Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1995 y.t. shaxs Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 896 gr “gashish” moddasini kelgusida sotish maqsadida Denov tumani hududidagi xufiya joyga yashirish uchun olib borayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX darakchi.uz ga xabar berdi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 2 kg 260 gr “opiy” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, bojxona va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Namangan shahrida yashovchi, 1987 y.t., muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 2 kg 990 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi tomonidan aylanma yo‘llar orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga yetkazib berilgan mazkur giyohvandlik vositasi Namangan shahrida sotilishi rejalashtirilgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1973 y.t. va Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi, 1971 y.t. ikki nafar fuqaro o‘zaro jinoiy til biriktirib, Tojikistondan olib kelingan 487 gr “gashish” moddasini 5000 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Shuningdek, Toshloq tumanilik fuqaroning yashash xonadonidan 599 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxslar muqaddam bir necha marotaba sudlangan bo‘lishlariga qaramasdan, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.
Bu kabi qonunbuzilish holati Samarqand viloyatida ham qayd etilib, xususan, Urgut tumanida yashovchi, 1983 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 982 gr “opiy” moddasini o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan, 1991 y.t. fuqaro bilan birga xaridorga 8000 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.