1

Shavkat Mirziyoev: Kelgusi yil rejalarini hozirdanoq belgilab olishimiz kerak

Siyosat 12.09.2018, 19:03
Shavkat Mirziyoev: Kelgusi yil rejalarini hozirdanoq belgilab olishimiz kerak

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 sentyabr kuni davlat byudjetiga tushumlarni ko`paytirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni to`liq bajarish, 9 oy va yil yakuni bo`yicha belgilangan makroiqtisodiy ko`rsatkichlarga erishish, paxta-to`qimachilik sohasida klasterlarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

"Bugungi yig`ilishimizda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha belgilangan ustuvor vazifa va maqsadli parametrlarni bajarish holatini muhokama qilib, yana qo`shimcha rezervlarni ishga solish choralarini ko`rishimiz, yil yakunigacha 3,5 oy vaqt bo`lsa-da, kelgusi yil rejalarini hozirdanoq belgilab olishimiz kerak", - dedi Shavkat Mirziyoev.

Chunki iqtisodiy o`sish – bu birinchi navbatda yangi korxonalarni qurish va kengaytirish, yo`l-transport, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o`rinlari yaratish, inflyasiya va narxlarni jilovlash xamda odamlarni ish bilan ta`minlash deganidir.

Biz bu borada oxirgi 2 yil mobaynida juda ulkan islohotlarni, ko`plab yirik investisiya loyihalarini amalga oshirdik va davom ettirmoqdamiz.

Ushbu ustuvor vazifalarni va fuqarolarimiz hayotini yanada yaxshilash yuzasidan zimmamizga olgan majburiyatlarni muvaffaqiyatli bajarishimiz uchun respublika va mahalliy byudjetlarga qo`shimcha daromadni ko`paytirishimiz zarur.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish uchun qabul qilingan investisiya dasturlarini izchil amalga oshirishimiz kerak.

Iqtisodiyotni modernizasiya qilish va barqaror rivojlantirish uchun etarli valyuta tushumini ta`minlash, buning uchun mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirib, ularni eksportga jo`natishni ko`paytirishimiz darkor. Qishloq xo`jaligi sohasida zamonaviy bozor munosabatlarini keng joriy etish maqsadida paxta-to`qimachilik klasterlarini rivojlantirishga alohida e`tibor berishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Yig`ilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.

Prezidentimizning joriy yil boshida bergan topshirig`iga muvofiq, byudjetga qo`shimcha daromad tushirish bo`yicha rezervlar izlab topilib, ularni safarbar qilish choralari ko`rilgan edi. Buning natijasida 8 oyda davlat byudjetiga o`tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz ko`p daromad tushirildi. Jumladan, mahalliy byudjetlarga tushumlarning o`sishi 22 foizni tashkil etdi.

Shavkat Mirziyoev qo`shimcha daromadlarni yanada oshirish imkoniyatlari borligini ta`kidlab, mutasaddilarga bu borada aniq manbalar va chora-tadbirlarni belgilash bo`yicha topshiriqlar berdi.

Mahalliy hokimliklar ixtiyorida qolayotgan qo`shimcha daromadlarni samarali va maqsadli sarflash masalasiga ham e`tibor qaratildi.

Yig`ilishda joriy yilning 9 oyi va yakuni bo`yicha belgilangan makroiqtisodiy ko`rsatkichlarga erishish, narx-navo o`sishining oldini olish, investisiyalarni o`zlashtirish, eksportni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Davlatimiz rahbari maqsadli va prognoz parametrlariga erishishda muammo mavjud bo`lgan soha va tarmoqlarda ishlarni jadallashtirish, belgilangan ko`rsatkichlarni ta`minlash zarurligini ta`kidladi.

Joriy yilda ishga tushirilishi mo`ljallangan ob`ektlarni foydalanishga topshirish va investisiya loyihalarini amalga oshirish holati tahlil qilindi.

Har bir investisiya loyihasini ko`rib chiqib, qoloqlik mavjud bo`lganlarini jadallashtirish, bunga to`siq bo`layotgan muammolarni hal qilish, ishlab chiqarishni tezroq boshlash muhimligi ta`kidlandi. Shuningdek, 2019 yilgi investisiya dasturi loyihasini shakllantirishni yakunlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Yig`ilishda eksport masalasiga ham to`xtalib o`tildi. 9 oy yakuni bilan eksport hajmi 2017 yilning mos davriga nisbatan 19 foiz oshishi kutilayotgani qayd etildi.

Prezident har bir eksportchi korxona va eksport qilinadigan mahsulot turi bo`yicha ko`mak berish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishni ta`minlash lozimligini ta`kidladi.

Takroriy maydonlardan kutilayotgan 607 ming tonna eksportbop mahsulotlar, shuningdek, sentyabr-oktyabr oylarida issiqxonalarda etishtiriladigan sabzavot ekinlarini eksport qilish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Bozorlarda narxlar oshishiga yo`l qo`maslik, 501 ming tonnadan ortiq qishloq xo`jaligi mahsulotlarini zaxira qilish va ularni qish-bahor oylarida xalq talabiga mutanosib ravishda ichki bozorlarga chiqarish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Yig`ilishda paxta-to`qimachilik klasterlari faoliyatini kengaytirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Joriy yilda 20 ta tumanda 164 ming gektar maydonda klaster usulida paxta etishtirish yo`lga qo`yilib, bu tajriba dastlabki natijalarini bera boshladi.

O`zini oqlayotgan bu tizimni yanada kengaytirish maqsadida kelib tushgan takliflar ko`rib chiqilib, ishlab chiqarish quvvatlari va moliyaviy imkoniyati mavjud bo`lgan 44 ta tashabbuskor tanlab olindi. 2019 yilda 61 ta klaster tomonidan jami paxta maydonlarining 51 foizida paxta etishtirish rejalashtirilmoqda.

Kelgusida paxta etishtiruvchi 133 ta tumandan 70 tasi to`liq klaster tizimiga o`tadi. Yangi tashkil etilayotgan klasterlar tomonidan 41 ta korxona tashkil etilib, 23 mingga yaqin ish o`rni yaratiladi.

Yangi quvvatlarni tashkil etish va klasterlar faoliyatini yo`lga qo`yish natijasida, 2019 yilda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasining 78 foizi o`zimizda qayta ishlanadi. Bu 2017 yilga nisbatan 2 marotaba ko`p degani. 2020 yilga borib, paxta tolasini to`liq qayta ishlashga o`tiladi. Tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushi 40 foizdan kamida 60 foizga etkaziladi.

“Shuning uchun klasterlar faoliyatiga har tomonlama yordam berishimiz zarur. Paxtachilikda qishloq xo`jaligining kelajagi, uning iqtisodiy samaradorligi klasterlar bilan bog`liq. Klasterlar agrar sohani jadal rivojlantirishning “lokomotivi” bo`lishi kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Joriy yilda paxta-to`qimachilik klasterlariga berilgan barcha imtiyozlarni keyingi yillarda tashkil etiladigan klasterlarga ham tatbiq etish, klasterlar faoliyatini yanada kengaytirish zarurligi ta`kidlandi.

2019-2023 yillarda qishloq xo`jaligida tomchilatib sug`orish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish dasturini ishlab chiqish, sohaga xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1