1

Shavkat Mirziyoev nufuzli jurnal muqovasida

Siyosat 28.08.2018, 10:37
Shavkat Mirziyoev nufuzli jurnal muqovasida

“BRICS Business Magazine” jurnalining ingliz tilida chop etiladigan nashri muqovasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning fotosurati bilan “Bosh islohotchi” sarlavhali maqola e`lon qilindi, deb xabar bermoqda "Xalq so`zi" nashri.

Global investorlar, ishbilarmonlar, siyosatchilar va ekspert jamoatchiligiga mo`ljallangan jurnalda, shuningdek, rus tilida “Karvon bormoqda” nomli tahririyat maqolasi bosildi. Ushbu material Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan mamlakatni keng modernizasiya yo`liga olib chiqish maqsadida e`lon qilingan islohotlariga bag`ishlanadi.

Xususan, maqolaning islohotlarning hozirgi holatiga tegishli qismida Shavkat Mirziyoev prezidentligining boshidan hukumat kun tartibiga liberal islohotlarni qaytargani, binobarin, ilgari surilgan o`zgarishlar O`zbekiston hayotining barcha sohalariga daxldor bo`lishi ta`kidlangan. Ular ijtimoiy hayot, hokimiyat tuzilmasi va mamlakat iqtisodiyotini yanada moslashuvchan, zamonaviy va samarali qilgan holda yangilashi kerak. Islohotlar Qurolli Kuchlar, shuningdek, huquq-tartibot tuzilmalari faoliyatiga ham taalluqli bo`ldi.

O`tgan yil sentyabr oyidan valyuta tartibini liberallashtirish boshlandi. Jumladan, valyutani erkin konvertasiya qilishga ruxsat berildi: aholi birinchi marta mahalliy banklardan dollar sotib olish va sotish imkoniyatiga ega bo`ldi.

Hokimiyat davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar qabul qilmoqchi. Chunonchi, yanvar oyida elektron hukumatni rivojlantirishning uch yillik strategiyasi ishlab chiqilishi e`lon qilindi, 1 sentyabrgacha esa kriptovalyuta aylanmasi uchun huquqiy baza tayyor bo`lishi ko`zda tutilgan. Prezident Shavkat Mirziyoevning shu bo`yicha tegishli qarori fevral oyida imzolangan edi.

Nihoyat, iqtisodiyotda davlat kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirish, qolaversa, mamlakatda biznes yuritish sharoitini yaxshilashga yo`naltirilgan islohotlarning keng turkumi hayotga tatbiq etildi. Avtomobilsozlik kompleksini isloh qilish alohida nazarda tutilyapti. Maqsad — ishlab chiqarish hajmi va mahalliylashtirish darajasini yuksaltirishdir.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, deb yoziladi jurnalda, Shavkat Mirziyoev iqtisodiyotni jonlantirish uchun O`zbekiston siyosatining o`tmishdagi uchta asosiy tamoyili (davlatning dunyoviy xarakteri va ko`p tomonlama bloklarda ishtirok etmaslik bilan birgalikda)dan biri — faqat o`z xususiy resurslariga tayanish tamoyilidan deyarli voz kechdi. Prezident topshirig`i bilan sarmoyadorlar huquq va manfaatlari ishonchli himoyasini ta`minlashga qaratilgan yangi investisiyaviy qonunchilikni ishlab chiqish boshlandi. Yaqin kunlar ichida mamlakatda Investisiyaviy kodeks paydo bo`lishi lozim. 2017 yil mart oyida O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasini tashkil etish bo`yicha Farmon imzolandi.

