Ramazon – Alloh taolo O`zi ulug`lagan, har soniyasi rahmat va barakotlarga to`la oy. U yana keldi va yana juda tez o`tdi. Mo`min kishi uchun Ramazonning tugashi qayg`u bo`lsa, yurtimiz musulmonlari uchun bu xotima ikki hissa qayg`uni uyg`otdi. Ramazonni xush ko`radigan, uning fazilatlari haqida ekranlarda, masjidlarda jo`shib so`zlaydigan, “Bu oy uyqu bilan o`tkazadigan oy emas”, deya ogoh etadigan Anvar qori domla Tursunov suygani bilan: Ramazon bilan bizni tark etdilar.
Boqiylik, mangulik yolg`iz Allohga xosdir. O`lim har bir jonzot boshida bor. O`lim tiriklar va o`liklar orasiga to`siq soladi: tiriklarni tor olamda qoldirib, o`lganlarni keng olamga olib o`tadi. Hayot qonuni shu. Ammo o`lim jasadni olsa ham, qalblardagi muhabbatu vafoni hamda ezgu xotiralarni hech qachon olib keta olmaydi!
Hijriy 1439 yil, Ramazon oyining 28 kuni, milodiy 2018 yilning 13 iyun kuni tongida taniqli ulamo, imom-xatib, mashhur notiq, Navoiyshunos olim Anvar qori domla Tursunovning vafoti millat musulmonlariga katta musibat bo`ldi. O`sha kunlarda uning vafoti xalq orasida va ijtimoiy tarmoqlardagi eng ulkan hodisaga aylandi.
Shu kuni Toshkent ahli o`zining bosh imom-xatibini so`nggi manzilga kuzatish uchun ko`zlarda yosh, qalblarda iztirob bilan “Minor” jome masjidiga yig`ildi. Xonaqohni allaqachon to`ldirib o`tirganlar mehrob tomonga boqar, go`yo hozir asr namoziga azon aytiladiyu, Anvar domla jamoat oldiga qo`llari ko`ksida, nim tabassum bilan savlat to`kib, mehrob ortidagi xonasidan chiqib keladi… Hovlilarga sig`may ko`chalarnida to`ldirgan jamoat atrofga javdirar, go`yo haydovchisi bilan muhim tadbirdan masjidiga, namozni ado etib berishga shoshib kelayotgan Anvar domla avtoturargohda tushib qolib, o`z xonasiga yana yurib ketadi….
Nahot endi bu manzaraga muxlis ahli guvoh bo`lmaydi… Ustoz yana o`zining masjidiga keldi. Biroq barchamiz unga tushuvchi to`rt oyoqlik cho`bim otda keldi…. Hayotliklarida bo`lgani kabi barcha ustozga yana talpinar, endi bu safar tobutlarini ko`tarishga oshiqar edi. Ulamolar, imom-xatiblar, musulmon ahli ustozni so`nggi manzilga ana shunday iztirob ila kuzatib, haqqlariga tinimsiz duolar qildilar. Qur`oni karim tilovatlari haligacha uzilayotani yo`q.
Ayni fursatlarda oz muddat ustozimizning huzurlarida xizmatda bo`lgan xodim sifatida u kishi haqidagi yorqin xotiralarimiz, qalb bitiklarimizni ifoda etsak.
Tan olish kerakki, Anvar qori Tursunov siymosi dinimizga, xalqimizga buyuk xizmat qilgan kishilar qatorida turadi. Buni har qanday insofli kishi e`tirof etishi mumkin. Alloh taolo u kishiga shunday ulug`likni nasib etdi. Bu, albatta, u kishining Allohga, Uning diniga bo`lgan muhabbati, serqirra faoliyati, ma`rifatga, kitobxonlikka bo`lgan samarali targ`ibidan nishona edi. Zero, Alloh bu kabi xizmatlarni har kimga ham nasib etavermaydi, buning uchun ixlos, fidoiylik, sabr-matonat kerak.
Kuchli notiq, o`tkir voiz edilar. Alloh taolo u kishiga shunday bir teran tafakkur, ravon nutq ato etgan edi. Gapirganda dona-dona so`zlar, so`zlari bilan har qanday kishini o`zlariga rom etib qo`yar edilar. Va`zlari ta`sirchan, eshitguvchini hech ham zeriktirmas, balki, yana ko`proq eshitishga undar edi. Qur`oni karim oyatlari va hadisi shariflardan gapirsalar, albatta uni sodda tilda tafsir va sharh qilar, voqeelikka bog`lab tushuntirar edilar.
