1

"Endi to`siqlar yo`q": O`zbekiston — Tojikiston strategik hamkorlik yo`lida

Siyosat 14.08.2018, 22:40
"Endi to`siqlar yo`q":  O`zbekiston — Tojikiston strategik hamkorlik yo`lida

Shu yilning 17-18 avgust kunlari Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmonning O`zbekistonga davlat tashrifi kutilmoqda. Tojikiston etakchisining O`zbekistonga so`nggi rasmiy tashrifi bundan 17 yil avval amalga oshirilgan.

"Ushbu voqea, shubhasiz, o`zbek-tojik munosabatlarida alohida ahamiyat kasb etadi va ikki tomonlama muloqotlar mavzusining butunlay yangicha sifatini namoyish qiladi", deyiladi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markazi rahbari Baxtiyor Mustafoev tahliliy maqolasida.

Mustafoevga ko`ra, bu galgi tashrif ikki birodar xalqlarning samimiy istak va intilishlarini, o`zaro manfaatli ko`p tomonlama hamkorlik yo`lidan borish niyatini ifodalaydi.

Muloqot asosi

Ikki xalqni umumiy tarix, madaniyat va ma`naviy qadriyatlar, o`zaro hurmat hamda yaxshi qo`shnichilikning ko`p asrlik an`analari birlashtirib turadi. Bu yaqinlik O`zbekiston bilan Tojikiston o`rtasidagi munosabatlar uchun mustahkam zamin, asosiy tamoyil bo`lib xizmat qiladi.

Diplomatik aloqalar o`rnatilgan 1992 yildan buyon ikki mamlakat o`rtasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajada yuzdan ortiq shartnoma hamda kelishuvlar imzolangan. Bu hujjatlar hamkorlikning muhim yo`nalishlarini qamrab oldi hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda birgalikdagi harakatlarni mustahkamlash uchun asosga aylandi.

1993 yil 4 yanvarda imzolangan Do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va hamkorlik to`g`risidagi shartnoma hamda 2000 yil 15 iyundagi Abadiy do`stlik to`g`risidagi shartnomada ikki tomonlama munosabatlarning asosiy tamoyillari belgilab qo`yilgan. Bular: mustaqillik va davlat suverenitetini o`zaro hurmat qilish, tenghuquqlilik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, davlat darajasida ham, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar darajasida ham o`zaro manfaatli iqtisodiy sherikchilik aloqalarini o`rnatishga intilish.

Yangi sahifa

O`tgan qisqa davr — bir yarim yil ichida o`zbek-tojik munosabatlarini mustahkamlash uchun juda kuchli turtki berildi. Ulkan o`zgarishlar sodir bo`ldi. O`zbekiston etakchisining 2018 yilda davlat tashrifi maqomida amalga oshirilgan Tojikistonga safari bilan ikki tomonlama aloqalardagi yangi sahifa ochildi.

Dushanbeda do`stona muhitda olib borilgan muzokaralarning konstruktiv ruhi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda katta miqyosdagi ikki taraflama hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirish omili bo`ldi. Bugun har ikki mamlakat rahbarlari ko`p tomonlama sherikchilikni izchillik bilan rivojlantirish va mustahkamlash uchun qat`iy xohish, shuningdek, yangi marralarni elkama-elka turib zabt qilishga bo`lgan intilishni namoyon etmoqda.

O`zaro do`stona aloqalar aniq amaliy qadamlar bilan boyitilgan holda, o`sib boruvchi traektoriya bo`ylab rivojlanmoqda. Xalqaro kuzatuvchilar "yorib chiqish" singari ta`riflarni tobora ko`proq ishlatishyapti. Hamkorlikning yangi sahifasi ikki xalq manfaatlari yo`lidagi yangi maqsadlar va istiqbollar bilan to`lgan.

Siyosiy iroda kuchi

2016 yil sentyabrdan to shu kunga qadar O`zbekiston va Tojikiston etakchilari olti marta uchrashdilar, bir qator telefon so`zlashuvlari amalga oshirildi. Muloqot xarakteri ko`p jihatdan Prezidentlar o`rtasida shakllangan o`zaro ishonchdan kelib chiqadi. Bu jihat davlatlar etakchilari bir-birlariga "aziz birodarim" deya murojaat qiladigan norasmiy munosabatda ham namoyon bo`ladi.

