1

O`zbekiston metallurgiya kombinatida yirik ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi

Siyosat 29.08.2018, 11:55
O`zbekiston metallurgiya kombinatida yirik ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 29 avgust kuni Bekobod shahriga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari o`tgan yili 18 avgust kuni «O`zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatiga kelib, uning ishlab chiqarish quvvati va moliyaviy-iqtisodiy holatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlarini belgilab bergan edi. Bugun ular bosqichma-bosqich amalga oshirilib, kutilgan natijalarni bermoqda.

2018 yil 29 avgust kuni kombinatdagi ko`plab investisiya loyihalaridan biri - ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexini ishga tushirish marosimi bo`ldi. Tadbirda korxona ishchilari, soha mutasaddilari, xorijlik investorlar ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev loyiha qiymati 60 million dollar bo`lgan, zamonaviy, energiya tejovchi va ilg`or texnologiyalar bilan jihozlangan yangi ferroqotishmalar sexini tantanali ravishda ishga tushirdi.

Ushbu yangi sex Janubiy Koreyaning “Posco Daewoo” kompaniyasi ishtirokida qurilgan bo`lib, jami 25 ming tonna ferrosilisiy va ferrosilikomarganes qotishmalari ishlab chiqaradi. Bu metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabini to`liq qondirish bilan birga, yiliga o`rtacha 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish va 12 million dollar miqdoridagi valyuta tushumini ta`minlash, importni qisqartirish imkoniyatini yaratadi.

Ushbu yangi sexga o`quv yurtlarini bitirayotgan va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o`zlashtirgan 330 nafar yigit-qiz ishga qabul qilinadi.

Shavkat Mirziyoev yangi sexning texnologik jarayonini ko`zdan kechirdi. Janubiy koreyalik hamkorlar bilan suhbatlashdi. «O`zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining investisiya dasturiga oid taqdimotlar bilan tanishdi.

Kombinat rahbariyati va mutasaddilarga yangi investisiya loyihalarini bajarish hisobiga bunday korxonalarni ko`paytirish, qo`shimcha ish o`rinlari yaratib, aholi bandligi darajasini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1