Yirik anjumanlar, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda so`zga chiqishlaridan avval mavzu yuzsidan tezis taqdim qilinganda ana shu tezisga darrov ko`z yugurtirib olar, so`ngra o`zlari hech qanday yonlaridagi qog`ozga qaramay ma`ruza qilar edilar. Ayni paytda avvalgi ma`ruzalar biroz auditoriyani zeriktirgan bo`lsa, ustozimizning chiqishlari, sodda va lekin nihoyatda mazmunli bo`lib yig`ilganlarni qayta “uyg`otar” edi.
Juda ziyrak inson edilar. U kishi har bir odamni Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallmning sunnatlariga muvofiq o`z saviyasiga, o`z maqomiga yarasha so`zlashar va suhbatdoshlarining barini xursand qilar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir sahobalari Rasululloh meni hammadan yaxshi ko`rar edilar deyishar edi. Xuddi shu sunnatni ul zot ham qilib hamma bilan shirin muomala qilib, xushxabarlar aytib ko`nglini ko`tarar, tabiatiga yarasha me`yorida hazil-mutoyiba bilan shod etar edilar.
U kishiga biror xabarni etkazgayotganimizda so`zimiz nihoyasiga etmay turib, bizni tushunib bo`lar, voqea haqida to`liq tasavvur hosil qilar edilar.
Davralarda, turli izdihomlarda so`z olganda atrofdagilarning yuz ko`zlariga boqib, ularning saviyasi, darajalarini bilib olar, va o`sha saviyada, ularga zarur mavzularda so`z yuritar edilar. Olimlar davrasida ilmiy munozaralarga kirishar, xalq orasida esa xalqona tilda mav`iza qilar edilar.
Navoiyshunos olim edilar. Ustozimizning eng ulug` fazilatlaridan biri Hazrat Navoiyni, o`zbek mumtoz adabiyotini chuqur o`rganganliklaridir. Bu albatta u kishining salkam 20 yillik badiiy adabiyot soxasidagi faoliyatlari bilan bog`liq. Ustozimiz Toshkent davlat universitetining aspiranturasida ta`lim olgan paytlari «Navoiy va Islom» mavzusida ilmiy ishni tayyorlaganlar. Lekin o`sha davr taqazosiga ko`ra, ilmiy ishni yoqlashga ruxsat berishmagan.
Anvar qori domladek Navoiyni haqiqiy anglay olgan olimlar kam. U kishi islom ilmlarini bilganliklari bois Navoiy asarlaridagi Qur`oniy ma`nolarni tushunar, hadis matnlaridagi ishoralarni payqay olar edilar. “Qur`on va hadisni bilmasdan turib Navoiyni mutlaqo tushunib bo`lmaydi. Hazrat Navoiy ijodining o`q ildizi iymondir. Har baytida bevosita yoki bilvosita o`sha ma`no kelaveradi”, deb ta`kidlar edilar.
«Xamsa»dan:
Kahfi baqo ichra alar bo`lsa gum,
Men ham o`lay robi`uhum kalbuhum.
(Sharh: Hazrat kamoli kamtarlik bilan ustozlari Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyni baqo g`origa kirgan Ashobi Kahfga qiyoslamoqdalar. Men ularning to`rtinchisi – it bo`lib, sadoqat bilan g`orga kiray deydilar. Qur`oni karimdagi Kahf qissasini o`qimagan, Alloh taolo kitobining balog`atiga tushunmagan kishi bu baytlarning asl ma`nosini anglamaydi. A.Tursunov)
Ra`d surasining 28-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi: «Ular iymon keltirgan qalblari Allohni zikr qilish — eslash bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo`lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur».
Bu oyatning ta`sirida Navoiy shunday yozadilar:
Mosivalloh xotirimdin salb qil,
Anda zikringni huzuri qalb qil.
