1

Emomali Rahmon 17 avgust kuni O`zbekistonga keladi

Siyosat 15.08.2018, 14:19
Emomali Rahmon 17 avgust kuni O`zbekistonga keladi

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon davlat tashrifi bilan Toshkentga 17 avgust kuni tongda keladi, deb xabar qildi Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov.

"Mustaqillik monumentiga gul qo`yish marosimidan so`ng Ko`ksaroyda davlat rahbarlarining muzokaralari boshlanadi. Muzokaralar avval tor, keyin keng doirada o`tkaziladi", - deyilgan xabarda.

Muloqot chog`ida ikki mamlakat o`rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunlari bo`yicha O`zbekiston-Tojikiston hamkorligini yangi bosqichga ko`tarishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Kunning ikkinchi yarmida "O`zekspomarkaz"da Tojikiston mahsulotlari ko`rgazmasi bo`ladi. Emomali Rahmon poytaxtimizdagi "Artel" zavodiga ham tashrif buyurishi ko`zda tutilgan.

Shu kuni O`zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining ikki mamlakat san`at ustalari ishtirokida o`tkaziladigan konsertda qatnashishi rejalashtirilgan.

Tojikiston Prezidenti 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlar o`tkazadi. Emomali Rahmon shu kuni Samarqandga tashrif buyurib, diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qiladi.

Tashrif davomida dasturga o`zgarishlar kiritilishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1