O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Alisher Usmonovni «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlash to`g`risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
«O`zbekiston va Rossiya o`rtasida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma`rifiy aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimizda yirik investision loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo`shgan katta hissasi, xalqimizning milliy qadriyati va boy tarixiy yodgorliklarini qayta tiklash va asrab-avaylash maqsadida O`zbekistonda diniy-madaniy ahamiyatga ega bo`lgan ob`ektlarni barpo etish borasidagi faol ishtiroki, Vataniga yoshlar uchun o`rnak bo`ladigan darajadagi samimiy muhabbati hamda respublikamizda turizm salohiyatini va sport sohasini rivojlantirishdagi hamkorligi uchun taniqli hamyurtimiz, Rossiyaning USM Holding aksiyadorlik jamiyati ta`sischisi va rahbari Usmanov Alisher Burxanovich «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlansin».
Eslatib o`tamiz, Alisher Usmonov Toshkentning «Paxtakor» klubini rivojlanitirish hamda klub stadionini qaytadan qurish uchun 100 mln.dollardan ortiq beg`araz investisiya kiritmoqda.
Shuningdek, Alisher Usmanov beg`araz mablag`larini iqtisodiyotimizning turli sohalariga kiritib kelgan. Xususan, Olmaliq tog` metallurgiya kombinati, Toshkent metall zavodi, Bekobod zavodlariga o`z sarmoyalarini kiritib, chet eldan mutaxassislar jalb qilgan. Toshkent shahridagi Islom madaniyati markazi hamda Samarqanddagi Imom al-Buxoriy xalqaro markazlari qurilishiga katta miqdorda sarmoya kiritgan.