(Sharh: Ya`ni, mening xotirimdan o`tkinchi narsalarning muhabbatini yo`q qil. Qalbimni Sening zikring huzur etsin. A.Tursunov)
“Navoiy kitoblarini ko`p chiqaryapmiz, lekin uni tushuntirib berish kerak. Uni qanday ta`sir qilishini ham o`ylaylik. U bolalarimiz qalbini yumshatish kerak. Men ayrim o`ziga to`q, davlatmand kishilarni kitobdan bebahra o`tib borishayotganidan achinaman. Masalan, Hazrat Navoiyning bir baytini tushunish zavqini his etish, bu – katta baxt. Bu inson o`z yurtdoshimiz ekanligidan faxrlanamiz. Va mana shu faxr bizni tarbiyalaydi. O`z tariximizga, Vatanimiz, xalqimizga mehrimiz yana ortadi. Kitobning buyuk tarbiyachi ekanligiga amin bo`lamiz.” A.Tursunov
Navoiyshunos olima Suyyima G`anieva aytgan edilar: “Navoiy o`z davridan ilgarilab ketgan shaxs bo`lgan. Uni zamondoshlarining hammasi ham tushunavermagan.” Ha, ustozimiz Navoiydek valiy zotga ixlosu muhabbat qo`yib, uni tushuna olgan kam sonli tafakkur egalaridan biri edilar.
Ustozimizning Navoiyni anglash haqida kitob yozish rejalari bor edi. Afsus bunga ulgurmadilar. Nasib bo`lsa bu sharafli vazifani u kishining badiiy adabiyotda ustozlari, hammaslaklari yordamida ado etilishiga umid bildiramiz.
Kitobni sevuvchi va unga muntazam targ`ib etuvchi zot edilar. Ustoz har qanday boylikni kitobda, ma`rifatda deb bilar va buni takrorlamasdan charchamas edilar. “Uyingizda qo`sha-qo`sha mashinalar, tillo zarlar bo`lsayu, agar unda kitob bo`lmasa, siz kambag`alsiz. Kitobsiz uy nursiz, zimiston uy”, der edilar. Har safar ustozimiz huzurlariga kirganimizda deyarli bir holatda: kitob mutolaasi jarayonida topar edik. U kishiga kitob sovg`a qilinsa boshqacha xursand bo`lar edilar. Ko`rsatuvlarda amru ma`ruflar, tadbirlar, suhbatlarda xalqimizga, ayniqsa yoshlarga yangi nashr etilayotgan sara kitoblarni sevinch bilan e`lon qilar, go`zal suratda ulardagi mazmun-mohiyat ta`rifini keltirar edilar. Bu darajadagi fidoiylik, millat tarbiyasiga jonkuyarlik faqat Alloh O`zi nasib etgan matonat sohiblaridagina bo`ladi. O`tgan yili Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ibot qilish bo`yicha komissiya tuzish to`g`risida”gi Farmoyishi chiqqanida qanchalar xursand bo`lgan edilar.
Biz hayron qolar edik, shuncha yumushlar: diniy idora ishi, tadbirlar, ko`rsatuvlar, fuqarolar bilan muloqotlardan ortib ustoz mutolaaga, yana davriy nashrlarni ham kuzatib borishga qanday vaqt ajratar ekanlar deb. Ul zot hammasiga ulgurar edilar. “Men bir kun kitob o`qimasam bir narsamni yo`qotib qo`ygandek bo`laman”, derdilar.
Islom ilmlari bo`yicha kitob yozayotgan olimlar, boshqa kishilar, shuningdek, badiiy va badiiy-publisistik yo`nalishlarda faoliyat olib borayotgan ijodkorlarning ko`plari o`z kitoblariga taqriz va so`z boshi yozib berish uchun ustozimizga olib kelishar edi. Ustozimiz har bir kitobni o`zlari ko`rib chiqar, shundan keyingina nashrga tavsiya etilishi mumkin deb hisoblaganlariga taqriz yoki so`z boshi bitish maqsadida bizga og`zaki aytib turar, biz uni oqqa ko`chirar edik. Agar topshirilgan kitobda ayrim kamchiliklar, ilmiy yanglishuvlarni uchratsalar, buni muallifga bosiqlik bilan tushuntirar, mavzu doirasida yana o`rganib, izlanishni, soxa mutaxassislarining maslahatlarini olishni tavsiya etar edilar. Buni muloyimlik va tabassum bilan tushuntirar edilarki, huzurlaridagi kishilarning aslo ko`ngli cho`kmas edi. Biroq kitob qilishga munosib bo`lmagan ishlarni ko`rsalar, kayfiyatlari tushar, xunoblari ortar edi: “Bugun hamma kitob yozyapti. Bu ham bo`lsa o`z nomini chiqarish va boshqa maqsadlar uchun. Axir kitob yozishga o`tmishda ne-ne buyuklar ham o`ta mas`uliyat va kuchli talab bilan yondoshishganku. Shundoq ham bizgacha yozib qoldirilganlarni o`qib o`rgana olsak ham katta gap”, der edilar.
