1

Keng doiradagi muzokaralarda o`zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi

Siyosat 05.09.2018, 13:41
Keng doiradagi muzokaralarda o`zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi

O`zbekiston va Misr Prezidentlarining keng doiradagi muzokaralarida savdo-sotiq va investisiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, shu maqsadda mamlakatlarimiz imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish masalalari muhokama markazida bo`ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ikki mamlakat o`rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo`yicha katta imkoniyat va zahiralar borligini ta`kidladi. O`zaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar va xizmatlar eksportini kengaytirish bo`yicha istiqbolli yo`nalishlarni ko`rsatib o`tdi.

O`zbekiston Misr bozorida talab yuqori bo`lgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, engil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo`jaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilishga tayyorligini bildirdi.

Misr O`zbekistonga dori-darmon, tibbiyot jihozlari, mebellar, neft-kimyo mahsulotlari, marmar, teri va plastik mahsulotlari etkazib berish hamda xizmat ko`rsatish imkoniyatlarini taklif qildi.

Bu boradagi loyihalar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiya ishini faollashtirish, O`zbekiston – Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga kelishib olindi. Eksport qilishda transport xarajatlarini kamaytirish choralarini ko`rish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Misr turizm sohasida katta salohiyat va tajribaga ega mamlakat. Bugungi kunda O`zbekistonda ham ushbu tarmoq jadal rivojlanmoqda. Muzokaralarda bu sohadagi aloqalarni kengaytirish, O`zbekistondagi qadimiy shaharlar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun Misrdan keladigan sayyohlarni ko`paytirish mumkinligi qayd etildi. Toshkent, Qohira va Xurgada o`rtasida aviaqatnovlarni yo`lga qo`yish masalasi muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik bo`yicha ham ijobiy natijalarga erishildi. Misrning Al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan O`zbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi va Islom sivilizasiyasi markazi o`rtasida faol hamkorlik o`rnatishga kelishib olindi.

Muzokaralarda, shuningdek, qishloq xo`jalagi, ta`lim, madaniyat, sport va boshqa sohadardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1