1

Xorijiy investisiyalarni jalb etish va investisiya loyihalarini amalga oshirish ishlari tahlil qilindi

Siyosat 22.06.2018, 09:37
Xorijiy investisiyalarni jalb etish va investisiya loyihalarini amalga oshirish ishlari tahlil qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 21 iyun kuni tarmoqlar va hududlarda investisiya loyihalarini amalga oshirish holati, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etish va o`zlashtirish natijalari tahliliga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizda investisiya muhiti yaxshilangani natijasida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to`g`ridan-to`g`ri sarmoyalar faol kirib kelmoqda. Xususan, 2018 yilning besh oyida 776 ta yangi qo`shma va xorijiy korxona ro`yxatdan o`tkazildi. Bu o`tgan yilning mos davriga nisbatan 496 taga ko`pdir. Shuningdek, joriy yilda xorijiy investisiyalar ishtirokida 377 ta hududiy va 148 ta tarmoq loyihalari bajarilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini engillashtirish dolzarb masala ekanini ta`kidladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 iyun kuni qabul qilingan “Investisiya va infratuzilma loyihalarini jadal amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ana shu maqsadga qaratilgan. Mazkur qarorga ko`ra, bundan buyon Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari bo`yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishda to`lov olinmaydi.

Shuningdek, davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg`armalar, Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi mablag`lari, hukumat kafolatlagan kreditlar hisobidan tovarlarni davlat uchun xarid qilish bo`yicha tender hujjatlari va import shartnomalarini ekspertiza qilishda ham haq to`lanmaydi. Dastlabki va yakuniy texnik-iqtisodiy asoslarni kompleks ekspertiza qilish uchun to`lanadigan to`lov miqdori 4 barobargacha qisqartirildi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobiga amalga oshiriladigan yoki bir bosqichli loyihalar bo`yicha moliyaviy-iqtisodiy hisobot ishlab chiqish talabi bekor qilindi.

Prezidentimiz qarorda belgilangan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, investisiya va infratuzilma loyihalari bo`yicha hujjatlar tayyorlash, ekspertiza qilish hamda tasdiqlashning yangi, yanada soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqish bo`yicha topshiriqlar berdi.

Joriy yil uchun tasdiqlangan investisiya va infratuzilma loyihalari ro`yxatiga kiritilgan, bajarilishida sustkashlikka yo`l qo`yilgan har bir loyihani jadallashtirish zarurligi ta`kidlandi. Qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar, ichimlik suvi tarmoqlari va boshqa ijtimoiy ob`ektlar qurish ishlarini moliyalashtirish hamda o`z vaqtida foydalanishga topshirish bo`yicha aniq vazifalar qo`yildi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarga tashriflar yakunlariga ko`ra ishlab chiqilgan 2018-2019 yillarda ushbu hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari doirasida 6 ming 317 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Buning natijasida jami 219 mingdan ortiq ish o`rni yaratish rejalashtirilgan. Muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bu loyihalar uchun joy ajratish, infratuzilma tarmoqlariga ulash ishlarini o`z vaqtida hal qilish zarurligi qayd etildi.

Yig`ilishda investisiyalarni, eng avvalo, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etish va samarali o`zlashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Xorijiy davlatlarga tashriflar va muloqotlar natijasida qiymati 17 milliard dollar bo`lgan 182 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish to`g`risida birlamchi kelishuvga erishilgani qayd etildi. Bu investisiyalarni o`zlashtirish biznes-reja va texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash bilan bog`liq. Shu bois bu boradagi ishlarni jadallashtirish, xorijiy investisiyalarni istiqbolli loyihalarga yo`naltirish va yuqori samaradorlikka erishish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Keng imkoniyatlari bo`lishiga qaramay, Buxoro viloyatida xorijiy investisiyalar ishtirokida 10 ta loyiha, Navoiy viloyatida 9 ta loyiha, Qashqadaryoda atigi 1 ta loyiha amalga oshirilayotgani qayd etildi. Qashqadaryoda 13 ta tumanda, Farg`onada 11 ta, Surxondaryoda 10 ta, Toshkent, Buxoro, Jizzax viloyatlarida 8 tadan, Xorazm, Navoiy viloyatlarida 7 tadan, Qoraqalpog`iston va Samarqandda 6 tadan, Andijon va Sirdaryoda 5 tadan, Namanganda 4 ta tumanda xorijiy investisiya ishtirokida birorta ham loyiha rejalashtirilmagani tanqid ostiga olindi.

Shuning uchun bu ishlarni keskin faollashtirish kerak. Investisiya qo`mitasining viloyat, shahar va tuman bo`limlari xorijiy investisiyalarni olib kelishi va xorijiy investorlarga barcha masalalar bo`yicha amaliy ko`mak berishi kerak. Shuningdek, tuman va shahar hokimlari, sektorlar rahbarlarining har biri o`z hududiga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiya jalb etishga hissa qo`shishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoev.

Loyihalarni amalga oshirishning barcha jarayonlarini to`liq qamrab oladigan, uni tayyorlashdan ishga tushirishgacha bo`lgan davrni monitoring qilish imkonini beradigan yagona elektron axborot tizimini joriy etish bo`yicha topshiriq berildi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Investisiya takliflarini shakllantirish, investorlar topish, loyihalar ishlab chiqish, ekspertiza qilish, moliyalashtirish va amalga oshirish bo`yicha qator topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1