Samimiy, hojatbaror inson edilar. Ustozimizning samimiyatlarini til bilan ifoda etish mushkul. Ul zot hamma insonlarga, ayniqsa shogirdlariga, qo`l ostidagi xodimlariga juda samimiy edilar. Butun idora ishlari elkalarida turgan holda bir kichik xodimlarining g`amiga sherik bo`lib, unga hamdardlik qilar edilar.
Shahar bosh imom-xatiblari bo`lganliklari bois Toshkent shahri, balki, viloyatlardan, xatto qo`shni Respublikalardan yaqinu uzoqdagilar, kattayu‑kichik, boy‑u kambag`al, muhtoj-u dardmand arzi hol qilib kelar edi. Hammaning dardini sabr bilan eshitib, joniga malham bo`lar edilar. Biror kimsani dargohlaridan qattiq gapirib, koyib chiqarganlarini ko`rgan yoki eshitgan emasmiz. Huzurlari tom ma`noda arzxona edi. Biroq, ularning ko`piga vakolatlari, imkonlari etsa, muammolariga echim topishga intilar edilar. Qanchadan-qancha insonlar umrbod minnatdor bo`lib qaytar edi huzurlaridan. Qanchadan-qancha buzulish arafasida turgan oilalar yarashib, hayotini davom ettirib ketdi. Qanchadan-qancha moddiy imkoniyati cheklangan tolibi ilmlar ustozimizning vositalarida ilmlarini davom ettirish imkoniga ega bo`ldilar. Ha, u kishi o`z rohatini xalqning, musulmonning dardu tashvishiga alishgan inson edilar.
Qur`onga, qorilarga muhabbatlari baland edi. Qur`oni karimni, tafsirlarini ko`p o`qir va jamoatni Alloh taoloning eng buyuk mo`jizasi, ikki dunyodagi najot manbai – Qur`onni o`qib o`rganishga da`vat etar edilar. Qori Qur`onni o`qisa, “qiroati juda zo`r ekan, rohat oldik” deyish bilan cheklanmasdan, u nimani o`qidi? Qanday ma`nolar mujassam bunda, deb so`rab, o`rganib olishlikni ko`p bora takrorlar edilar. “Zotan, Qur`oni karim Alloh taoloning bizga yuboragan maktubi, hayot dasturidir. Uni faqat ko`zga surtsagu, lekin ichini ochib o`qimasak, unga amal qilmasak biz uchun befoyda bo`ladi”, deb takrorlar edilar. O`zlari “Minor” masjidida faoliyat yuritayotgan davrlarida har kuni peshin yoki asr namozlaridan so`ng tilovat qilingan oyatlar tafsirini batafsil bayon qilib berar edilar. E`tibor bering, qori Qur`onni istalgan joyidan o`qishi mumkin. Namozdan oldin falon oyatni o`qing deb aytib qo`yilmas edi. Shu yo`sinda o`qilgan joyidan oyatlarni birin-ketin ma`no tarjimalarini tushuntirib berar edilar. Bu esa faqat etuk Qur`on ilmlari olimining qo`lidan keladi. Qur`onga behurmatlik bo`lgan joyda g`azablari chiqib ketar edi. Masjidda Qur`oni karim o`qilayotgan vaqtda turib chiqib ketayotgan kishilarni ko`rsalar, o`zlarini tutib tura olmay o`sha zahoti mikrofonni qo`llariga olib, ularni koyiydilar: “Alloh taolo Sizga gapirib tursa qanday qilib orqa o`girib chiqib ketasiz?!”, deya qattiq dashnom berar edilar.
Qorilarni ayniqsa o`zgacha yaxshi ko`rar, yuksak ehtirom ko`rsatar edilar. Ularni Alloh kalomini qalbiga jo etgani uchun maqtab, rag`batlantirib turar edilar. “Qorilarga hatto yoshlari kichik bo`lsa ham sensirab gapirmang”, der edilar.
Salkam bir yil muqaddam “Madaniyat va ma`rifat” telekanalida yangi ko`rsatuv “Islom ma`rifati” ko`rsatuvi yo`lga qo`yilayotganida ko`rsatuvga ulamolar bilan birgalikda qorilarni ham olib chiqdilar. Ustozimizning sharofatlari va tashabbuslari bilan uzoq tanaffusdan so`ng ilk bor yana televidinie dasturlarida Qur`oni karim yangray boshladi.
