1

Shavkat Mirziyoev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida nutq so`zladi

Siyosat 03.09.2018, 14:00
Shavkat Mirziyoev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida nutq so`zladi

Qirg`izistonning Cho`lpon ota shahrida 3 sentyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammiti bo`lib o`tdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

Unda ushbu tuzilmaga a`zo mamlakatlar – Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an, Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Vengriya Respublikasi Bosh vaziri Viktor Orban anjumanda faxriy mehmon sifatida qatnashdi.

Davlatimiz rahbari sammitda so`zlagan nutqida xalqlarimizni o`xshash til, mushtarak ma`naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog`lab kelayotgani, bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini qayd etdi.

“Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o`zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to`la javob beradigan iqtisodiyot, investisiya, innovasiya, transport va kommunikasiya, turizm, ilm-fan va ta`lim kabi sohalarda o`zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimizning siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat o`zgardi, mintaqa davlatlari o`rtasida do`stona aloqalar mustahkamlandi.

Davlatimiz rahbarining Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkiya, Ozarbayjon Prezidentlari bilan uchrashuv va muloqotlari samarasida turli sohalardagi hamkorlik yanada rivojlandi. Mamlakatimizning Turkiy kengashga a`zo davlatlar bilan o`zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshgan.

O`zbekiston Prezidenti bu ko`rsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkinligini ta`kidlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yo`nalishlarga to`xtalib o`tdi.

Avvalo, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish, etakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o`rtasida kooperasiya aloqalarini kuchaytirish zarurligini ta`kidladi.

Transport yo`nalishlarining integrasiyalashgan tarmog`ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasiga e`tibor qaratildi. Mamlakatlarni innovasion asosda rivojlantirish, bu sohaga mas`ul bo`lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o`rtasida hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta`kidlandi.

Turizmni rivojlantirish bo`yicha ulkan imkoniyatlar borligi, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi qayd etildi. Shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash, yosh avlodni ilm-ma`rifat asosida tarbiyalash masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a`zo mamlakatlar, avvalo, qo`shni davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani, ushbu xalqaro tuzilmaning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarashini ta`kidladi.

“Turkiy kengash doirasida o`zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uyg`otadigan yo`nalishlar bo`yicha ishtirok etishga tayyormiz”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Qirg`iziston Respublikasiga o`tgani munosabati bilan Prezident Sooronbay Jeenbekovni tabrikladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1