Yuqori darajada o`rnatilgan ochiq, samimiy muloqotlar hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish uchun mustahkam poydevor qo`ydi.

Yo`nalishlar bo`yicha aloqalar

Qonun chiqaruvchi idoralar o`rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish maqsadida 2017 yil dekabrda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Tojikiston Parlamenti bilan hamkorlik bo`yicha Parlamentlararo guruhi tuzildi. Yaqin vaqt ichida uning ilk yiІilishini o`tkazish rejalashtirilmoqda.

Shu yil may oyida Toshkentda O`zbekiston ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov bilan Tojikiston IIV rahbari Rahimzodaning uchrashuvi o`tkazildi. Terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migrasiya, odam savdosiga qarshi kurashish, tezkor axborot almashinuvi bo`yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ekstremistik va terrorchilik tuzilmalari faoliyatiga qarshi turish bo`yicha 2018-2019 yillarga mo`ljallangan kompleks chora-tadbirlar qo`shma rejasi imzolandi.

Tinchlik va barqarorlikka nisbatan tahdidlarga qarshi turishda maxsus xizmatlar o`rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Iyunda O`zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi o`rtasidagi hamkorlik to`g`risida Bitim imzolandi.

7 avgustda O`zbekiston va Tojikiston mudofaa vazirlari A. Azizov va Sh. Mirzo Toshkentda uchrashib, mudofaa sohasidagi hamkorlik, harbiy-texnikaviy yo`nalishda o`zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash yo`nalishlarini muhokama qildilar. Bu borada birgalikdagi harakatlar rejasi imzolandi.

Har ikki tomon bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashda davlatlararo hamkorlik mustahkamlanishi, shuningdek, Afg`onistondagi vaziyat tezroq barqarorlashishidan manfaatdorligini bildirmoqda. O`zbekiston va Tojikiston yakdillik bilan umumiy farovonlik va taraqqiyotga erishish maqsadlarida mintaqa doirasida birgalikda harakat qilish niyatini namoyish etyapti.

Yagona nuqtai nazar

Tojikiston O`zbekistonning yangi mintaqaviy siyosatini qo`llab-quvvatlamoqda. Shu yil mart oyida Ostonada bo`lib o`tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Birinchi maslahat uchrashuvida Prezident Imomali Rahmonning qatnashishi buning tasdig`i bo`ldi.

Shu bilan birga, Tojikiston BMT Bosh Assambleyasining "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash bo`yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" rezolyusiyasini qabul qilish, ShHTga a`zo davlatlarning temir yo`l bo`yicha idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o`tkazish va ShHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo`shma murojaatini qabul qilish, shuningdek, 2020 yilda IHTning Fan va texnologiyalar bo`yicha ikkinchi sammitini O`zbekistonda o`tkazish borasidagi Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni to`la qo`llashini bildirdi.

Bugungi kunda O`zbekiston va Tojikiston suv-energetika resurslaridan mintaqa mamlakatlari manfaatlari bilan hisoblashgan holda oqilona va tenglik asosida foydalanish zarurati haqida bir to`xtamga keldi. Xorijiy ekspertlar qayd etganidek, ushbu yo`nalishdagi o`zbek-tojik munosabatlarining konstruktiv xarakteri Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta`minlash bo`yicha mintaqaviy harakatlarga faollashtiruvchi ta`sir etishi mumkin.

O`zbekiston Tojikistonning MDHdagi raisligiga yuqori baho beradi. Toshkent va Dushanbe MDHni o`zaro manfaatli hamkorlik asosida rivojlantirish, uni barqarorlik hamda xavfsizlikni ta`minlashning dolzarb muammolarini echish bo`yicha samarali va ta`sirchan maydonga aylantirish tarafdori. Muhim yo`nalishlar bo`yicha qarashlarda uyg`unlik yuzaga chiqmoqda. O`zbekiston tomonidan ShHTning Giyohvandlikka qarshi kurashish markazini tashkil etish haqidagi Tojikiston tashabbusining qo`llab-quvvatlanishi shunga dalolatdir.