Har davrda bo`lganidek, ayrim nokaslar, nodonlar ustozga ko`p aziyat etkazishga urinib keldilar. U kishiga qarshi suiqasd, turli fitna‑fasodlar, tuhmatu adovatlar bilan g`alamislik qildilar. Ammo ustozimiz ularga qarshi hech qanday chora ko`rib o`tirmadilar. Hatto sud zalida o`zlariga suiqasd qilgan jinoyatchini kalimai tavhidni aytsa, islomning asl mohiyatini tushunib etsa, kechirib yuborishlarini aytdilar. Ustozimizga: «Falonchilar siz haqingizda unday debdi, bunday qilibdi», deyishsa, xotirjamlik bilan: «Biz kim bo`libmiz, odamlar Allohning Payg`ambarlarini ham, adolatsizlikda ayblashdan uyalishmagan‑ku», der edilar. U kishidagi sabr‑bardosh, iroda barchani lol qoldirardi. Qalblarida qandaydir iztirob, g`am bo`lsa ham buni umuman zohir etmas, bildirmas edilar.
Hazrat Navoiy aytganlaridek: “Solih kishilar eslanganda Alloh taoloning rahmatlari yog`iladi”. Biz bugun ustozimizni yodga olib qalblarimizda ajib nurni, ko`zlarda yoshni tugmoqdamizki, buni so`z bilan ta`rif etish mushkul….
Ustozimizning boshqa fazilatlarini yana ko`plab sahifalarga jo etish mumkin. Bu xotiralar Anvar qori domlaning atigi so`nggi uch yil davomida xizmatlarida bo`lgan bir xodimning ojiz bayoni edi. Ul zotning yaqinlari, yoru birodarlari, shogirdlari, butun umrlik hamrohlarining mo`tabar xotiralari, qalb so`zlari katta bir kitob bo`ladi aslida.
Aziz ustozimiz, Siz insonga berilgan omonat umrning tez o`tishini ko`p eslatar, uni behudaga ketkazayotganlarga ko`p achinib gapirar edingiz. “Meni eng ranjitadigan narsa, kishilarning umri behuda nizolar, urush-janjallar bilan o`tishidir. Essiz umr…” der edingiz. Biz bugun ayta olamizki, sizning oltmish yilga ham bormagan umringiz juda mazmunli, samarali va oxiratingiz uchun foydali bo`ldi inshaalloh. Siz tufayli bu el ma`rifat topdi, o`zini angladi, Robbisini tanidi. Sizning dashnomlaringizdan avvalda o`zicha biroz xafa bo`lib, keyin sizni yaxshi ko`rib qolgan kishilar bo`ldi. Chunki, siz ularni yaxshi ko`rganingizdan, ularga iymonni ilinganingizdan ba`zida kuyunib gapirar edingiz. So`nggi kitobingiz “Inson mukarram zot” kitobida bitganingizdek, Islom dini insoniyatga uning ulug`ligi ilmu–ma`rifat bilan, qalbning salomatligi bilan o`lchanishini anglatdi.
Siz butun umringiz davomida barchani ana shularga chaqirdingiz. Dunyo yig`madingiz faqat ilmni, kitoblarni, yaxshi nomni meros qoldirdingiz.
Alloh taolo Qur`oni karimda marhamat qiladi: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning gunohlarini, albatta, o`chirurmiz va ularni qilib o`tgan chiroyli amallari bilan mukofotlagaymiz” (Ankabut surasi, 7-oyat).
Allohim! Ustozimizni O`z rahmatingga olgin! Dinimizga qilgan xizmatlarini va barcha ezgu amallarini o`zlariga hamroh qilgin, ajru savoblarini ko`paytirib bergin! Qiyomatga qadar qabrlarini nurlarga to`ldirgin!
U kishi o`tganlarni duo qilganda O`zingdan: “Jannatlaringga doxil etib, jannatdagi maqomlarini sarbaland ayla”, der edilar. Robbim, Izzatingga qasamki, bugun shu duoni, shu tilakni o`zlariga nasib et! Ortlarida qoldirib ketayotgan solih farzandlari, shogirdlari, yaqinlari, muxlislarining ustoz haqlariga qilayotgan duolarini qabul etib, to qiyomatgacha bu savoblardan bahramand ayla! Omiyn!
Zoirjon Sodiqov
O`zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi mutaxassisi