kuyov o`tirgan joyidan ag`darilib tushadi. Hamma yog`i qon. Keyin ma`lum bo`lishicha, tepadagi elektr simyog`ochning temir fonusiga urilgan mushak qaytib kelib, orqasidan olov purkab ketayotgan mushakka qarab turgan kuyovning naq yuziga urilib, portlaydi. Shoshilinch kelgan tez yordam og`ir jarohat olgan kuyovni kasalxonaga olib ketadi. Shifokorlar kuyovni chalajon, lekin tirik xolda ushlab turishadi. Shifokorlarning xulosasi bo`yicha, bemorni shoshilinch operasiya qilish, birinchi yordam ko`rsatib saqlab qolish, so`ngra uning lat egan yuzini, labini, tanglayini tiklash, sun`iy jag` o`rnatishi lozim edi.
Mustaqillikning dastlabki qashshoq-kamabag`al yillari... operasiya uchun esa katta mablag` kerak. Biron narsa qilishga ojizmiz. Insonni larzaga soluvchi teleko`rsatuvni efirga berdik. Ertasi kuni ishlaganim yo`q. Telefon qo`ng`iroqlariga javob berishdan qo`lim bo`shamadi. Bir mahal telefon go`shagini ko`targan edim. Bir yo`g`on, tomog`i bilan gapiradigan ovoz, salom-alik qildimi-yo`qmi yodimda yo`q: “Kechagi ko`rsatuvni sizning redaksiyangiz berganmi, deb so`radi-da, tasdiq javobini olgach: “Bizga kuyovning schet-raqamini bering, qancha mablag` krekligini ayting, - dedi. - Schet raqamini hozircha ochganimiz yo`q, ochilishi bilan ma`lum qilamiz, telefoningizni bersangiz, rahmat sizga, kimsiz, o`zingizni tanishtiring - dedim men.
- Telefonimning sizga keragi yo`q. Ertaga o`zim qo`ng`iroq qilaman. Menga bankdagi kuyovning schet raqami bilan operasiyaga qancha mablag` kerakligini aytsangiz bas, xayr! - dedi. Shu zahoti telefon go`shagida aloqa uzilganligidan xabar beruvchi odatdagi uzun-yuluq tovushlar eshitildi. Men hech nima deya olmay qoldim. Bu kutilmagan telefon qo`ng`irog`idan zil ketdim. Notanish odam deyarli hech narsa degani ham yo`q, lekin u butun ko`nglimni ag`dar-to`ntar qilib yubordi. Noma`lum kishining hamdardligi menda mehr va yana tushuntirib bo`lmaydigan qandaydir hislarni uyg`otdi. Ana shu hislardan biri bu vatandoshim uchun g`urur va faxr hislari edi. Ha, bunday vaziyatda xayr Islom aqidalari bo`yicha, ana shunday qilinadi.
Endi turmush qurmoqchi bo`lib turgan va kutilmaganda, ayni to`y paytida baxtsiz hodisaga uchrab og`ir jarohat olgan kuyovni o`z shaxsiy jamg`armasidan mablag` o`tkazib umrini, ikki yosh o`rtasidagi muhabbatni ham saqlab qolgan insonga murojaat qilmoqchiman. Mening necha bor so`rashimga qaramay nomingizni aytmagan “yaxshilik qilib suvga tashlagan”sizdek bir insonning umri uzoq bo`lsin, shu paytda televizor ko`rgan bo`lsangiz, hozir bizning maqolamizni ham o`qiyotgan bo`lsangiz ajabmas. Yo`q, ismingizni aytmang, oshkor qilmang, axir bu ehson qiluvchiga ota-bobolarimizdan qolgan urf-odat, uni buzmaylik. Bu Qur`on talabi, hadis tavsiyasi, qolaversa, savobi sizda qolsin! Keling, yana bir zum muloqotda bo`laylik. Shu paytda qilgan telefon qo`ng`irog`ingizga va bo`lib o`tgan qisqa suhbatimizga ham mana chorak asr bo`lyapti. Siz bilan bunday g`oyibona uchrashish yana qachon nasib etadi. Fursatdan foydalanib aytadigan gapim shu: Aziz va notanish inson, Siz o`zingizning fe`lu tabiatingiz bilan har bir mo`min-musulmonga juda yaqin, karomatli odam ekansiz. Bor bo`ling, sog` bo`ling, bola-chaqalaringiz omon bo`lsin, ularning rohatini ko`ring. Nasihatimiz esa shulkim, imkoningiz boricha yaxshilik qilishda davom eting. Lekin yana bir narsani aytmay ilojim yo`q. Katta xayriyani hamma ham qila olmaydi. Imkoni bor qiladi. Lekin, afsuski barcha imkoni borning mablag`i esa singib, ichsa rohat bag`ishlaydigan toza, pokiza bo`lavermaydi. Men sizga ta`na qilayotganim yo`q. Men sizga va ayni sizga o`xshagan insonlarga madhiya o`qiyapman. Ammo Allohdan yashira olmaganimizni bandadan yashirishning ne hojati bor. U ko`rib turibdi. Niyatimiz: bizning ham topganimiz halol, niyatimiz pok, qo`limiz siznikiga o`xshagan ochiq, qalbimiz esa siznikidek sahiy, mehrli, keng bo`lsin, deymiz. Va yaxshi niyatlar bilan Qiblaga qarab fotihaga qo`llarimizni ochamiz. Ha, xayr qilganni Alloh ham xush ko`rar ekan. Katta xayr qilganning savobi ham katta bo`ladi, degan gap bor.
Irismat Abduxoliqov, O`zA