Geografik joylashuvni inobatga olib aytish mumkinki, ikki mamlakat Afg`onistondagi mojaroni echishda muhim rol o`ynaydi. Dushanbe Afg`on inqirozini hal qilish bo`yicha rasmiy Toshkent pozisiyasiga qo`shiladi. Shu yil martda Afg`oniston bo`yicha yuksak darajada tashkil qilingan xalqaro anjumanda Tojikiston TIV rahbarining ishtiroki buning yorqin isbotidir.

Tovar aylanmasi o`smoqda

2017 yil yakunlariga ko`ra, tovar aylanmasi 240 million dollarni tashkil qildi. Bu so`nggi 20 yil ichidagi eng yuqori ko`rsatkichdir.

2018 yilning birinchi yarmida O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi o`zaro savdo hajmi 2017 yilning shu davridagiga nisbatan 35 foiz o`sgan. O`zbekistonda tojik biznesi vakillari ishtirokidagi 24 korxona faoliyat ko`rsatmoqda, Tojikistonda esa yurtimiz tadbirkorlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan 9 ta korxona bor. 2017 yilda Tojikistonda O`zbekistonning 6 ta “Savdo uyi” ochildi. Shu yil fevral oyida Toshkentda Tojikistonning “Savdo uyi” ish boshladi.

Har ikki taraf manfaatlarini ifodalovchi kompleks masalalarni hal qilishda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya samarali vosita bo`lyapti. O`zbek-tojik ishbilarmonlar kengashi o`zaro savdoni kengaytirish uchun yangi yo`llar izlamoqda.

“Toshkent” Respublika fond birjasi (UZSE) va Markaziy Osiyo fond birjasi (CASE, Tojikiston) o`rtasida yo`lga qo`yilgan aloqalar ikki davlat orasida investisiyaviy kanallar ochish uchun birja savdolarini o`tkazish bo`yicha yagona maydonni shakllantirishga yordam bermoqda.

Endi to`siqlar yo`q

O`zbekistonning qulay geografik joylashuvi va sertarmoq transport infratuzilmasi Tojikistonga tashqi bozorlarga chiqish yo`llarini diversifikasiyalash imkoniyatlarini ochadi. Umumiy transport-kommunikasiya salohiyatini to`liq ishga solish nafaqat o`zaro savdoni o`stirishga yordam beradi, balki mintaqalararo darajada gumanitar aloqalarni mustahkamlaydi ham.

Shu yil may oyida Toshkent — Xo`jand — Toshkent yo`nalishida xalqaro avtobus qatnovi yo`lga qo`yildi. “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi ikki davlat fuqarolari manfaatlarini ko`zlab aviachiptalar narxini ikki marta arzonlashtirdi. Dushanbe bilan Samarqand va Buxoro o`rtasida aviaqatnovlar ham qayta tiklanmoqda.

Shu yil mart oyida to`qqizta nazorat-o`tkazish punktining ochilishi va viza tartibining bekor qilinishi katta voqea bo`ldi. Ikki mamlakat fuqarolari bu qarorni ko`tarinki ruh bilan qarshi oldi. His-hayajonini yashira olmagan bu odamlar o`z izohlarida "nihoyat iztiroblarimiz yakun topdi", "bo`layotgan voqealar hammani shodlantirdi", "o`zgarishlar qalblarda umid uyg`otmoqda", deb yozdilar. Yillar davomida to`plangan eng og`riqli masalalar hal bo`ldi. Shubha yo`qki, bu ishlar O`zbekiston va Tojikiston etakchilarining qat`iy siyosiy irodasi tufayli yuz berdi.

Madaniyatlar birlashuvi

O`zbek xalqining madaniy merosini tojiklar e`zozlashadi. Tojik madaniyati durdonalari esa o`zbeklar tomonidan hamisha qadrlangan. O`zbeklar va tojiklar xursandchilikda ham, g`amda ham doimo birga bo`lganlar. Bu ikki tilda so`zlashuvchi bir xalqdir.