Maqolada qayd etilishicha, olib borilayotgan ishlar samaralari allaqachon ko`zga tashlanmoqda. Jumladan, O`zbekistonga xorij investisiyasi oqimining uzoq yillik pasayish tendensiyasiga barham berishning uddasidan chiqildi. Vaholanki, 2016 yilgacha oxirgi besh yilda ular qariyb yarmiga, 3,3 milliard dollardan 1,9 milliard dollargacha qisqarib ketgandi. Mazkur ma`lumotlar o`tgan yil noyabr oyida Toshkentda investision iqlimni takomillashtirish masalalari bo`yicha o`tkazilgan xalqaro davra suhbatida aytib o`tilgandi. “2017 yilgacha O`zbekistonni ichki resurslariga kuchli bog`lanib qolishi natijasida investisiya masalalarida konservativ yo`lga tushib qolgan mamlakat sifatida ta`riflash mumkin edi. Bu bizning amaliyot eskirishiga olib keldi. Bundan tashqari, davlat o`zaro ma`lumot almashish mexanizmining yo`qligi sababli sarmoyadorlar muammolaridan etarli darajada xabardor emasdi”, deya O`zbekiston Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi rahbariyati fikri keltirib o`tiladi. O`shandan buyon manzara o`zgardi. Bularning barchasi hanuzgacha nisbatan past samarador qishloq xo`jaligi sezilarli ulushni egallab kelayotgan o`zbek iqtisodiyotini tuzilmaviy qayta qurishda yordam berishi kerak. “Shubhasiz, O`zbekistonga juda kuchli modernizasiya zarur, chunki O`zbekiston — birinchi navbatda agrosanoat ishlab chiqarish demakdir. Lekin mamlakat ravnaq topishi uchun unga yuqori mahsuldor ishlab chiqarishlar darkor. Shunchaki meva-sabzavotlar emas, tayyor mahsulotni qayta ishlovchi va etkazib beruvchi korxonalar”, deydi RFAning Markaziy Osiyo, Kavkaz va Ural-Volga bo`yini o`rganish markazi ilmiy xodimi Igor Savin.

Hukumat rejasi bo`yicha islohotlar aynan mana shunday samaraga, ya`ni, O`zbekiston iqtisodiyotida xizmatlar va zamonaviy ishlab chiqarish hissasi ortishi lozim. Bu nafaqat o`sishga turtki beradi, balki yangi ish o`rinlari yaratilishiga olib keladi.

O`zbekistonda liberal islohotlar endi tez sur`at olmoqda. Ekspertlar bu borada yakdil: hokimiyat “shok terapiyasi”ga o`xshash holatlarga yo`l qo`ymaydi, aksincha, aholi uchun ommabop bo`lmagan chora-tadbirlar asoratlarini yumshatgan holda bu yo`ldan ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi. Masalan, bu o`tgan yil sentyabr oyida so`m devalvasiyasi hodisasida kuzatildi. Milliy valyuta kursi tashqi kon`yunktura bosimi ostida bir kunda qariyb ikki barobar, 1 dollar uchun 4210 so`mdan 8100 so`mgacha pasaytirilgan edi. Boz ustiga, hukumat o`shanda aholining eng kam ta`minlangan qatlamiga tushadigan og`irlikni sezilarli darajada yumshatgan holda asosiy mahsulotlar narxi jiddiy “sakrab” ketishiga yo`l qo`ymaslik uchun barcha chorani ko`rgandi.

Bunday yondashuv islohotlar borishini sekinlashtiradi, biroq ijtimoiy beqarorlikning oldini oladi. E`tirof etilishicha, bunday yondashuv to`la o`zini oqlaydi.

“Bunday sokinlik ko`pincha hukumatga nisbatan tanqid uyg`otadi. Ko`plab, ayniqsa, tashqi kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoevdan iqtisodiyot va hatto siyosiy tizimni qayta qurish bo`yicha qandaydir keskin qadamlarni kutgandi hamda kutishda davom etyapti. Lekin bu O`zbekiston an`anasiga mutlaqo to`g`ri kelmaydi. Bunday ko`rinishdagi tezkorlik o`zbekona uslub emas”, deydi MDH mamlakatlari instituti O`rta Osiyo va Qozog`iston bo`limi mudiri Andrey Grozin.

Nima bo`lgan taqdirda ham, deya xulosa qiladi nashr, bir narsa aniq: O`zbekiston karvon kabi allaqachon yo`lda, balki uncha tez emasdir, lekin belgilangan manzil sari mashaqqatlar va yonida kelayotgan shovqin-suronga qaramay ishonch bilan bormoqda.

Bizning ma`lumot: “BRICS Business Magazine” — ishbilarmonlik va gumanitar nashr. BRIKS sammitidan tortib, Peterburg xalqaro iqtisodiy forumigacha bo`lgan yirik iqtisodiy voqealarga to`g`ri kelgan paytda yilda to`rt marta chiqadi. Uning ta`sischilari fikricha, “asta-sekin o`qishga mo`ljallangan jurnal”. Iqtisodchilar, siyosatchilar, siyosiy arboblar, global investorlar va ekspertlar mazkur nashr auditoriyasi hisoblanadi. Jurnal ingliz va rus tillarida chop etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1