1

Shavkat Mirziyoev quyish-prokatlash kompleksi qurilishini boshlab berdi

Siyosat 29.08.2018, 12:21
Shavkat Mirziyoev quyish-prokatlash kompleksi qurilishini boshlab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati jamoasi bilan uchrashdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari ularni Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu kombinat mamlakatimiz sanoatida muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.

Bekobod shahri aholisining kundalik hayoti, turmush tarzi, sifati hamda taqdiri ushbu kombinat bilan chambarchas bog`liq. Chunki Bekobod shahrining 25 foiz mehnatga layoqatli aholisi mazkur kombinatda ishlaydi, shahar sanoatida kombinatning ulushi 80 foizni tashkil etadi.

Shu bois Prezidentimiz bu kombinatni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratdi. Qisqa davrda uning iqtisodiy holati barqarorlashdi.

O`tgan bir yil ichida O`zbekiston metallurgiya kombinati o`z xarajatlaridan ortib, Bekobod shahrida uy-joy, madaniy-maishiy va sport ob`ektlarini bunyod etish uchun 77 milliard so`m mablag` yo`naltirgani buning dalilidir.

Joriy yilning 9 oyida kombinatda metall-prokat ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobarga, foyda esa qariyb 3 barobarga ortishi kutilmoqda. 2017 yilning xuddi shu davrida ishlab chiqarish ko`rsatkichlari 1 foizga ham o`smagan edi.

Kombinatni 2018-2020 yillarda zamonaviy innovasion texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish bo`yicha qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 3 yil ichida metallprokat ishlab chiqarish 2,3 barobar, po`lat sharlar ishlab chiqarish 1,5 barobar, eksport 1,9 barobarga o`sishi ko`zda tutilmoqda.

«Bunday raqamlar, barcha-barcha rejalarimizni bir gap bilan izohlasak, maqsad - odamlarni rozi qilish. Buning uchun iqtisodiyotimizni barqaror qilishimiz, qo`shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishimiz kerak. Etti marta o`lchab bir marta kesishimiz kerak. Adolatli tizim qilib, hisob-kitobni joyiga qo`ysak, iqtisodiyot o`zi ishlaydi, rivojlanish, natija bo`ladi, odamlarning o`yiga daromad kiradi» dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimiz quyish-prokatlash majmuasini qurish loyihasini amalga oshirishni boshlash uchun tamal toshi qo`ydi.

Mazkur loyiha doirasida kombinatning o`z mablag`lari hisobidan 91 million dollar, Rossiyaning “Gazprombank” va Shvesariyaning “Kredit Sviss” banklari kreditlari hisobidan 361 million dollar, jami 452 million dollar mablag` o`zlashtiriladi.

Loyiha 2020 yilda to`liq ishga tushirilib, yiliga 1 million tonna qo`shimcha po`lat list mahsulotini ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi, 400 dan ziyod yangi ish o`rinlari tashkil etiladi. Natijada kombinatda 2021 yilda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yiliga 2,1 million tonnaga etkazish rejalashtirilgan.

Respublikamizga prokatlangan listlar importining kamayishi hisobiga yiliga 350 million dollar valyuta mablag`lari iqtisod qilinadi.

Shuningdek, yangi qurilayotgan Toshkent metallurgiya zavodining asosiy xomashyosi bo`lgan issiq xolatda prokatlangan listlarga bo`lgan 500 ming tonna yillik ehtiyoj to`liq qoplanadi. Quyuv-prokat majmuasining qurilishi Italiyaning “Danieli” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1