1

Abdulaziz Komilov Afg`oniston rahbariyati bilan muzokaralar o`tkazdi

Siyosat 28.08.2018, 10:43
Abdulaziz Komilov Afg`oniston rahbariyati bilan muzokaralar o`tkazdi

2018 yilning 27 avgust kuni Kobul shahriga amaliy tashrif bilan borgan O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegasiya Afg`oniston prezidenti Muhammad Ashraf G`ani tomonidan qabul qilindi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazir O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev nomidan Afg`oniston rahbariyatini dunyo musulmonlarining muhim bayrami — Qurbon hayiti munosabati bilan yana bir bor samimiy tabrikladi hamda butun birodar afg`on xalqiga tinchlik va farovonlik tilaklarini etkazib qo`ydi.

Bo`lib o`tgan suhbat chog`ida 2018 yil 27 mart kuni Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklarasiyasining asosiy qoidalari amalga oshirilishining borishi e`tibor markazida bo`ldi. Jumladan, Afg`onistonda tinch siyosiy jarayonga ko`maklashish bo`yicha o`zaro kelishilgan choralar muhokama qilindi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, avvalo oliy darajadagi muntazam O`zbekiston—Afg`oniston muzokaralari doirasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ham ko`rib chiqildi. Xususan, tomonlarning temir yo`l va energetika sohalari bo`yicha mutaxassislari «Mozori-Sharif—Hirot» temir yo`l liniyasi hamda «Surxon—Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bilan bog`liq ba`zi muhim masalalarni muhokama qildi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining boshqa mavzularini ham ko`rib chiqdi.

Shu kunning o`zida O`zbekiston delegasiyasi Kobul shahrida Afg`oniston prezidentining milliy xavfsizlik bo`yicha maslahatchisi Hamdulla Muhib, Ijroiya hokimiyati rahbari Abdulla Abdulla va tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Nosir Andisha bilan muzokaralar o`tkazdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1