Shavkat Mirziyoev Imomali Rahmon bilan uchrashuvda qayd etganidek, "O`zbekiston va Tojikiston xalqlarini birodarlikning o`ziga xos rishtalari bog`lab turadi. Asrlar mobaynida yonma-yon yashab, ular tarixiy ma`naviy ildizlar, madaniyatlar, an`analar, odatlarning uyg`unligi bilan bog`langan. Ularni bir-biridan ayri holda tasavvur qilishning o`zi ko`ngilni xira qiladi". Bu so`zlarda ikki birodar xalqlarning orzu-istaklari mujassam.

Buyuk mutafakkir shoirlar Navoiy va Jomiy, Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy, G`afur G`ulom va Mirzo Tursunzoda, Abdulla Oripov va Loyiq Sherali o`zbeklaru tojiklarning samimiy va sof do`stligini tarannum etganlar.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga haykal o`rnatilishi Tojikistonda ham, O`zbekistonda ham katta xursandchilik bilan kutib olindi. Dushanbeda Alisher Navoiy nomidagi xiyobon ochilib, u erda ham xuddi shunday yodgorlik o`rnatilishi rejalashtirilyapti. Sergeli tumanida barpo etilayotgan Toshkent metropoliteni stansiyasiga atoqli shoir, Tojikiston Qahramoni Mirzo Tursunzodaning nomi berilishi ko`zda tutilmoqda.

Ko`zga ko`ringan madaniyat va san`at arboblari hamisha xalqlarning madaniy-ijodiy boyishiga xizmat qilgan. Ikki madaniyat bir-biriga shu qadar bog`lanib ketganki, biror o`zbek to`yi tojikcha qo`shiqsiz, tojik to`yi esa o`zbekcha yallasiz o`tmaydi.

Ikki mamlakat madaniyat va san`at namoyandalarining o`zaro tashriflari faollashganini ham mamnuniyat bilan qayd etishni istardik. Bu gastrollar, ijodiy uchrashuvlar uzoq kutilgandi. Shu yil avgust oyida Tojikistondan kelgan do`stlik delegasiyasi Toshkent va Samarqandda bo`ldi. O`zbek ijodiy guruhlari Tojikistonning Tog`li-Badaxshon avtonom oblastida o`tkaziladigan “Dunyoning ustuni” etnofestivalida ilk bor qatnashdilar.

O`zbekistonda butun respublika bo`ylab 10 ta tojik milliy madaniy markazini o`zida birlashtirgan Respublika tojik milliy madaniy markazi muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritmoqda. Ta`lim tojik tilida olib boriladigan 245 ta maktab (ulardan 55 tasida darslar to`laligicha tojikcha tashkil qilingan) ishlayapti. Samarqand, Termiz va Farg`ona universitetlarida darslar tojik tilida o`tiladigan guruhlar mavjud. To`rtta davriy matbuot nashri, beshta teledastur va 30 radiodastur tojik tilida taqdim qilinadi. O`z navbatida, O`zbekiston ham tojik hukumatining etnik o`zbek Tojikiston fuqarolariga teng sharoitlar yaratish, milliy madaniyat va uning o`ziga xosligini saqlash va rivojlantirish bo`yicha harakatlarini qadrlaydi.

Madaniy-gumanitar aloqalar sport va ta`lim yo`nalishlarini ham qamrab olgan. Xususan, shu yil aprelda O`zbekiston va Tojikiston olimpiya qo`mitalarining hamkorligi to`g`risida Bitim imzolandi. Samarqand davlat universitetining akademik M. Osimiy nomidagi Tojikiston texnika universiteti bilan hamkorligini rivojlantirish bo`yicha kelishuvga erishildi.

O`zbek-tojik munosabatlaridagi tub o`zgarishlar nuqtai nazaridan qarab, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bo`lib o`tishi kutilayotgan O`zbekiston va Tojikiston prezidentlarining uchrashuvi davlatlararo aloqalarni yangi strategik darajaga olib chiqadi va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1