1

Prezidentlar tor doirada uchrashuv o`tkazdi

Siyosat 24.08.2018, 12:19
Prezidentlar tor doirada uchrashuv o`tkazdi

Turkmanboshi shahridagi “Avaza” sayyohlik zonasida Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi ta`sischi davlatlari rahbarlari majlisi boshlandi, deb xabar berildi davlat rahbarining veb-saytida.

Avval tor doirada uchrashuv bo`ldi. Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev, Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov ishtirok etdi.

Majlisda Orol muammosi, hududdagi ekologik holatni yaxshilash bo`yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Keyingi yillarda mamlakatimiz Orolbo`yi hududida qator keng miqyosli loyihalarni amalga oshirdi. Orol dengizi qurigan 350 ming gektar maydonga saksovul va sho`rga chidamli o`simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektarga etdi.

Orol halokati oqibatlarini yumshatish va Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish bo`yicha 2013-2017 yillarga mo`ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan ko`pi milliy loyihalardir.

Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 18 yanvardagi qaroriga muvofiq 2017-2021 yillarda Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish jamg`armasi tuzildi va unga 200 milliard so`mdan ortiq mablag` yo`naltirildi.

Bu mablag`lar hisobidan aniq amaliy ishlar qilinmoqda. Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv ta`minoti, turmush sharoiti yaxshilanmoqda.

Uchrashuvda Orol muammosi oqibatlarini yushatish, suvni tejash va hududdagi ekologik holatni yaxshilash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining bu boradagi sa`y-harakatlarini birlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1